Breaking News

AQSh Afg'onistondan chiqadi, eng uzoq urushini tugatadi


Amerikaning Afg'onistondagi kuchlari (Arxiv)

AQSh 2001-yilda o'z hududida amalga oshirilgan terror xurujlari ketidan Afg'onistonga bostirib kirgan, Tolibonni hokimiyatdan ag'dargan va ekstremizmga qarshi global urush boshlagan edi. 20 yil o'tib, bu harbiy missiya tugatilmoqda. Prezident Jo Bayden bugun bu borada Oq uydan e'lon qildi.

Hozirda AQShning Afg'onistonda 2500 askari qolgan. Ular kuzgacha vatanga qaytadi. Prezident deydiki, Vashington bu urushga boshqa mablag' ajratmaydi va umuman, harbiy xarajatlarni kamaytiradi.

Tolibon bilan kelishuvga ko'ra, AQSh qo'shinni 1-maygacha olib chiqishi kerak edi. Oq uy qilayotgan o'zgarish shuki, harbiylarni qaytarish jarayoni may oyidan boshlanib, sentabrgacha tugatiladi.

Oq uy, 14-aprel, 2021
Oq uy, 14-aprel, 2021

“Tariximizdagi eng uzoq urushni yakunlaymiz. Vaqti keldi", - deydi Bayden.

Ammo prezidentga ko'ra, chiqish shoshilinch amalga oshirilmaydi.

“Kechiktirish va cho'zishdan naf yo'q. Men bu urush borasida qaror qilayotgan to'rtinchi prezidentman. Ikki respublikachi, ikki demokrat. Bu og'ir vazifa beshinchi prezidentga qoldirilmaydi".

Bu Prezident Baydenning tashqi siyosatda shu kungacha qilgan eng katta va muhim qaroridir.

Bayden bu urushni azaldan tanqid qilib, Afg'onistonda e'tibor qo'shin sonida emas, missiyada bo'lishi kerak, deb kelgan. Barak Obama prezidentligi paytida, vitse-prezident sifatida harbiy harakatlarni kontrterrorizm amaliyotiga aylantirib, kichik va maxsus guruhlar orqali kurashishni taklif qilgan.

Bayden uchun tashqi siyosatda Afg'oniston emas, Xitoy va Rossiya yuqori o'rinda bo'ladi, deydi uning maslahatchilari.

Lekin Qo'shma Shtatlarning bu mamlakatdan chiqishi vaziyatni beqarorlashtirishi, xotin-qizlar erkinligini yo'qqa chiqarishi, Afg'onistonni yana orqaga tortishi mumkin. Oldingi prezident Donald Tramp ham chiqish tarafdori edi. Qarorni har ikki partiyada qoralayotganlar bor.

“Radikal islomiy terroristlarni bosib turgan urushni tugatib, endi Afg'onistonni butkul o'ziga tashlab qo'ymoqchimiz", - deydi Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonnell.

Bayden deydiki, bu qaror o'zgarmas. Urushda 2200 dan ziyod harbiy halok bo'ldi. 20 ming askar yaralandi. Afg'onistondagi harbiy xarajatlar hozirgacha qariyb 1 trillion dollarga tushdi.

Prezidentlar Bayden va G'ani aloqada
Prezidentlar Bayden va G'ani aloqada

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani bugun Prezident Bayden bilan telefonda gaplashgan.

“Afg'oniston Islomiy Respublikasi AQSh qarorini hurmat qiladi. AQSh hamkorimiz va u bilan birga ishlashda davom etib, o'tish davri silliq kechishini ta'minlaymiz", - deydi G'ani.

Bayden bu masala yuzasidan ittifoqchilar va sheriklar, shuningdek, sobiq prezidentlar va ular qo'lida ishlagan mutaxassislar hamda NATO, Yevropa Ittifoqi va BMT bilan maslahatlashgan.

Vashington Afg'onistondagi siyosiy kuchlar tez orada mamlakat tinchligi yuzasidan kelishib oladi va kelajak bo'yicha murosa qiladi, degan umidda. AQSh bu muzokaralar homiysi, qolaversa, Afg'oniston harbiy salohiyatini oshirishda yordamni davom ettiradi. Amerika Afg'onistonga iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy va madaniy madadni ham to'xtatmaydi.

Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Uilyam Byornsga ko'ra, Afg'onistondan chiqish bu agentlk ishiga ta'sir qiladi, chunki terroristlarga qarshi o'z vaqtida chora ko'rishda u yerda kattaroq harbiy kuchga ega bo'lish o'ta muhim omil.

“Biroq qo'shinlar chiqsa ham biz o'z faoliyatimiz va salohiyatimizni yuqori darajada ushlab turamiz. Yangi sharoitga moslashamiz, yangi imkoniyatlar ochamiz", - deydi u.

Kunar viloyati, Afg'oniston
Kunar viloyati, Afg'oniston

20 yillik urush natijasida al-Qoida terror tizimi deyarli yo'q qilindi, uning lideri Usama bin Laden o'ldirildi. Afg'onistonda demokratik tizimga asos solindi, jamiyat erkinlashdi, iqtisodiy-ijtimoiy imkoniyatlar kengaydi, mamlakat dunyoga ochildi.

Ammo tinchlik va barqarorlik nisbiyligicha qoldi. Ayni damda AQShning ittifoqchilari ham qo'shinlarni olib chiqish harakatida.

Pentagon va Davlat departamenti ular bilan muloqotda va kamida 30 tomon bilan maslahatlashuv ketayotganini bildirgan.

Afg'onistonda AQSh askarlaridan tashqari NATO tarkibida 7000 ga yaqin harbiy bor.

"Biz va ittifoqchilarimiz Afg'oniston yana terror o'chog'iga aylanishiga aslo yo'l qo'ymaymiz", - deydi Bayden.

Oq uyga ko'ra, urushni tugatish Afg'onistonni yakka tashlab qo'yish degani emas. Vashington Kobul bilan yaqindan ishlashda davom etadi, mintaqadagi sheriklari bilan hamkorlikni kengaytiraveradi va global sahnada ham e'tiborini pasaytirmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG