Breaking News

AQSh, Afg'oniston: Tinchlik muzokaralari qay nuqtada?


AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Kobulda mamlakat Bosh vaziri Abdulla Abdulla bilan, 1-mart, 2021

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod to'rt kun davomida bu mamlakatda rahbarlar, siyosiy liderlar, fuqaro jamiyati faollari va yoshlar bilan gaplashgan. Tolibon bilan tinchlik muzokaralari yaqin kunlarda Istanbulda davom etadi. Halilzod Kobulga borishdan oldin Qatarda toliblar bilan muloqotda edi.

Bir oydirki, Afg'onistondagi siyosiy kuchlar orasidagi muzokaralar boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Uzoq yillardan beri bir-birini dushma deb bilgan, hali ham adovatni to'liq chetga surmagan taraflar til topisha olishi uzoqqa cho'ziladi, agar uning imkoni bo'lsa, deydi chigalliklardan xabardor arboblar.

Biroq AQSh jarayonlardan umidvor. Halilzod kim bilan uchrashmasin, murosadan boshqa yo'l yo'q, deya eslatgan.

Qo'shma Shtatlarga ko'ra, Istanbulda kutilayotgan konferensiya muzokarada muhim burilish yasashi kerak.

"Afg'onistonda tinchlik uchun yo'l ochilishi lozim", - deyiladi Kobuldagi elchixona bayonotida. .

Halilzod toliblar bilan, shuningdek, Afg'onistondagi boshqa siyosiy kuchlar bilan muloqotda bot-bot xotin-qilzar roli, ravnaqi va haq-huquqlari haqida ham gapirgan.

Afg'onistondagi siyosiy kuchlar orasida muzokara o'tgan yili boshlangan edi
Afg'onistondagi siyosiy kuchlar orasida muzokara o'tgan yili boshlangan edi

Tolibon vakili Muhammad Naimning bildirishicha, guruh Istanbulga borish-bormaslik haqida hali biror qarorga kelmagan.

“Ahdimizni albatta oshkor qilamiz”, - deydi Naim.

Istanbul anjumani esa shu hafta oxirigacha o'tishi mumkin.

Bu orada Amerika Afg'onistondan 1-maygacha 3000 askarini olib chiqish harakatida. Shu bilan Vashington bu yurtdagi harbiy missiyasiga yakun yasaydi. O'tgan yili Tolibon bilan imzolangan kelishuvda u shunga so'z bergan.

Bu hujjatga ko'ra, NATO boshchiligidagi 10 mingga yaqin qo'shin ham chiqib ketishi kerak. Ammo bu masala hozir Oq uyda muhokamada. Bayden ma'muriyati Afg'onistonda tinchlik o'rnatilmasdan turib, xorijiy harbiylarning hammasi bu yurtni tark etishi beqarorlikka yetaklashi mumkin deya xavotirda.

Prezident Jo Bayden yaqinda bu borada gapirganida Afg'onistonda biror xalqaro kuch qolmasligi mantiqsizlik bo'ladi, degan. Tolibon esa Vashington shartni bajarmasa, jangari hujumlari yana avj oladi, deya ogohlantirmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki deydiki:

“Prezident bu urush mas'uliyatli ravishda tugatilishini istaydi. Askarlarimiz vatanga qaytishini istaymiz. Afg'oniston terroristlar uchun aslo o'choq bo'lmasligini istaymiz. U yerdan turib, AQSh va uning ittifoqchilari aslo nishonga olinishini istamaymiz".

Prezident Bayden fikricha, Afg'onistonda tinchlik kafolatlanishi kerak
Prezident Bayden fikricha, Afg'onistonda tinchlik kafolatlanishi kerak

Bayden ma'muriyati Afg'onistonda yangi o'tish hukumati tuzishni tavsiya qilmoqda. Unda Tolibonga ham o'rin beriladi. Yangi saylov kuni belgilanadi va bu saylov natijasida rahbariyat o'zgaradi.

Prezident Ashraf G'ani bu taklifni rad etib, mamlakat bo'ylab sulh e'lon qilishni va tinchlikka asoslangan muvaqqat boshqaruv tuzish g'oyasini olg'a surmoqda. Unga ko'ra, saylovda hozirgi biror rahbar o'z nomzodini qo'ymasligi shart.

Tolibon har ikki taklifga yo'q deb, avvalo xorjiy qo'shin chiqib ketishini talab qilmoqda. Guruhga ko'ra, Afg'oniston xalqi qanday tuzum xohlashini o'zi hal qilishi kerak. Islomiy boshqaruv istasa, shunga ovoz beradi, deydi toliblar.

Harakat Afg'onistonning hozirgi rahbariyati bilan hokimiyatni bo'lishmoqchi emas. Tolibon AQSh hukumatini masalani cho'zayotganlikda, qo'shinni olib chiqmaslik uchun bahona izlayotganlikda ayblaydi. 2020-yildagi kelishuv shartlari bajarilmasa, yana urush boshlanadi, deyiladi guruh bayonotida.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken esa Tolibonga qarata, maqsad tinchlik bo'lsa, qurolli tahdidni bas qilib, murosa yo'lidan boring, deydi.

“Tolibon agar siyosiy taraf sifatida tan olinishni xohlasa, xalqaro quvvatlov xohlasa, Afg'onistonni boshqarishda ijobiy rol o'ynashni istasa, urush boshlash haqida ogohlantirishni, qo'rqitishga urinishni darhol bas qilishi lozim. Tinchlik emas, urush haqida gapiraversa, biz tomondan hech qanday quvvatlov bo'lmaydi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG