Breaking News

Uyg'ur ayollari: Mulan aslida bizmiz


Seulda "Mulan" filmiga qarshi namoyishlar, 1-iyul, 2020

Uyg'ur qizi Juhir Ilhom "Mulan" filmini bolaligidan sevib tomosha qilardi. Xitoylik ayolning erkak jangchiga aylanib, hammani lol qoldirishi haqidagi ertak 1998-yilda multfilm sifatida katta ekranga chiqqan.

Bu hikoya yangi ko'rinishda chiqar ekan, Juhir boshida unga juda qiziqdi, keyin aniqladiki, kartinaning ayrim qismlari Shinjonda tasvirga olingan ekan va aynan uyg'urlarning mehnat lagerlari joylashgan hududlarda.

"Mening qarindoshlarim u konsentratsion lagerlarda. Demak, film ularga yaqin joyda olingan", - deydi Juhir.

Qizning otasi Ilhom Tohti, iqtisodchi olim, 2014-yildan beri qamoqda. Separatizmda ayblanib, bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan.

Vashingtonda advokat Rayhon Asat esa akasi Ekpar Asat huquqlari uchun kurashmoqda. Tadbirkorlik qilgan bu kishi AQShda malaka oshirib vatanga qaytgach, bedarak yo'qolgan.

Rayhon fikricha, "Disney" kompaniyasi "Mulan" filmini Xitoy bilan hamkorlikda ishlab, uyg'urlarga qarshi zulmga o'z hissasini qo'shmoqda, biznes etika va me'yorlarni buzmoqda.

“Disney" Shinjon rahbariyatiga minnatdorchilik bildirgan. Ayollarni kuchli qilib ko'rsatuvchi film olib, daromad qilmoqchi, biroq ularni, insoniyatni ezayotgan davlat bilan hamkor. Ikkiyuzlamachilik bu", - deydi Rayhon.

“Uyg'ur xotin-qizlar ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari uchun kurashib kelmoqda. Mening nazarimda asl "Mulan" ular".

"Mulan" filmi 4-sentabrda chiqdi. #BoycottMulan "Twitter"da trendda. AQSh Kongressi a'zolari, xususan yetakchi senatorlar "Disney"ni qoralagan, Amerika sanksiya qo'ygan hududda ishlagani va rahbarlar bilan hamkorlik qilgani uchun. "Disney" jazolanadi, degan bayonotlar yangramoqda.

Kompaniya tanqidlarni eshitayotganini bildirgan, lekin hozircha javob bermagan.

Rasmiy Pekin esa bunday hamkorlik normal hol, kartinada bosh rolni xitoy aktrisasi o'ynagani mamlakat uchun faxr, deya izohlagan.

Huquq tashkilotlari Gollivudni Xitoy bilan til biriktirganlikda, hatto unga filmlarni senzura qilish uchun yo'l berganlikda ayblaydi. Xitoyda biznes manfaatlarga ega korporatsiyalarga xos illat, deydi faollar.

Gollivud mahsulotlari uchun eng katta bozor Amerikaning o'zi, ikkinchi o'rinda esa Xitoy. O'tgan yili u yerda AQSh kinochilari 2,6 millard dollar daromad qilgan.

"Mulan" kartinasidan hozircha 23 milliondan sal oshid daromad tushgan. Tanqidchilar film sifatini past baholamoqda, 10 baldan 4,9 berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG