Breaking News

AQSh-Xitoy ziddiyati Yaponiyaga qanday ta'sir qiladi?


Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga (o'ngda) AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan, Tokio, Yaponiya, 2021-yil, 16-mart
Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga (o'ngda) AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan, Tokio, Yaponiya, 2021-yil, 16-mart

Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga ertaga Oq uyga tashrif buyuradi. U Prezident Jo Bayden bilan uchrashish uchun Vashingtonga tashrif buyurayotgan ilk xorijy davlat yetakchisi.

Uchrashuvda AQSh-Yaponiya hamkorligiga alohida e’tibor qaratiladi. Xitoy ta’siri va qudrati kuchayib borayotgan bir paytda Bayden mintaqadagi hamkorlari bilan ittifoqchilik aloqalarini yanada kuchaytirish niyatida.

O’tgan yili hukumat tepasiga kelgan Suga Xitoyga qarshi keskinroq fikrlar bildira boshladi. U Pekin tomonidan inson huquqlarining buzilayotgani, Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlarida Xitoy kuchlarining faollashgani yuzasidan shikoyat qiladi.

Xitoy Yaponiyaning eng katta savdo hamkori, ayni paytda asosiy raqobatchisi hisoblanadi. Kuzatuvchilar fikricha, aloqalarni yanada sovuqlashtirmaslik uchun Suga Bayden bilan uchrashuv chog’ida Pekinni keskin tanqid qilishdan o’zini tiyadi.

Suganing tashrifi oldidan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Yaponiyani “Xitoyga qarshi noxolis qarashlarga ega ba’zi mamlakatlar tomonidan aldanib qolmaslik”ka chaqirdi. Shuningdek, shu oy boshida Xitoy AQSh askarlari joylashgan Okinava oroli yaqiniga hujumchi harbiy kemalar guruhini jo’natdi. Bu bilan Pekin AQSh-Yaponiya ittifoqiga qarshi turishga tayyor ekanini ko’rsatmoqchi, deydi kuzatuvchilar.

Yaponiyada, taxminan, 55 ming AQSh askari bor. Har ikki tomon bu harbiy hamkorlikni Osiyodagi tinchlik va barqarorlikning ustuni deb ataydi.

Yanvar oyida Oq uyga kirgan Prezident Jo Bayden AQSh-Yaponiya hamkorligini kuchaytirishga, xususan, sobiq prezident davrida e’tiborsiz qoldirilgan xalqaro tashkilotlardagi AQSh ishtirokini jonlantirishga alohida diqqat qaratmoqda.

Yaponiyaning AQShdagi elchisi Koji Tomita Vashingtonning yangi tashqi siyosatini olqishladi. Unga ko’ra, Xitoyga nisbatan ko’p tomonlama yondashish muhim.

“Biz Xitoy bilan barqaror aloqaga ega bo’lishni istaymiz. Lekin ayni paytda xavotirlarimiz haqida ochiq gapirishni davom ettiramiz”, - dedi u.

Yaponiya elchisi Xitoyning Gonkongdagi namoyishchilarga nisbatan kuch qo’llaganidan, uyg’ur musulmonlarga qarshi tazyiq siyosatidan Yaponiya xavotirda ekanini ta’kidladi.

Yaponiyaning yangi siyosati

Tayvanning huquqiy maqomi Xitoy bilan munosabatlardagi yana bir ziddiyatli masala. Yaponiyaning ba’zi yetakchilari Xitoyning Tayvanga nisbatan agressiv siyosatini to’xtatish uchun Vashington bilan yanada yaqinlashishni taklif qilmoqda. Pekin bu hududni o’ziga tegishli ekanini da’vo qiladi.

Tokiodagi Templ universiteti professori Jeyms Braunning aytishicha, Suga bu masalada Tayvan bilan hamnafas jamiyat va siyosiy guruhlar bosimiga uchrashi mumkin.

“Agar Suga Xitoyga qarshi keksinroq turmasa, nafaqat AQShning, balki o’z partiyasinng tanqidlari ostida ham qolishi mumkin”, - deydi u.

Ayni paytda Suganing imkoniyatlari cheklangan, deydi tadqiqotchi. Unga ko’ra, Xitoyning iqtisodiy, harbiy va boshqa yo’llar bilan katta ta’sir kuchiga ega ekanini Yaponiya yaxshi tushunadi.

Yaponiyaning Xitoyga nisbatan keskinroq siyosat yuritayotganidan AQSh qonunchilari ham mamnun. 2019-yilgacha AQShning Yaponiyadagi elchisi bo’lgan respublikachi senator Bil Xagertining aytishicha, AQSh ittifoqchilari nihoyat Xitoy solayotgan tahdidni ko’ra boshladi.

“Osiyoning qolgan davlatlari buni ko’ryapti. Menimcha, ular bizning modelimizga yaqinlashadi. Umidim shunday”, - deydi u.

“Ularning barchasini birlashtirib, demokratik qadriyatlarimiz, erkin bozor tamoyillarimiz eng to’g’ri yo’l ekanini ko’rsatishimiz kerak”, - deya qo’shimcha qiladi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG