Breaking News

Turkiya hukumati Suriyadagi jihodchilarni moliyalaganlikda ayblanmoqda


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiya hukumati Suriyadagi jihodchilarni moliyalash va qurollantirishda ayblanmoqda. Bu haqda xorijga chiqib ketgan mafiya yetakchisiing “YouTube” kanaliga qo’yib borilayotgan videolarda da’vo qilinadi.

“YouTube” orqali millionlab tomoshabinga ega Sedat Pekerning iddao qilishicha, Turkiya hukumati Suriyadagi jihodchi guruhlardan neft sotib olib, evaziga ularni qurol bilan ta’minlagan. Videolaridan birida Peker Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’anning yordamchilari bu ishlarni qanday amalga oshirgani haqida tafsilotlari bilan taqdim etadi.

Bir paytlar hukumatga yaqin ekani aytilgan Peker xorijga qochib ketishi ortidan “YouTube”dagi kanalida haftalik videolar e’lon qilib bormoqda.

Tahlilchi Attila Yeshilodaning aytishicha, uning tomoshabinlari soni juda tez oshib bormoqda.

“Har bir videoni 4-5 million odam ko’ryapti. U aytayotgan har bir gap muxolifat kanallari orqali tekshirilyapti. Shu bois bu gaplardan hamma xabardor. U yetkazayotgan eng katta zarar, tabiiyki, 90-yillarda yuz bergan noqonuniy qotilliklar haqidagi fayllar”, - deydi tahlilchi.

Pekerning da’vo qilishicha, “parallel davlat” deb atalgan maxfiy tashkilot boshida sobiq ichki ishlar vaziri Mehmet Agar turgan. 1990-yillarda bir qator taniqli jurnalistlarning o’ldirilishi ortida shu tashkilot turgani aytiladi. Agar Erdog’anga yaqin odam bo’lib, uning o’g’li hukmron partiyaga mansub deputatlardan biri hisoblanadi.

Agar bu da’volarni rad etdi. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti vakili Erol Onderogluning aytishicha, hukumat shaffof tekshiruv o’tkazishi lozim.

“Avvalo, parlament tekshiruv o’tkazishi kerak. Hukumat ba’zi davlat amaldorlarini tilga olmasdan buni qilishning iloji yo’q. Jamoatchilikni tinchlantirish va qurbonlar oilalariga hurmat ko’rsatish maqsadida oshkoralik muhim”, - deydi u.

Prezident Erdog’an ham ayblovlarni ikor etdi.

Unga ko’ra, bu da’volar uni hokimiyatdan ag’darishni ko’zlagan xorijiy kuchlarning ishi.

Peker esa yangi-yangi ayblovlarni e’lon qilishda davom etmoqda. Uning yana bir da’vosiga ko’ra, Erdog’anning yaqin safdoshi, sobiq bosh vazir Binali Yildirimning o’g’li Turkiyada qoradori savdosi bilan shug’ullanadi. U Turkiyani Yevropaga giyohvand moddalar tashuvchi va tarqatuvchi markazga aylantirdi, deydi Peker. Yildirim bu da’volarni rad etdi.

Erdog’an siyosiy mashmashalardan butun chiqishga o’rgangan tajribali siyosatchi. Ammo, deydi Yeshiloda, iqtisodiy inqiroz chuqurlashgan va jamoatchilik noroziligi yuqori bo’lgan hozirgi paytda prezident navbatdagi mojaroni bostirishga qiynalishi mumkin.

“Peker videolari yetkazgan zararni tuzatish uchun mo’jiza kerak bo’ladi. Paydo bo’lgan manzara shuki, bu hukumat shaxsiy manfaatlar va yaqinlar uchun qurilgan hmda saylovchilarni butunlay unutgan”, - deydi tahlilchi.

Peker hukumat sirlarini fosh etuvchi yana ko’plab videolar chiqarishni va’da qilmoqda. U bu ma’lumotlarni hukumatga yaqin doiralarda o’tkazgan 20 yillik umri davomida o’rganganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG