Breaking News

Osiyo taraqqiyot bankidan O'zbekiston temir yo'llari uchun 121 million dollar kredit


O'zbekistonning sharqiy qismida temir yo'llarini zamonaviylashtirish va shu tariqa iqtisodiy taraqqiyotni quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot banki 121 million dollar qarz bermoqda. Maqsad, deya bildiradi bank, savdo va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish.

2017-yilda bu moliya tashkiloti Pop, Namangan va Andijon shaharlari orasidagi 145 kilometrlik temir yo'lni tok bilan ta'minlash uchun 80 million dollar kredit ajratgan edi.

Bugungi qaror esa yuk tashish va yo'lovchi tarmoqlarini kengaytirish, telekommunikatsiya tizimlarini tuzatish, temir yo'l xodimlarini zamonaviy boshqaruvga o'rgatish va ularning malakasini oshirishni ko'zlaydi.

Osiyo taraqqiyot bankining mintaqa bo'yicha yetakchi eksperti Ko Sakamoto deydiki, Farg'ona vodiysi temir yo'llari xavfsiz va tezkor bo'ladi.

“Muddao shu. Bu tizim ekologik talablarga javob berishi, ishonchli, shu bilan birga cho'ntak ko'tara oladigan narxda xizmat qilishi lozim. O'zbekiston xalqiga shunday vosita zarur", - deydi Sakamoto.

Bankning qayd etishicha, yangilangan temir yo'llari aholi salomatligi, ta'limi va tirikchiligi uchun muhim. Turizm va tijorat ko'lamini ham oshirishi lozim. Shuningdek, mamlakatni qo'shni davlatlar bilan ulaydi.

Pandemiya davrida temir yo'l orqali yuk tashishga talab oshgan. O'zbekistonda mahsulotlarning 30-40 foizi aynan shu tarzda manzilga yetkaziladi. Ammo yo'lovchilarning atigi 3-4 foizi poyezdda yuradi.

Vodiy tomon temir yo'l yo'nalishi Toshkent, Angren va Qamchiq dovoni osha Pop, Namangan va Farg'ona vodiysining boshqa shaharlarini bog'laydi. Qirg'iziston va Tojikiston esa bu hududga tutashgan. Ammo temir yo'llar Sovet ittifoqi davridan qolgan.

Bankka ko'ra, kredit O'zbekiston hukumati maqsadlariga mos bo'lib, transport infrastrukturasini rivojlantirishga hissa qo'shadi. Iqtisodiy liberalizatsiya tomon undaydi, deyiladi rasmiy bayonotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG