Breaking News

BMT Inson huquqlari kengashiga kirayotgan O'zbekistonda faollarga bosimlar


BMT Inson huquqlari kengashi zali, Jeneva
BMT Inson huquqlari kengashi zali, Jeneva

2021-yildan BMT Inson huquqlariga kengashi a’zosi sifatida faoliyat boshlayotgan O’zbekistonning o’zida huquq himoyachilari bosimlardan qutulmadi, deyiladi faollar Prezident Shavkat Mirziyoyevga yo’llagan murojaatda.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati a’zosi Isroil Rizayev nomidan davlat rahbariga va xalqaro tashkilotlarga yozilgan xatda mahalliy hokimiyat huquq himoyachisiga nisbatan ta’qiblarni davom ettirayotgani, shaxsan unga nisbatan moliyaviy jarimalar qo’llanilayotgani va kasbiy faoliyatiga to’siqlar qo'yilgani haqida gap boradi.

Rizayev Adliya vazirligi “Ezgulik” jamiyatining viloyat bo’limlarini ro’yxatdan o’tkazishni rad etib kelayotganiga diqqat qaratadi.

O’zbekiston shu yilning oktabr oyida BMT Bosh assambleyasi sessiyasida ko’pchilik ovoz bilan tashkilotning Inson huquqlari bo’yicha kengashiga uch yillik muddatga a’zolikka saylandi. Inson huquqlari muntazam poymol etiladigan mamlakatning bu kengashga saylanishi qizg'in munozaralar bilan kutib olingan edi.

Tanqidchilar deydiki, O'zbekistonning o'zida vaziyat achinarli ekan, u qanday qilib, global maydonda huquq uchun kurashadi?

AQSh hukumati kengashni avtoritar davlatlar to'dasi deya, O’zbekiston qatorida saylangan Xitoy va Rossiya singari rejimlarning BMT organidagi faoliyatidan ijobiy natija kutmayotganini bildirgan.

O’zbekiston rasmiylari fikricha esa kengashga a’zolik tarixiy qadam va bu bilan davlat isloh qilinayotganini aks ettiradi. Kengashdagi faoliyat mamlakatga inson huquqlari bo’yicha yangi mas’uliyatlar yuklashi ham xalqaro ishonchdan darak deya, e'tirof etiladi.


Sirdaryoda huquq himoyachisi Xayrulla Qilichevning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, u yaqindan Ichki ishlar tomonidan bir necha bor suhbatga chaqirilgan.

Ammo ichki ishlar boshqarmasiga borishni rad etib yurgan Qilichev o’tgan hafta ko’chada ushlangan va majburan Gulistondagi ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan.

“Pochtaga xat tashlash uchun ko’chaga chiqqan edim. Shu payt kelib meni olib ketishdi. Ichki ishlar boshqarmasida 5 soat ushlab turishdi. Telefonimni olib qo’yishdi, ichidagilarni tekshirib, tintib chiqishdi. Ularni qiziqtirgan asosiy narsa nima uchun inson huquqlari bilan shug’ullanayotganim, nega odamlar bilan gaplashib, ularning muammosini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifamga joylashtirayotganim edi. Yana yangi tashkil qilinayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasiga nima sababdan qiziqayotganimni ham surishtirib chiqishdi. Xullas, inson huquqlari bilan shug’ullanish mumkin emas ekan, hatto muammongiz bo’lsa ish ham topib beramiz degan takliflarni aytishdi. So’roq so’ngida inson huquqlari bilan bog’liq muammolar bilan shug’ullanishni yig’ishtirib, tinchgina yurishni maslahat berishdi”, - deydi Qilichev.

Unga ko’ra, O’zbekistonda inson huquqlari bilan shug’ullanish yanayam xavfli sohaga aylangan. Prezidentning bu boradagi bayonotlari joylardagi rahbarlarga, ayniqsa huquq tartibot idoralariga yetib borayotgani yo’q, ularning ish tartibi, xususan huquq himoyachilariga nisbatan munosabati o’zgarmagan.


BMT Inson huquqlari kengashiga a’zolik nafaqat a’zo mamlakatning o’zida, balki dunyo miqyosida inson huquqlari va erkinlariga doir vaziyatni o’rganish, inson huquqlari bo’yicha BMT doirasidagi xalqaro me’yorlar bajarilishi yuzasidan hisobotlar tinglashni ham nazarda tutadi.

O’zbekiston oldin xalqaro sahnada bunday o'ringa ega bo'lmagan. Mahalliy huquq himoyachilarining ayrimlari buni O’zbekistonning o’zida inson huquqlariga doir vaziyatni yaxshilash, kafolatlash uchun yaxshi imkoniyat sifatida ko’rishmoqda.

Boshqalar nazarida esa mamlakatning o’zida inson huquqlariga nisbatan siyosiy munosabat o’zgarmas, aholi huquqi toptalishda davom etar ekan, O’zbekistonning BMT kengashida o'tirishidan respublikaga ham, tashqi dunyoga ham naf yoq.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG