Breaking News

Oq uy AQSh poytaxtini shtatga aylantirish tarafdori


Vashington - federal hudud, lekin uni shtatga aylantirish talabi azaldan yangrab keladi va shu kungacha Kongressda ovozdan o'tmagan

Bayden ma'muriyati nazarida poytaxt Vashington, Kolumbiya okrugi, aholisining hududni shtatga aylantirish talabi asosli. Kongress yangidan taklif qilinayotgan loyihani ma'qullasa, 51-shtat paydo bo'ladi.

700 mingdan oshiq odam yashovchi Vashingtonning Kongressda bevosita vakili yo'q. Bu aholi nomidan u yerdan hech kim ovozga ega emas. Faqatgina qo'mitada o'tiradigan nominal delegat bor.

Federal byudjet idorasiga ko'ra, poytaxt fuqarolari soliq to'lasa-da, demokratik imkoniyatlari cheklangan, chunki Senat va Vakillar palatasida ularning nomidan hech kim gapirmaydi.

Hozir muhokama qilinayotgan loyiha aynan shu maqsadga yetishni ko'zlaydi, ya'ni Kongressning har ikki qismida poytaxtning o'z odamlari bo'lsin. Har bir shtatdan ikki senator va saylovchilar soniga qarab vakillar bor.

Respublikachilar bunga tish-tirmog'i bilan qarshi, chunki Vashingtonda demokratlarning nufuzi baland va saylangan vakillar ham shu partiyadan bo'lishi aniq. Senat va Vakillar palatasida respublikachilar demokratlar ko'payishidan manfaatdor emas.

Respublikachilarning asosiy iddaosi shuki, AQSh bosh qomusi poytaxtni boshidan federal hudud deb belgilagan, u shtat sifatida hech qachon rejalanmagan.

Balki Vashington ahli qo'shni shtatlarning Kongressdagi vakillarini saylashda qatnashishi kerak, degan taklif ham berilgan. Ammo bu tavsiya mutlaq rad etilgan. Fuqaro o'z hududidan to'g'ridan-to'g'ri saylay olishi shart, deydi shtat talab qilayotganlar.

Vakillar palatasi masalani ko'rib chiqmoqda va ovozga qo'yish arafasida.

Oq uy bu borada Kongress bilan ishlashga tayyor. Yangi shtat tuziladigan bo'lsa, buning barcha qonun-qoidalari yuzasidan Bayden ma'muriyati qonunchilar bilan bir yoqadan bosh chiqarishga hozir ekanini bildirmoqda.

Poytaxt shtatga aylanishi silliq va tartibli ravishda kechishi kerak, deya eslatmoqda Oq uy rasmiylari.

Tuzilishi talab qilinayotgan 51 shtat xaritasi
Tuzilishi talab qilinayotgan 51 shtat xaritasi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG