Breaking News

AQSh Rossiyaning olti agentini global kiber xurujlarda ayblamoqda


AQSh Rossiyaning olti razvedkachisini global miqyosdagi kiber xurujlarda ayblamoqa. Bu zobitlar 2017-yilda Fransiyadagi prezident saylovlari, 2018-yilda Janubiy Koreyadagi qishki Olimpiya o'yinlari va boshqa tadbirlarda kompyuter tizimlariga tahdid solgan, deyiladi ayblovda. Rossiya hukumati va Dumaga ko'ra, bu - Vashingtondan federatsiyaga nisbatan yana bir uydirma.

Adliya vazirligining Davlat xavfsizligi bo'limi rahbari Jon Demers bayon qilishicha, bu guruh olib borgan kiber kampaniya bu yo'nalishdagi "eng buzg'unchi va keng ko'lamli amaliyot" bo'lgan.

“Biror davlat kiber imkoniyatlardan Rossiya kabi yovuz maqsadlarda va mas'uliyatsiz ravishda qo'llanmagan. Kichik taktik usullar bilan ular misli ko'rilmagan darajada zarar yetkazishga harakat qilishgan", - deydi Demers.

Ayblanayotganlarning barchasi Rossiya harbiy razvedkachilari, deydi AQSh rasmiylari. Hujjatlarga ko'ra, ularning maqsadi Rossiya g'anim sanagan tomonlarga iloji boricha ziyon keltirish, tizimlarni beqarorlashtirish va ularga nisbatan ishonchni pasaytirish bo'lgan.

Kim va nima nishonda olingan?

Ukraina hukumati va muhim infrastrukturasi; Gruziya kompaniyalari va hukumat davlat organlari; Fransiyadagi ovoz berish tizimi; Britaniyada sobiq josus Sergey Skripal bilan bog'liq tergov jarayoni va Janubiy Koreyadagi Olimpiya o'yinlari.

Amerika hukumati, shuningdek, Rossiya xakerlarini Pensilvaniya shtatidagi yirik kasalxonalar va tibbiy tizimlar hamda FedEx filiali va farmatsevtika zavodiga hujum qilganlikda ham ayblamoqda.

Olti ayblanuvchilarning ism-sharii ham e'lon qilindi: Yuriy Sergeyevich Andrienko, Sergey Vladimirovich Detistov, Pavel Valeryevich Frolov, Anatoliy Sergeyevich Kovalev, Artem Valeryevich Ochichenko va Petr Nikolayevich Pliskin.

Ular davlat xavfsizligi tahdid solganlikda, xakerlikda, o'g'irlik, soxtakorlik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.

Rossiya hukumati va qonunchilari Vashingtondan qilingan e'lonni safsata deya baholab, Amerika qo'lida aniq isbot-dalillar yo'q, deya munosabat bildirmoqda.

Adliya vazirligi rasmiylarining aytishicha, Amerikada ayni damda saylov tizimi xavf ostida emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG