Breaking News

Matbuot va axborot erkinligi bobida O'zbekiston hamon eng salbiy baho olmoqda


O’zbekistonning BMT Inson huquqlari kengashiga saylanishi munosabati bilan Toshkentda o’tgan matbuot anjumanida jurnalistlar bu hisobot hamda OAV xodimlari va bloggerlarga nisbatan bosimlar to'xtamayotgani haqida Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyevga murojaat qilishgan

Vashingtonda asoslangan "Freedom House" (Ozodlik uyi) internet va so’z erkinligiga doir yillik hisobotida O’zbekistonni demokratiya va'dasidagi avtoritar davlat deya tasvirlaydi.

Erkinlikni targ'ib qiluvchi tashkilotning Freedom on the Net 2020 hisobotiga ko’ra, O’zbekiston dunyodagi eng yomon o’ntalik qatorida qolmoqda.

2019-yilning iyunidan 2020-yilning mayigacha bo’lgan davrda olib borilgan izlanishda shu muddatda internetdan foydalanish, axborot olish, tarqatishga doir vaziyat, o’zgarishlar, to’siqlar o'rganilgan.

Xulosa shuki, O’zbekistonni hamon erkin bo’lmagan davlat. Bu yilgi hisobot ham mamlakatda internetdan axborot olish hali ham cheklanganini ko'rsatgan.

Hisobotda internet va axborotga doir to’siqlar to’qqiz turga bo’lingan. Dunyoda faqat Xitoy va O’zbekiston barcha bosim turlari ishga solingan davlatlar sifatida qayd qilingan.

Sodiq Safoyev, O'zbekiston Senati raisi o'rinbosari
Sodiq Safoyev, O'zbekiston Senati raisi o'rinbosari

O’zbekistonning BMT Inson huquqlari kengashiga saylanishi munosabati bilan Toshkentda o’tgan matbuot anjumanida jurnalistlar bu hisobot hamda OAV xodimlari va bloggerlarga nisbatan bosimlar to'xtamayotgani haqida Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyevga murojaat qilishgan.

Safoyevning javob qilishicha, O’zbekistonda so’z erkinligini ta’minlash borasida siyosiy iroda kuchli va buning samarasi o'laaroq so’ngi yillarda matbuotda jiddiy uyg’onish kuzatilgan. Ammo senator muammolarga sabab deya eskicha fikrlovchi rahbarlar borligini ta'kidlagan.

Safoyev jurnalist va blogerlarga "Ozodlik uyi" hisobotida qayd etilgan bosim va tahdidlar yuzasidan aniq faktlarga asoslanib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga yoki Senatga murojaat kiritishni taklif qilgan.

“Freedom House" tomonidan O'zbekistonda internet erkinligi borasidagi baholari bo'yicha aniq faktlar mas'ul tashkilotlarga taqdim etilsa, bu borada qat'iy choralar ko'riladi. O'zbekistonda so'z erkinligi, OAV rolini oshirishga bo'lgan siyosiy iroda qat'iy va buni hammamiz muhim ekanligini tushunamiz. Barcha davlat tashkilotlari bu borada jiddiy ishlashimiz kerak. Bu juda jiddiy masala", deyiladi matbuotda Safoyevdan keltirilgan iqtibosda.

Mamlakatdagi ayrim jurnalistlar esa O’zbekistondagi so’z erkinligi bilan bog’liq to‘siqlar boshida aynan Safoyev tilga olgan davlat tashkilotlari, jumladan O’zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi turganini iddao qilishadi.

“Adabiyot” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karimning “Amerika ovozi”ga aytishicha, u ancha vaqtdan buyon gazetaning navbatdagi sonini chop etish uchun bosmaxona qidiradi va aksariyatidan rad javobini olgan.

“Hamma bosmaxona ham “Adabiyot” gazetasi haqida tasavvurga ega emas. Ko’pchiligi rozi bo’ladi, keyin telefon qilib, uzr so‘rashadi, gazetangizni bosa olmaymiz, sababini o’zingiz bilasiz, deyishadi. Ayrimlari aynan kim, qaysi idora tomonidan bu gazetani bosmaslik yuzasidan tavsiya olishganini aytishgan ham. Albatta hammasi davlat idoralari. Men bu vaziyat bo’yicha Agentlikka bir necha bor murojaat qildim. Rahbariyat tomonidan qabul ham qilinmadim. Biror yordam ham olganim yo’q, aksincha faqat bosimga ko’rinishidagi turli tavsiyalar berishadi”, - deydi Baxtiyor Karim.

Mutasaddilar esa bosim haqidagi shikoyatlarni inkor etadi. Bosmaxona borasida cheklovlar yo'q, deydi ular.

“Adabiyot” gazetasi o’z sahifalarida Karimov diktaturasiga doir tahliliy maqolalar berishi, xorijdagi o’zbek muxolifati vakillariga minbar berishi ortidan bosimga olingan, jumladan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar davlat agentligi tomonidan ham rasman ogohlantirilgan edi.

Mamlakatdagi taniqli blogerlardan birining “Amerika oOozi”ga aytishicha, mamlakatdagi nisbiy uyg’onishlar davlat idoralari, ayniqsa maxsus xizmatlar nazorati bo’shashganidan darak berayotgani yo’q. U telefonlardagi so’zlashuvlar eshitilayotgani, tarmoqdagi yozishmalar kuzatilayotganiga shubha qilmaydi.

“Bilishimcha, maxsus xizmatlar faolligi bilan ko’zga tashlanib turgan har bir jurnalist, bloger haqida tegishli dos'e to’plashmoqda, go’yoki fursat kelishini kutishayotgandek”, - deydi bloger.

"Ozodlik uyi" o’z hisobotida jiddiy ijtimoiy muammolar ko’tarilgan tanqidi yoki dolzarb mavzular yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda qilgan chiqishlari uchun bosimga olingan, ma’muriy jazoga, jarima tortilgan bloggerlar va jurnalistlar haqida ma’lumotlar taqdim etgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG