Breaking News

Michigan shtati: Bayden yutgani aniq


Michigan shtati
Michigan shtati

AQShda bu yilgi prezident saylovlari natijasi haqida har bir shtat o'z tasdiqnomasini chiqarar ekan, 23-noyabr kuni Michigan ham o'z sertifikatini e'lon qildi. Unga ko'ra, shtatning Saylov kollegiyasidagi 16 ovozi demokrat Jo Baydenga berilgan.

Bayden bu shtatda Prezident Donald Trampni 2,8 foiz ko'proq ovoz olib yutgan.

Jorjiya, Arizona, Viskonsin va Pensilvaniya singari Michiganda ham Tramp natija yuzasidan shikoyat qilgan. Lekin hozirgacha birorta shtat prezident da'volarida asos topmagan.

Kelasi oy Saylov kollegiyasi yig'ilib, o'z yakuniy qarorini bayon qiladi.

Tramp noliyotgan shtatlarda saylov rasmiylari deydiki, Bayden g'alabasi aniq. Ovozlar demokratik tartibda berilgan va Saylov kollegiyasidagi ovozlar g'olib tomonga adolatli ravishda o'tgan.

Har safar prezident saylovi natijasi qanday aniqlansa, bu safar ham shu, deya bildirmoqda Michigan mas'ullari.

Saylovlar noyabr oyining birinchi seshanbasida o'tadi. Mamlakat bo'ylab Saylov kollegiyasidagi 538 ovozdan 270 yoki undan ortig'ini olgan nomzod g'olib deb topiladi.

Undan keyingi haftalarda esa Saylov kollegiyasi natijani yana bir bor tasdiqlab, e'lon qiladi. Yangi yilning birinchi haftasida Kongressning ikki palatasi birgalikda saylov yuzasidan so'nggi qarorni chiqaradi.

Baydenning prezidentlik inauguratsiyasi 20 yanvarda o'tadi. Tadirga tayyorgarlik boshlangan.

Demokratlar va respublikachilar ommaviy axborot vositalari orqali saylov natijasi yuzasidan bahs-tortishuvlarni davom ettirmoqda.

Tramp mag'lubiyatni tan olmayapti va shtatma-shtat adolat talabini olg'a suraverishini ta'kidlab turibdi. Prezident respublikachilarning madadiga tayanganini, ammo ulardan biror naf bo'lmayotganini yashirmaydi.

Michiganda, masalan, Tramp respublikachilar yordamida saylov natijasini tasdiqlash jarayonini kechiktirmoqchi edi. Lekin shtat bu yo'ldan bormadi.

Pensilvaniya shtatida ham Tramp advokatlariga raddiya berilgan. Sudlar Amerikaning bu qismida ham prezidentning saylov adolatsiz o'tdi, degan da'volarini qabul qilmayapti. Lekin shtat saylov sertifikatini hali chiqarmagan.

Pensilvaniyada yetti millionga yaqin ovoz berilgan va Bayden 80 ming ko'proq ovoz bilan yutgan.

Viskonsin shtatida Tramp advokatlari minglab ovozlarni bekor qilishni talab qilmoqda. Prezident umidini boy bermaganini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG