Breaking News

75 million amerikalik ovoz berib bo'ldi


Nyu-Yorkda ovoz berayotganlar
Nyu-Yorkda ovoz berayotganlar

Amerikada oxirgi prezident saylovida, 2016-yilda, 139 millionga yaqin fuqaro ovoz bergan. Bu yilgi saylov pandemiya sabab erta boshlandi va hozirgacha ovoz berganlar 75 milliondan oshmoqda.

Millionlab amerikaliklar pochta orqali ham ovoz bermoqda. Qolganlar uchun saylov uchastkalari ochiq.

2016-yilda AQShda ovoz berish huquqiga ega bo'lganlar 250 milliondan ziyod edi, ammo atigi 55,5 foizi saylovga chiqqan.

1908-yilda Amerikada elektoratning 65 foizi saylovda qatnashib, tarixga kirgan. Shundan beri biror saylovga buncha ko'p amerikalik ishtirok etmagan. Bu safargi foiz undan oshishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.

Nomzodlar mamlakat kezib, jamoatchilikni faollikka undamoqda. Har yerda "Ovoz ber!" degan yozuvlar.

Meksika bilan chegaradosh Arizona shtati har ikki partiya e'tiborida, chunki mustaqil saylovchilar ko'p. 2016-yilda u yerda Donald Tramp yutgan va bu g'alaba uning prezidentlikka saylanishida muhim rol o'ynagan.

1996-yildan beri biror demokrat Arizonada ko'pchilik ovozini olmagan. Ayni damda reytinglarda demokrat Jo Bayden respublikachi raqibidan sal oldinda.

Yana besh shtat saylov natijasini belgilashi kutilmoqda: Pensilvaniya, Florida, Michigan, Shimoliy Karolina va Viskonsin.

Bu orada, koronavirus keng tarqalishda davom etmoqda. Amerika bo'ylab undan o'lganlar soni 226 mingdan oshdi. Yuqtirganlar 9 millionga yaqinlashmoqda. AQSh bu borada global miqyosda oldinda.

Prezident Tramp deydiki, mamlakat pandemiyaning eng qaqshatqich pallasidan o'tib bo'lgan. Vaksina yaqinda chiqadi va Amerika qayta ochilishda davom etadi, deydi prezident.

Bayden deydiki, Tramp koronavirusga qarshi kurashni eplolmadi, uning ta'siriga befarq va qayta saylansa, AQSh jar yoqasi tomon yo'naladi.

Ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, Bayden poygada 7-8 foiz bilan oldinda. Lekin biror partiyaga sodiq bo'lmagan, har safar nomzodning kimligi va takliflariga qarab ovoz beradigan saylovchilar orasida farq salmoqli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG