Breaking News

Ekspert: Koronavirus Xitoyni Markaziy Osiyoga yanada yaqinlashtiradi


Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti, Xitoy, 10-iyun, 2018

Bir qarashda koronavirus (COVID-19) Xitoyni Markaziy Osiyodan uzoqlashtirgandek, xuddi boshqa mintaqalar singari. Lekin yaqin kelajakda Pekin sarmoyasi va roli oshsa-oshadiki, pasaymaydi, deydi yevropalik tadqiqotchi Raffaello Pentuchi (Raffaello Pantucci).

Pentuchi bu borada yaqinda yozgan ilmiy maqolasida va Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limida o'tgan onlayn anjumanda deydiki, Vashington Xitoyni pandemiyaga yo'l qo'yganlikda va bu borada dunyoni aldaganlikda ayblab, so'nggi paytlarda Pekinga nisbatan media orqali hujumlarni ko'paytirib, e'tiborni muhim detallarga qaratmayapti.

Xitoy va Amerika orasidagi rishtalar azaldan chigal. Lekin kommunist tuzumning butun dunyo bilan aloqalari aslida murakkab, xususan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham. Koronavirus mintaqada tarqalar ekan, hukumatlar Xitoyni qoralashga shoshmadi. Virus ajnabiy ekani qayd etilsa-da, Amerika rahbariyati kabi "bu Xitoy virusi", deya bong urishmadi. Faqat Turkmaniston boshida bu borada og'iz ochgandek bo'ldi, ammo mamlakatda koronavirus borligi hanuz rasman tan olinmagan ekan, Ashgabatning tili qisiq.

Mart oyining o'rtasiga kelib, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston ilk holatlar yuzasidan hisobot bera boshladi. Tojikistonda bu jarayon may oyida yo'lga qo'yildi. Ungacha esa aholi mish-mish va vahima ichida yashadi. Hozirda to'rt hukumat COVID-19 bilan bog'liq vaziyat haqida qanchalik axborot bermasin, virusga nisbatan nimaiki chora-tadbir ko'rmasin, jamoatchilik nazarida bu yetmayapti va raqam-ko'rsatkichlar ham ishonchli emas. Shu kabi shikoyatlar Xitoyda ham yangradi. Qolaversa, xalqaro hamjamiyat Pekinni virus borasida boshidan haqiqatni aytmaganlikda ayblab keladi. Xitoydagi avtoritar boshqaruv usuli Markaziy Osiyo davlatlari uchun aslo begona emas va aloqalardagi asosiy omillardan biri.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Venbin
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Venbin

Pantuchining tahlilicha, Amerika Xitoyni global maydonda qanchalik yomonlamasin va unga ishonchsiz taraf sifatida qaramasin, mintaqa "qizil mamlakat"dan uzoqlashmaydi, ayniqsa iqtisodiy jihatdan. Chunki uning sarmoyasiga muhtoj va shu kungacha imzolangan bitim va kelishuvlar amalga oshishini xohlaydi.

Pandemiya yilida mintaqada bekor qilingan eng yirik qo'shma loyiha balki Qirg'izistondagi At-Bashi logistika markazi barpo etilishining to'xtatilganidir. 280 million dollarlik proyekt, ancha davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari ketidan, fevral oyida chetga surilganida rasmiylar bu qarorni tushuntirdi. Ushbu logistika markazi Qirg'izistonni Xitoyning mintaqadagi biznes markaziga aylantiradi, deya niyat qilgan tomonlar pandemiyadan keyin Bishkek loyihani qayta boshlashga urinar, degan umidda.

Fevral oyida Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyga koronavirusga qarshi kurashda yordam uzatdi, jumladan tibbiy niqoblar va preparatlar. Bir oycha o'tar-o'tmay Xitoy mintaqaga tibbiy va texnik ko'mak ko'rsata boshladi. O'zbekiston va qo'shni davlatlar pandemiyaga nisbatan chora-tadbirlarda Xitoydan o'rnak olishini bayon qildi.

"Alibaba" onlayn tijorat tizimi asoschisi Jek Ma fondi, shuningdek, Xitoyning regiondagi yirik bizneslari "Huaxin", "Sany", "Sinopec", "China Construction", Xitoy yo'l va ko'prik qurilish kompaniyasi va boshqalar elchixona orqali madad bera boshladi. Xitoy yordami nafaqat tibbiy tizimda, balki harbiy kuchlar va xavfsizlik organlariga ham yo'naltirildi. Xitoy sog'liqni saqlash mutasaddilari va tibbiy mutaxassislari ham mintaqa davlatlariga taklif qilinib, maslahat bera boshladi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti jarayonda yetakchi rol o'ynamagan bo'lsa-da, pandemiyaning birinchi uch oyida a'zolar va kuzatuvchilar bilan muloqotni yo'lga qo'yib, yordamni tashkillashtirishda hissa qo'shdi.

Markaziy Osiyodagi eng yirik inshootlarni Xitoy quradi
Markaziy Osiyodagi eng yirik inshootlarni Xitoy quradi

Qozoq, qirg'iz, tojik va o'zbek matbuotida Xitoyni tanqid qiluvchi materiallar, Pekinni uyg'urlarni azoblayotganlikda ayblovchi maqolalar va suhbatlar chiqib turadi. Hukumatlar ularga har doim ham qarshilik bildirmaydi va ijtimoiy tarmoqlardagi keskin tanqiddan xabardor. Uyg'urlar turkiy xalq ekaniga urg'u berib, Toshkent, Nursulton va Bishkekni Xitoy zulmiga ko'z yummaslikka chaqirayotgan markaziy osiyoliklar juda ko'p. Rasmiylar ularga bevosita javob bermaydi va davlatlarning Xitoyga nima uchun g'ing deya olmasligini tushuntirmaydi.

Raffaello Pentuchining ta'kidlashicha, aslida hukumatlar va Pekin orasida ham kelishmovchiliklar talay. Ammo ular odatda imi-jimida hal qilinadi. Davlatlar Xitoy bilan muammo borligini ochiq aytishdan manfaatdor emas, deydi mahalliy ekspertlar, biroq Pentuchi kabi mutaxassislar rishtalarni kunma-kun kuzatar ekan, ziddiyatlar ayon bo'lishi bilanoq uni hal etishga harakat kuchli, deydi. Sabab yana iqtisodga borib taqaladi.

Koronavirus zarari behisob. Hisoblangan taqdirda ham juda katta va yaqin kelajakda har bir mamlakatga qimmatga tushadi. Xitoy investitsiya qilmasa, boshqa davlatlardan keladigan sarmoya yetmaydi. Qarz olib ham zaruratni qoplash qiyin.

Xitoy bilan chegaralar ochilmasa, ayniqsa Qirg'iziston postlaridan mol o'tmasa, mintaqada tijorat qayta jonlanmaydi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlaridan tortib texnologiyagacha, qarz olishdan tortib oldingi kreditlarni to'lash muddatini uzaytirishgacha, hozir har bir respublika rahbariyati Pekin bilan yaqindan gaplashishi kerak. Pentuchiga ko'ra, tashqi yordamga nihoyatda muhtoj Qirg'iziston va Tojikiston Xitoy bilan qarz yuzasidan qayta kelishib olmasa, holi voy.

O'zbekiston ham Pekin yordamiga tayanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilk xorijiy safarlaridan biri Pekinga bo'lgan. 2017-yilning may oyida.
O'zbekiston ham Pekin yordamiga tayanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilk xorijiy safarlaridan biri Pekinga bo'lgan. 2017-yilning may oyida.

Tadqiqotchi deydiki, O'zbekiston ancha pragmatik. Toshkent ahamiyatni infrastruktura qurilishlari va xalqaro tizimlar yaratishga qaratib, o'z manfaatlarini ko'zlamoqda, ya'ni mintaqaviy savdo va transportni kengaytirib, respublika foyda ko'radi. Masalan, O'zbekiston-Qirg'iziston-Xitoy temir yo'li loyihasi. Biroq uni kim bunyod etadi, degan savolga javob mavhum. Xitoylik ishchilar vatanida. Ular qachon qaytadi? Tomonlar til topishishi kerak.

Qirg'ziston va Tojikistonda xitoyliklarga qarshilik kuchaygan. Turli hududlarda qurilish va logistika sohalarida mehnat qilayotgan "kelgindi"larni virusni yoyganlikda ayblash, ularning mahalliy odamlar bilan chiqisha olmaslik hollari kuzatilgan.

Xitoy mintaqa bilan yonilg'i savdosida ham o'zgarishlar qilgan. Qozog'istondan gaz miqdorini pasaytirmaslikka harakat qildi, lekin O'zbekiston va Turkmanistondan ozroq ola boshladi. Haqiqat shuki, deydi Pentuchi, mintaqa uchun Xitoydan boshqa yirik xaridor yo'q va davlatlarning Pekindan importni oshirishni so'ramasdan boshqa iloji yo'q.

"Alibaba" rahbari Jek Ma Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov bilan bir yil oldingi muloqotida aytishicha, kelasi o'n yillikda kompaniya 100 million ish o'rni ochmoqchi va ularnig katta qismi blokka kiradigan davlatlar hududida rejalangan. "Alibaba" va boshqa tijoriy tizimlar uchun "AliPay" onlayn to'lash tarmog'i yaratish haqida gaplashib olingan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2019-yilgi sammiti, Bishkek
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2019-yilgi sammiti, Bishkek

Xitoy ekspertlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o'z erkin savdo hududi, taraqqiyot banki va boshqa moliyaviy organlariga ega bo'lishi kerak, degan g'oyalarni olg'a surmoqda. Aslida bu blok iqtisodiy rivojlanish uchun kerak, xavfsizlik ittifoqiga aylanib, asl maqsadlarini unutmasligi lozim, deydi ular.

Koronavirus oqibatlari a'zolarni avvalo iqtisodiy xavotirga solar ekan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti faoliyatida salmoqli burilishlar bo'lishi kutilmoqda.

Xitoy madaniy ta'siri yuqori emas, deydi Pentuchi, lekin biznes va sarmoya bobida u bilan hech kim tenglasha olmaydi. Pekin o'nlab milliard dollar investitsiya kiritish va'dasida tursa, mintaqa elektron tibbiyot, elektron tijorat, elektron ta'lim, elektron xarid sistemalarini rivonlantirishda G'arbga emas, Xitoyga tayanadi. Rossiya ham qarab turmaydi, deydi tadqiqotchi, lekin uning ko'plab tashabbuslari uchun ham Xitoy texnologiyasi va mablag'i zarur.

AQSh vaqti-vaqti bilan mintaqani Xitoyga qarshi qayrashga urinishi tabiiy, deya tahlil qiladi Pentuchi, biroq Vashington ham ochiq tan oladiki, geografik yaqinlik va investitsion moyillikda Pekindan o'tish qiyin. Xitoyda sarmoya bilan bog'liq qarorlarni hali ham hukumat qilar ekan, pulning qachon qayerga tikilishi tezroq hal bo'ladi.

Amerika xususiy sektorining oshkoralik, hisobdorlik, adolat va erkinlik borasidagi talablarini qondira olish uchun uzoq vaqt qattiq mehnat qilish kerak. Ungacha esa Markaziy Osiyo davlatlari talabni qondirish uchun Xitoydek varianti borligiga shukur qilib, mavjud imkoniyatlarni boy bermaslik harakatida.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG