Breaking News

Xitoy: Uyg'ur darsliklarida "ekstremistik g'oyalar" bor


Xitoy davlat telekanalida efirga uzatilgan filmdan parcha
Xitoy davlat telekanalida efirga uzatilgan filmdan parcha

Xitoyda uyg’ur tilidagi ta’lim kitobi mualliflarini yomonotliq qiluvchi hujjatli film e’lon qilinishi ortidan bu mualliflarning xorijda yashovchi oila a’zolari o’z e’tirozlarini izhor qildi.

O’tgan oy davlatga qarashli Xitoy global teletarmog’i “Shinjonda terrorizmga qarshi kurash muammolari: ta’lim kitoblari” deb nomlangan 10 daqiqalik hujjatli film namoyish etdi. Unda kitobni chop etgan uyg’ur nashriyot uyi yetakchilari hamda Yolqin Ro’zi kabi muharrirlar 2003-yildan boshlab bolalarning ta’lim materiallariga “ekstremistik g’oyalar”ni singdirishga uringanlikda ayblanadi.

“Bu kitoblarni bolaligimdan o’rganganman”, - deydi hozirda qamoqqa olingan Yolqinning o’g’li Kamolturk Yolqin.

“Ularni o’qish men uchun adabiyotga zavqli sayohat edi va u yerda nafrat yoki radikalizmga chorlovchi hech narsa yo’q”, - deya qo’shimcha qiladi o’qish uchun 2014-yil AQShga kelgan Kamolturk.

Otasi 2016-yil oktabrda qamoqqa olinganidan beri u haqda hech narsa eshitgani yo’q.

“Filmda uning suratini birinchi marta ko’rganimda deyarli tanimadim. Uni qiynashgani aniq”, - deydi Yolqin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Zaharli” kitoblar

2-aprel kuni efirga uzatilgan 10 daqiqali filmda da’vo qilinishicha, Shinjon Ta’lim boshqarmasining sobiq rahbari Sattor Savut o’rinbosari Olimjon Memtimin, Shinjon ta’lim nashriyotining ikki sobiq rahbari Abdurazoq Sayim va Tohir Nosim hamda ikki yetakchi muharrir Yolqin Ro’zi va Vohidjon Usmon bilan “jinoiy to’da” tuzib, “muammoli” kitoblar orqali 2,3 million uyg’ur o’quvchining ongini ekstremistlik g’oyalar bilan zaharlashga uringan.

Xitoy matbuotiga ko’ra, bu olti uyg’ur rasmiysi 2017-yilda “mamlakatni bo’lishga urinish”da ayblangan. Savutga ikki yillik kechiktirilgan muddat bilan o’lim jazosi, qolgan uch rasmiyga umrbod qamoq hamda ikki muharrirga 15 yillik ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlangan.

Norvegiyada joylashgan uyg’ur tilshunosi va huquq faoli Abduvali Ayupning aytishicha, bu kitoblar aslida Pekinning “shaxsiy sifatlarni tarbiyalash” kampaniyasi asosida ishlab chiqilgan.

“Bu kitoblar ustida ishlagan ba’zi yetakchi xitoy rasmiylari filmda umuman tilga olinmagan. Oltita uyg’ur hamkasblar esa ayirmachi jinoyatchi sifatida ko’rsatilgan. Shuning o’zi sudning qalbaki ekaniga dalildir”, - deydi u.

“Zaharli” ekani da’vo qilingan 22 ta uyg’ur ta’lim kitoblarining “Amerika Ovozi” ko’rib chiqqan oltitasida materialni ko’rikdan o’tkazgan rasmiylar ro’yxatida nafaqat uyg’ur, balki xitoylar ham borligi ko’rinadi.

Kitoblar Xitoyni barcha 56 etnik guruhlarning, xususan, uyg’ur va xitoylarning vatani sifatida tasvirlaydi. Ularda Lu Xun kabi zamonaviy yetakchi xitoy yozuvchilarining hikoyalari, shuningdek, mashhur xitoy namoyandalarining biografiyalari ham o’rin olgan.

Oltinchi sinflar uchun mo’ljallangan adabiyot darsligida “Mening otam Li Dachjaoni eslab”, “Tungi ish” kabi Xitoy kommunistik yetakchilari hayotiga bag’ishlangan asarlar chop etilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Chjao Lijianning o’tgan oy aytishicha, bu film Pekinning Shinjondagi kampaniyasi “radikalizm va terrorizmga qarshi qaratilgan”ini yana bir bor isbotlaydi.

Hibsga olinganlarnig xorijdagi oila a’zolariga ko’ra, Xitoy rasmiylari bu kitob mualliflarini o’z davrida taqdirlagan edi.

Filmda ayblangan muharrirlardan biri Vohidjon Usmonning qizi Oyqanot Vohidjonning aytishicha, uning otasi taqdirlanganda davlat televideniyesi bu marosimni efirga uzatib, uning kitobini “juda yaxshi adabiy asar” deb baholagan.

Jorjtaun universiteti professori Jeyms Milvordning aytishicha, Xitoy darsliklarni taqiqlash orqali uyg’ur yetakchilari tomonidan tasvirlangan voqea va tarixiy hodisalarni o’zgartirishga urinmoqda.

Kitobda XX asrda yashab o’tgan uyg’ur yetakchisi Ahmadjon Qosimiyning surati ham bor. Uning kiyimida Sharqiy Turkiston respublikasi ramzi bo’lgan yulduz va yarimoy tasviri aks etgan. Bu esa Xitoy rasmiylari tomonidan darslikning separatizmga undayotganiga dalil sifatida ko’rsatilgan.

“Inglizzabon tomoshabinlar uchun nega Ahmadjon Qosimiyning surati va uning medali xavfli ekani tushunarsiz, chunki aslida u xavfli emas. U shunchaki tarixiy surat”, - deydi Milvord.

Qosimiy Sharqiy Turkiston respublikasi yetakchisi bo’lgan va 1940-yillarda hozirgi Shinjon viloyatining shimolini boshqargan. 1945-yilgi Xitoy-Rossiya do’stlik kelishuvi imzolanishi ortidan Qosimiy Sharqiy Turkistonni Xitoy bilan birga boshqarishga kelishib olgan. 1949-yil u aviahalokatda shubhali tarzda vafot etgach, Xitoyning o’sha paytdagi yetakchisi Mao Tzedun Qosimiyni “butun Xitoy xalqining xotirasida abadiy yashashga loyiq” inson deb maqtagan edi.

Milvordga ko’ra, Qosimiy nomi Xitoyning rasmiy tarix kitoblarida qariyb 70 yil davomida tilga olingan va faqat Prezident Si Zinpin davriga kelibgina u haqda gapirish taqiqlangan.

Xitoyning uyg’urlarga qarshi repressiv siyosati 2016-yil avgustda Kommunistik partiyaning Tibetdagi sobiq rahbari Chen Kuanguo partiyaning mintaqadagi yangi bosh kotibi etib tayinlanishi ortidan kuchaydi. Chen ma’muriyati milliondan ortiq uyg’urning majburiy lagerlarga tashlanishi uchun asosiy javobgar ekani aytiladi.

Uyg’ur inson huquqlari loyihasi ijrochi direktori Umar Qanotning aytishicha, bu film uyg’ur madaniyati va tarixini yo’q qilishga qaratilgan kampaniya mavjudligiga “so’nggi dalil”dir.

“Ta’lim vazirligi tomonidan o’n yildan ziyod tasdiqlab va nazorat qilib kelingan bu bolalar darsliklarining bugun qandaydir “zo’ravon” adabiyotga aylanib qolishining o’zi mantiqsizlik”, - deydi Qanot.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG