Breaking News

Iqtisodiy josuslik sabab AQSh-Xitoy aloqalari eng past darajada


Xitoy konsulligi, Xyuston, Texas shtati

O'tgan oy Texas shtatida Xitoy konsulligi yopilishi ketidan Vashington va Pekin orasidagi aloqalar yanada taranglashib, yaqin o'tmishda eng quyi darajaga tushgani kuzatilmoqda.

"Xyuston shahridagi konsullikni yopdik, chunki u yerni Xitoy josuslik va intellektual mulkni o'g'irlash uchun qo'llayotgan edi", - deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Bosh diplomatning aytishicha, Xitoy Xyustondan turib diplomatlari orqali AQShning 25 dan ortiq shahrida iqtisodiy josuslik ishlarini olib borgan.

Amerika Pekinni azaldan uning sanoati va texnologiyasi bilan bog'liq ma'lumotlarni o'g'irlashda, savdo sirlarini o'marish uchun maxsus operatsiyalar olib borishda ayblab keladi.

“Industrial josuslar haqidagi da'volar, ikki davlat orasidagi doimiy g'azab rishtalarni barbod qilmoqda", - deydi Mara Hvistendal, "The Intercept" nashrining tadqiqotchi, izquvar jurnalisti.

“Shubha-gumonlar pandemiya sabab yanada kuchaydi.”

Xitoy iqtisodiy o'g'ri, deydi Amerika rasmiylari
Xitoy iqtisodiy o'g'ri, deydi Amerika rasmiylari

Hvistendal "The Scientist and the Spy" nomli kitobida Robert Mo ismli xitoylik Amerika makkajo'xorisi bilan bog'liq maxfiy ma'lumotlarni Xitoyga yetkazishda ayblanib, tekshirilgani haqida yozadi.

Tramp ma'muriyati Xitoy kompaniyalarini o'g'ri deya tamg'alar ekan, savdo aloqalariga ham zarar yetmoqda.

Federal Qidiriv Byurosi mutasaddilarga ko'ra, 2010-yilda tuzilgan maxsus bo'lim aynan Pekin qilmishlarini tekshirish bilan mashg'ul. Ayni damda kontrrazvedka bo'yicha kamida 2000 ish olib borilmoqda. Har 10 minutda Xitoy bilan bog'liq yangi bir masala taftish qilina boshlaydi.

Iqtisodiy josuslik yangi tushuncha emas. AQShda unga qarshi 1996-yilda qonun qabul qilinganida e'tibor asosan Isroil va Fransiyada edi.

Xitoy qilmishlari 2000-yillarning o'rtalarida fosh etila boshladi, deydi Hvistendal. Ungacha bu davlat bilan ishlaydigan kompaniyalar muammoni yashirishga uringan, chunki zararidan qo'rqqan, deydi ekspert. Hozirga kelib bizneslar intellektual mulk o'g'rilariga toqat qilmaydi.

Pekin Vashington ayblovini qat'iy qoralab, inkor etadi. Amerika faqat uydirma bilan band, deydi Xitoy rasmiylari.

AQShga ko'ra esa minglab hollarni asoslovchi isbot-dalillar bor.

Pekin ko'chalarida
Pekin ko'chalarida

Rasmiy hisobotlarga ko'ra, AQSh bu muammodan har yili 225-600 milliard dollar zarar ko'radi. 70-90 foiz hollarda Xitoy dastidan, deydi rasmiylar.

Mutaxassislar tahlilicha, xavfsizlik ham tahdid ostida. Pekin uchun AQSh harbiy g'anim va Xitoy nima qilib bo'lsa-da, harbiy jihatdan bu davlat bilan tenglashish harakatida. Kiber-hujumlar va razvedkadan muddao shu, deydi ekspertlar.

O'tgan yillar ichida AQSh Adliya vazirligi qator olimlarni hibsga olib, ularni josuslikda aybladi.

“Innovatsion texnologiya Xitoy iqtisodiyoti uchun nihoyatda muhim", - deydi Erik Jang, bu masalani o'rgangan mutaxassis.

"Xitoy Kommunistik partiyasi o'z nufuzini "innovatsion kuch" sifatida asrashga urinib keladi. Pekin Amerikadan o'g'irlay olmasa, boshqa rivojlangan davlatlarda bu ishni qilishga harakat qiladi", - deydi Jang.

Hvistendal fikricha, Xitoy siyosatiga qarshi turish xitoylarni kamsitishga yetaklamasligi lozim.

"Amerika ilm-fanida xitoyliklarning o'rni katta. Tadqiqotchilar orasida xitoylar ko'p. Xitoyning qora ishlarini fosh etishda bu insonlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim. Ularning xitoylik ekani Xitoyni quvvatlaydi yoki Xitoyga ishlaydi, degani emas".

Amerika - innovatsiya o'chog'i, deydi Hvistendal, chunki bu yerda erkinlik bor. Erkinlikka zarar yetsa, deydi u, Amerika yetakchilikni ham boy bera boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG