Breaking News

Xitoyda utsul musulmonlari ham tazyiqqa uchramoqda


Uyg'ur musulmon ayollari, Shinjon, 2008-yil, 14-iyun

Xitoy janubidagi Xaynan provinsiyasi orolda joylashgan bo’lib, oq qumli plyajlari va palma daraxtlari bilan mashhur. Bu yerda musulmonlar ham yashaydi.

Miqdori 10 ming atrofida ekani aytiladigan utsul musulmonlari Xitoy hukumati boshlagan “islomni xitoylashtirish” siyosatining so’nggi qurbonlaridan biri.

Asosan, uyg’urlarga nisbatan qo’llangan bu tazyiq kampaniyasi utsul musulmonlarini ham chetlab o’tmadi. AQSh Xitoyning ozchilik etnik guruhlar ustidan olib borgan qatag’on siyosatini genotsid deb atagan.

Kommunist partiya ta’limotiga zid har qanday mafkurani yo’q qilishga ahd qilgan Pekin oz sonli utsullarni ham nishonga olmoqda.

Siyosiy sharhlovchi Gu Yining aytishicha, islomni xitoylashtirishdan maqsad aslida islom madaniyatini yo’q qilishdir.

“Islom o’z e’tiqod tizimiga, ijtimoiy tuzilmaga ega bo’lgani bois ular buni Xitoy Kommunistik partiyasining totalitar rejimiga tahdid sifatida ko’rishadi. Boshqa fikrlarydigan guruhlarga ular toqat qila olmaydi. Shu bois ular islomiy jamiyatni madaniy jihatdan yo’q qilmoqchi”, - deydi ekspert.

Pekinning islomga qarshi kampaniyasi 2018-yilda avj oldi. Shundan beri islomiy maktablar yopildi, masjidlarga Xitoy bayrog’i osildi, islomiy arxitekturaga ega binolar buzilib, do’konlardan “halol” belgisi olib tashlandi. Shuningdek, 18 yoshga to’lmaganlarning masjidda tahsil olishi taqiqlandi; musulmonlarni alohida ro’yxatga olish boshlandi. Ayni paytda musulmonlarga azon chaqirish uchun ovoz kuchaytirgichlardan va Xitoydan tashqaridagi qisqa to’lqinli radio kanallarni eshitish imkonini beruvchi apparatlardan foydalanish man etildi.

Utsul musulmonlarining aksariyati Sanya port shahrida hamda Xuixin va Xuihuy qishloqlarida yashaydi. Ular cham tilida so’zlashib, uzoq asrlar avval Vyetnam va Kambodjadan ko’chib kelgani aytiladi.

Xitoy hukumati utsullarni alohida etnik guruh sifatida tan olmagan.

Utsullar ustidan keskin nazorat 2019-yil hukumat chiqargan maxsus qaror ortidan boshlandi. Ijtimoiy tarmoqqa sizib chiqqan bu hujjatga ko’ra, olti yo’nalishda ish olib borish, xususan, tartib o’rnatish, diniy belgilarni yo’qotish, maktablar, kasalxonalarni tekshirish, majburiy moliyaviy tekshiruv o’tkazish hamda noqonuniy binolarni buzish maqsad qilingan.

Ayollarning ishda hijob o’rashi taqiqlandi, masjidlarni boshqaruvchi kengashga kommunistik partiya a’zolarini ham qo’shish majburiy qilindi. Arabcha yozuvlar, qiblani ko’rsatuvchi belgilar hamda diniy jumlalar o’rnini partiya shiorlari egalladi.

Mahalliy halol taomlar restoranida ishlovchi bir xodimning aytishicha, hukumat “halol” so’zini restorandan va menyudan olib tashlashni buyurgan. Uning qo’shimcha qilishicha, “Allohu akbar” so’zi aks etgan buyumlarni ham nafaqat binolardan, balki shaxsiy uylardan ham yo’qotish talab qilingan.

Mahalliy hukumat allqachon provinsiyadagi ikkita islomiy maktabni yopdi va qizlarning maktabda ro’mol o’rashini taqiqlashga urindi. Aholining keskin noroziligi ostidan rasmiylar ro’mol taqiqini bekor qilishga majbur bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG