Breaking News

Farhod Tolipov: Afg'onistonda tahdid darajasi hamon yuqori


Toshkent va Vashington Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash, bu davlatni Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish jarayonlariga qo'shish borasida bir fikrda, deydi rasmiylar. Kobul, Toshkent va Vashington o'zaro muloqotda.
Toshkent va Vashington Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash, bu davlatni Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish jarayonlariga qo'shish borasida bir fikrda, deydi rasmiylar. Kobul, Toshkent va Vashington o'zaro muloqotda.

Afg’onistonni tark etayotgan AQSh bu mamlakatda barqarorlikni ta'minlashda qo'shnilarga, xususan O’zbekiston yordami va hamkorligiga umid qilib keladi. Vashington va Toshkent bu borada anchadan beri ishlab keladi. Joriy yilda Afg'oniston, O'zbekiston va Amerika uch tomonlama muloqotga kelishib olgan.

O’zbekiston - Markaziy Osiyoda Afg’oniston bo’yicha faol tashabbus ko’rsatayotgan davlat. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining bu yilgi sessiyasidagi ma’ruzasida ham Afg’onistonga alohida to'xtaldi. Mirziyoyev BMT qoshida Afg'oniston bo'yicha alohida qo’mita tashkil etishni taklif qildi.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Kennet Makkenzi yaqinda Toshkentda O'zbekiston rahbari bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda asosan Afg’oniston masalasi, tinchlik jarayonini qo’llab-quvvatlash, shuningdek, harbiy hamkorlik xususida gaplashilgan.

Toshkent nafaqat Afg’oniston markaziy hukumati va Vashington, balki Tolibon bilan ham muloqotda.

AQSh va Markaziy Osiyoning besh davlati ishtirokidagi "C5+1" dialogida ham Afg’oniston asosiy mavzularda biri. Mintaqaviy hamkorlikni Afg’oniston hisobiga kengaytirish masalasi doimiy muhokamada.

Bu tashabbusni Toshkent ham olg'a surib keladi. Prezident Mirziyoyev Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishi butun mintaqa, jumladan O’zbekiston uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochishini ta’kidlaydi.

Toshkent afg’on hukumati va toliblar o’rtasida muloqot boshlanishini olqishlagan. Tinchlik muzokaralarini Samarqandda o’tkazish taklifi ham bot-bot tilga olinadi.

Vaziyatni kuzatib, tahlil qilib kelayotgan ekspertlar afg’on hukumati va toliblar o’rtasidagi sulhdan u qadar umidvor emas. AQSh qo’shinlari soni yil oxiriga borib yanada kamayar ekan, xavotirlar ham ortgan.

Prezident Donald Tramp rejasiga ko'ra, 2021-yilgacha Afg'onistonda 4-5 ming orasida askar qolishi kerak. Prezident saylovlari arafasida Pentagon bu borada hozir lom-mim demayapti.

“AQSh o’z qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarish bo’yicha qarori shartsiz emas, balki shartli ravishda bo’ladi deb Tramp bir necha marotaba ta'kidlagan. Asosiy sharti Afg’onistonda terrorchilik o’choqlari qolmasligi, terrorizm tahdidi yo’q qilinishidan iborat. Bunday holatni tasavvur qilish qiyin”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etishi Tolibon tinchlik muzokaralari boshlash uchun qo'ygan talablardan biri. Vashington bunga ko'ngan va jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Afg'oniston hukumati va Tolibon uchrashuvi, 12-sentabr, 2020
Afg'oniston hukumati va Tolibon uchrashuvi, 12-sentabr, 2020

Tolipov nazarida, Afg’onistondagi bugungi ijtimoiy-siyosiy vaziyat tinchlik muzokarasi uchun tayyor emas, mintaqaning yangi geosiyosiy silkinishlar ichida qolishi ehtimoli ancha baland.

“AQSh qo’shinlari yaqin kelajakda Afg’onistondan butunlay chiqib ketsa, yangi geosiyosiy raqobat hamda terrorizm tahdidi qo’zg’alib ketishi mumkin. Ayni paytda AQSh Afg’onistonda tinchlikni o’rnatish yoki mamlakatni rivojlantirish bilan emas, balki faqat muvozanat va barqarorlikni harbiy kuch orqali saqlab turish bilan mashg’ul. Chunki Afg’oniston xalqi juda zaif va ko’p jihatdan o’zini o’zi boshqara oladigan holatda emas. Demak, ularning Tolibon bilan kelishuvi samarasiz bo’lishi mumkin. O’zbekiston “C5+1” formati doirasida va ikki tomonlama aloqalarda AQSh bilan aynan ana shu ziddiyatli va mavhum bo’lib turgan masalani oydinlashtirishga harakat qilishi kerak”, - deydi ekspert.

O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha tashabbuslariga, bu jarayondagi muhim o’rniga xalqaro matbuotda ham e'tibor oshgan. Maqola va sharhlarda Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishi, mamlakatni tiklash jarayoni mintaqa markazidagi eng yirik jamiyat bo'lmish O’zbekistonga jiddiy mas’uliyat yuklashi, AQSh singari hamkorlar ham Toshkentni quvvatlashi lozimligi ta’kidlanadi.

Tinchlik tomon afg’on hukumati va toliblar o’rtasidagi dastlabki uchrashuv sentabr oyida Qatar poytaxti Doxada o’tgan. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo muloqotni tarixiy voqea deb baholagan.

O’zbekiston nazarida ham bu muzokara uzoq yillik mojarolarga nuqta qo’yish uchun noyob imkoniyatdir.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG