Breaking News

AQSh Afg'onistondan tinchlik jarayonini tezlashtirishni so'radi


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Afg’onistonni, agar tinchlik jarayonini tezlashtirmasa, og’ir oqibatlar yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

“Sizga shuni aniq ma’lum qilishim kerak, janob prezident, - dedi u Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’aniga yozilgan maktubda. – Vashingtonda siyoyatni aniqlashtirish jarayoni davom etar ekan, hech narsani e’tibordan soqit qilganimiz yo’q. Boshqa yo’llarni hisobga olish bilan birga, 1-maygacha barcha kuchlarimizni olib chiqishni ham ko’rib chiqyapmiz”.

Maktub AQShning yangi ma’muriyati va Ashraf G’ani o’rtasida Afg’oniston kelajagi bo’yicha muloqot keskin tus olayotganini ko’rsatadi.

Xatda yozilishicha, AQSh BMT qoshida xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash maslasini ko’tarishi mumkin.

Blinkenning yana aytishicha, Vashington Turkiyadan kelayotgan haftalarda afg’onistonliklar va Tolibon o’rtasidagi muloqotga mezbonlik qilishni so’raydi. U G’anidan “tinchlik kelishuvini yakunlash” maqsadida o’tkaziladigan bu sammitga o’z vakillarini yuborishni so’ragan.

Tolibon, odatda, bahor kelishi bilan hujumlarni kuchaytiradi. Kobuldagi hukumat tinchlik muloqoti davom etishi uchun zo’ravonlik kamayshini talab qilmoqda.

AQSh bu masalada yordam berishga tayyor ekanini, ammo buning uchun G’ani barcha tomonlar bilan tinchlik yo’lida yaqindan ishlashi lozimligini aytmoqda.

“1990-yillarda afg’on yetakchilari orasidagi bo’linish falokatli bo’lgan”, - deya eslatadi Blinken.

Boshi berk ko’chaga kirib borayotgan tinchlik jarayonini qayta jonlantirish uchun AQShning Afg’oniston bo’yicha vakili Zalmay Xalilzod o’tgan hafta taqdim etgan taklif bo’yicha konstruktiv aloqalarni rivojlantirish kerak, deyiladi maktubda.

AQSh yangi konstitusiya qabul qilinib, shu asosda yangi saylovlar o’tkazilguncha hokimiyatni muvaqqat hukumatga topshirishni taklif qilmoqda. Ayni taklif Tolibonga ham topshirilgan. Tolibon so’zlovchisi Muhammad Naimning aytishicha, guruh taklif shartlarini hozir o’rganib chiqmoqda.

“Bu xat Ga’ni va Bayden ma’muriyati aloqalarini sovuqlashtirishi mumkin, chunki AQSh yangi hukumat shakllanishi uchun choralar ko’rishga hozirligini bildirdi. G’ani bu g’oyaga qarshi chiqqan, sababi u yangi hukumatda bo’lmasligi ehtimoli yuqori”, - deydi Vashingtondagi Vilson markazi tahlilchisi Maykl Kugelmen.

Muvaqqat hukumat tuzish g’oyasi 2019-yilgi saylovdan oldin ham ko’tarilgan edi, ammo G’ani har doim unga qarshi bo’lgan.

Xalilzod Tolibon vakillari bilan uchrashish uchun Kobuldan Doxaga jo’nab ketishi bilan G’ani yana o’z e’tirozlarini bildirdi.

“Erkin, adolatli va barchani qamrab oluvchi saylovlarni xalqaro hamjamiyat kuzatuvi ostida o’tkazish yangi hukumat tuzishning yagona yo’li bo’lishi kerak”, - dedi Afg’oniston prezidenti.

G’ani Xalilzod nomini tilga olmadi, ammo uning taklifini qog’ozdagi xomxayol deb atadi.

“Bunday g’og’ozlar oldin ham yozilgan, hozir ham yozilyapti va kelajakda ham yoziladi. Bizning milliy hujjatimiz bu konstitutsiyamiz. Bizga boshqa hujjatlarning keragi yo’q”, - dedi u.

Tolibon Afg’oniston konstitutsiyasini tan olmaydi. Isyonchilar va hukumat o’rtasidagi muzokaralarda uni o’zgartirish masalasi ham ko’tarilishi kutilyapti.

G’anining siyosiy raqibi, Milliy yarashish oliy kengashi rahbari Abdulla Abdullaning aytishicha, barcha takliflar ko’rib chiqilishi kerak.

Yuqoridagi takliflarni o’z ichiga olgan hujjat “Afg’oniston tinchlik kelishuvi” deb ataladi. Unda yangi konstitutsiya, mamlakatni o’tish davrida boshqarish hamda urushayotgan tomonlar o’rtasida keng qamrovli sulh tuzish masalalari aks etgan.

Unga ko’ra, hukumatga diniy masalalarda maslahat berib turish uchun Islomiy fiqh oliy kengashi tuziladi.

Shuningdek, ayollar huquqlari va so’z erkinligini himoya qilish, neytral tashqi siyosat yuritish, yangi konstitutsiyani yaratish uchun 21 a’zodan iborat komissiya tuzish qayd etilgan. Konstitutsion komissiyaga Tolibondan ham 10 kishi kiritiladi.

Ayni paytda hujjat tomonlardan “zudlik bilan bir-biriga qarshi dushmanona va harbiy amaliyotlarni to’xtatishni” so’raydi.

Afg’oniston hukumati sulh tuzilishini uzoq yillardan beri talab qilib keladi, ammo Tolibon haligacha to’liq sulhga rozi bo’lmagan.

Sulh, shuningdek, Tolibonga xorijdagi harbiy obyektlari faoliyatini hamda xorijiy davlatlar bilan harbiy aloqalarni to’xtatish shartini qo’yadi.

AQSh va Afg’oniston rasmiylariga ko’ra, Tolibon yetakchilari Pokistonda yashaydi. Vashington, jumladan, Eron va Rossiyani Tolibonga yordam berganlikda ayblagan. Har uch mamlakat bu iddaolarni rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG