Breaking News

AQSh Afg'onistondagi askarlari sonini yanada kamaytirish niyatida


Afg'onistondagi AQSh askarlari, 2018-yil, 15-yanvar
Afg'onistondagi AQSh askarlari, 2018-yil, 15-yanvar

AQSh ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Prezident Donald Tramp Afg'onistondagi Amerika qo'shinlari sonini hozirgi 4500 kishidan 2500 nafarga kamaytirish niyatida. "Amerika Ovozi" bu xabarlarni tasdiqlay olmadi. Hozircha bu haqda rasman xabar berilmagan.

Afg'onistonda hukumatga yaqin yuqori lavozimli rasmiylar bu xabarlarning ahamiyatini kamaytirib ko’rsatishga urinmoqda. Mahalliy kuchlar butun mamlakat bo'ylab deyarli barcha xavfsizlik operatsiyalarini mustaqil ravishda olib boryapti va chet ellik hamkorlar faqat havo amaliyotlari orqali yordam bermoqda, deydi ular.

Seshanba kuni Afg'oniston Mudofaa vaziri Asadulloh Xolid parlamentda so'zlar ekan, chet el kuchlari chiqib ketsa, Tolibon isyonchilariga qarshi kurashda mamlakat mudofaa qobiliyati pasayadi, degan xavotirlarni yumshatishga harakat qildi.

Xolidning ta'kidlashicha, hozirgi paytda Afg'oniston xavfsizlik kuchlari Tolibonga qarshi operatsiyalarning 96 foizini o'zlari amalga oshirmoqda. Qolgan to’rt foizlik yordam xorijiy sheriklar tomonidan havo orqali berilyapti.

Mudofaa vaziri ayni paytda xalqaro kuchlarning Afg'onistondan to'liq chiqib ketishini oldindan kutmaganini ta'kidladi.

AQSh kuchlarining chiqib ketishi haqidagi so’nggi xabar Afg'oniston hukumati va Tolibon o'rtasida tinchlik muzokaralari to'xtab qolgan hamda mamlakat bo'ylab zo'ravonliklar kuchaygan bir paytda paydo bo’ldi.

AQSh Senatidagi ko'pchilik yetakchisi Mitch Makkonel Trampni Afg'onistondan tez chiqib ketish oqibatlaridan ogohlantirdi.

"AQSh qurolli kuchlarining Afg'onistondan tezda chiqib ketishi bizning ittifoqchilarimizga zarar yetkazishi va bizga zarar tilagan odamlarni quvontirishi mumkin. Afg'onlarga ta'sir ko'rsatadigan zo'ravonlik hanuzgacha davom etmoqda. Toliblar tinchlik shartnomasi shartlariga rioya qilmayapti", - dedi Makkonel.

Tramp ma'muriyati fevral oyida Tolibon bilan imzolagan tinchlik shartnomasiga ko’ra, AQSh va NATOning barcha qo'shinlari 2021-yil mayigacha Afg'onistonni tark etishi kerak. Buning evaziga isyonchilar afg'on tuprog'ida AQShga qarshi terror amaliyotlari yuz berishiga yo’l qo’ymasligi hamda rasmiy Kobul bilan tinchlik muzokaralari olib borishi kerak.

"Biz Afg'onistondagi sheriklarimizni, terrorchilarga qarshi kurashayotgan va janglarni to'xtatish uchun Tolibon bilan muzokaralarda o’z ustunliklaridan voz kechishga rozi bo’layotgan jasur afg'onlarni o’z holiga tashlab qo’ymasligimiz kerak", - deb ogohlantirdi Makkonel.

"Bizning orqaga chekinishimiz toliblarni, ayniqsa, halokatli Haqqoniy qanotini ruhlantiradi va afg'on ayollari va qizlarining 1990-yillarda boshidan kechirgan musibatlarga qaytishi xavfini tug'diradi", - dedi amerikalik senator Kobulda Tolibon hukmronlik qilgan yillarga ishora qilib.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham seshanba kuni xorijiy kuchlar Afg'onistonni "juda tez orada yoki kelishilmagan holda" tark etishi qimmatga tushishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Urushdan vayron bo'lgan mamlakatda NATOning 12 mingga yaqin askari bor. Ularning deyarli yarmi amerikaliklar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG