Breaking News

Bloger Sattoriy sudi O'zbekiston uchun nimani anglatadi?


Hibsga olingan bloger Otabek Sattoriy

O’zbekiston jurnalistlari xalqaro matbuot kuni bilan taqdirlanishidan bir kun o’tib, 4-may kuni hibsdagi bloger Otabek Sattoriy ustidan sud muhokamasi yakunlandi. Prokurorlar unga 11 yillik qamoq jazosi berilishini so’radi. 10-may kuni hukm chiqishi kutilmoqda.

Mahalliy hokimiyatning tanqidchisi, ijtimoiy muammolarni dadil ko’tarib chiqishi bilan tanilgan bloger tovlamachilik, tuhmat, haqorat qilish kabi bir nechta ayblovlar bilan sud qilindi.

Prokurorning blogerga nisbatan 11 yillik qamoq jazosini so’rashi jamoatchilikni larzaga soldi, ijtimoiy tarmoqlar turli g’azabnok izohlar bilan to’lib toshdi. Blogerga so’ralgan bu jazo boshqa tanqidchilarni qo’rqitib qo’yishga ishora ekanligi, Prezident Shavkat Mirziyoyev bayonotlaridan qat’i nazar mamlakatda so’z erkinligiga toqatsizlik kengayib borayotgani ta’kidlandi.

O’zbekistonda so’z erkinligiga doir ahvol og’irlasha boshlagani bungacha mamlakatdagi vaziyatni ijobiy o’zgarishlarga moyil deb topgan xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof qilinmoqda.

Chegara bilmas muxbirlar (RSF) tashkiloti tomonidan dunyodagi so’z erkinligiga doir vaziyat bo’yicha e’lon qilingan so’nggi hisobotda O’zbekiston ko’rsatkichlari oxirgi yillarda davom etgan nisbiy o’sishlardan so’ng ilk bor pastladi.

Tashkilotning so’z erkinligi indeksi bo’yicha 2020-yil hisobotida O’zbekiston 156-o’rinda, 2021-yildagi hisobotda esa dunyoning 180 davlati ichida 157- o’rinda qayd etildi.

Bundan avval so’z erkinligi bilan shug’ullanuvchi yana bir xalqaro tashkilot, qarorgohi AQShda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) O’zbekiston bo’yicha maxsus bayonot bilan chiqqan, unda hukumatni qonunchilikka kiritilgan so’nggi o’zgarishlarni bekor qilishga chaqirgan edi.

O’zbekiston qonunchiligiga kiritilgan so’nggi o’zgartirishlarga ko’ra, internetda, ijtimoiy tarmoqlarda prezidentni haqoratlash, unga tuhmat qilganlik uchun 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi belgilandi. Axborot olish va tarqatishga doir yana bir o’zgarish ijtimoiy tarmoqlar orqali tartibsizlikka, ommaviy namoyishlarga da’vat etganlik uchun jinoiy javobraglik, qamoq jazosi belgilanishidan iborat bo’ldi.

CPJ bayonotida bu o’zgarishlarni O’zbekistonda kutilayotgan prezidentlik saylovlari, bu saylovlar arafasida so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat ustidan nazoratni kuchaytirish qarori mavjudligi bilan izohlaydi.

So’nggi yillarda O’zbekiston matbuotida kuzatilgan nisbiy ijobiy o’zgarishlarning barchasi qonunchilikka, ijtimoiy siyosiy muhitga emas, balki Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiga, bayonotlariga bog’lab kelindi.

Mamlakatda tanqidiy chiqishi uchun muammoga uchrayotgan jurnalistlar va blogerlarda ham qonun ustuvorligiga emas, balki Prezident Mirziyoyening matbuotni dadillikka chaqirgan bayonotlariga umid kuchli ekanligi kuzatiladi.

Ayni paytda hibsda, o’ziga nisbatan hukm chiqarilishini kutayotgan bloger Otabek Sattoriy ham sud muhokamalari davomida Prezident Mirziyoyevning blogerlarga qarata aytgan da’vatlariga ishonishini, shuning uchun tanqidiy chiqishlar qilib kelganini, prezident mahalliy hokimiyatlarning o’zboshimchaligidan xabarsiz qolayotganini ta’kidlab o’tdi.

Otabek Sattoriyga nisbatan hukm 10-may kuni chiqarilishi kutilmoqda. Ayrim xabarlarga ko’ra, sud hukmi Mirziyoyevning yaqin kunlarda Surxondaryoga rejalangan safari arafasida yoki bu safar ortidan chiqarilishi mumkin.

Otabek Sattoriyning ishini kuzatib kelayotgan jurnalistga ko’ra, bloger ustidan mahkama hukmi prezidentning Surxondaryoga tashrifi barobarida chiqarilishi jazo muddati prokuror so’ragan muddatdan bir qadar yumshoqroq bo’lishiga umid bermoqda, chunki blogerning mahkamasi jamoatchilik diqqatida turgan, jiddiy munozara bo’lgan masalaga aylangan.

Ammo tanqidiy chiqishlari uchun salkam yarim yildan buyon hibsda saqlanayotgan blogerga nisbatan mahkama oqlov hukmi chiqargan taqdirda ham bu voqeaning so’z erkinligi rivojiga xizmat qilish ehtimoli uzoq ko’rilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG