Breaking News

AQSh IShIDga yordam bergan bir necha shaxsga sanksiya qo'lladi


AQSh Moliya vazirligiga ko'ra, IShID ixtiyorida 100 million dollargacha naqd pul bor.
AQSh Moliya vazirligiga ko'ra, IShID ixtiyorida 100 million dollargacha naqd pul bor.

AQSh “Islomiy davlat” terror guruhini moliyalashda ishtirok etgan shaxs va kompaniyalarni jazolashda davom etadi. So’nggi xabarlarga ko’ra, terrorchi tashkilotga Turkiya orqali pul jo’natgan bir necha shaxs va kompaniya Vashington nishoniga tushgan.

AQSh Moliya vazirligining dushanba kuni e’lon qilishicha, terrorchi guruhning moliyaviy tarmog’ida muhim o’rin egallagan uch kishi va bir kompaniyaga sanksiyalar joriy qilingan.

Jazolangan shaxslardan biri Ala Xanfura Turkiyada joylashgan pul o’tkazish kompaniyasi orqali Suriyadagi IShID jangarilariga minglab dollar mablag’ jo’natgan. Vazirlik rasmiylariga ko’ra, 2017 va 2019-yillar Xanfura IShID yetakchilari orasida pul almashish operatsiyalarini tashkillashtirib bergan.

Turkiyada joylashgan Al-Fay pul xizmatlari ko’rsatish kompaniyasi hamda aka-uka Idris Al-Fay va Ibrohim Al-Fay ham AQSh Moliya vazirligi sanksiyalariga yo’liqdi.

Idris Al-Fay IShID a’zolariga pul yuborishda shu kompaniyadan foydalangan. Rasmiylar bayonotiga ko’ra, u hozir Iroqda hibsda.

Al-Fayning ukasi Ibrohim shundan so’ng kompaniya boshqaruvini o’z qo’liga olib, Suriya va Iroqdagi jangarilarga pul jo’natishda davom etgan.

“Ma’muriyatimiz IShIDning qayta bosh ko’tarishiga yo’l qo’ymaslik hamda guruhning terrorchilarni moliyalash tarmoqlariga, qayerda bo’lishidan qat’i nazar, qarshi turish ahdida qat’iy”, - dedi AQSh Moliya vazirligining Tashqi mulklarni nazorat qilish bo’limi boshlig’i Andrea Gaki.

Ikki yil avval “Islomiy davlat” e’lon qilgan “xalifalik” mag’lub qilinganiga qaramay, AQSh rasmiylari hisobiga ko’ra, guruh ixtiyorida hanuz o’nlab million dollar naqd pul bor. Shu yil boshida Moliya vazirligi bu mablag’ miqdori 100 million dollar va hatto undan ham ko’p bo’lishi mumkinligini aytgan edi.

“IShID faolligicha qolmoqda va moliyaviy tizimdan foydalanishda davom etmoqda”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

“Yaqin Sharq davlatlarida IShID pul xizmatlarini ko’rsatuvchi muhim bizneslarga tayandi, xuddi bugun sanksiyaga tortilganga o’xshash kompaniyalarga. IShIDni mag’lub qilish global koalitsiyasi guruhning mintaqa bo’ylab millionlab dollar pul tarqatish kabi noqonuniy moliyaviy faoliyatini nishonga olishda davom etadi”, - deya qo’shimcha qildi u.

Shu yil boshida AQSh rasmiylari terrorchilar moliyaviy tranzaksiyalar uchun Suriyadagi al-Hol qochqinlar lageridan foydalanayotgani haqida xavotir bildirgan edi. Lagerdagi xavfsizlik kuchlari IShIDga aloqador odam yollash va moliyaviy operatsiyalarni aniqlashda qiyinchilikka yuz tutgan.

Aprelda AQSh himoyasidagi Suriya Demokratik kuchlari lagerda amaliyot o’tkazib, IShIDga aloqador deb ko’rilgan 150 dan ortiq odamni hibsga oldi. Ular orasida “guruh yetakchilari” ham borligi da’vo qilindi.

AQSh Moliya vazirligining ogohlantirishicha, al-Hol lagerida va boshqa hududlarda IShIDning moliyaviy tarmoqlarini yo’q qilishga qaratilgan amaliyotlar o’tkazilayotgan bo’lsa-da, guruh tovlamachilik, talon-taroj va garov evaziga odam o’g’irlash kabi jinoyatlar orqali hanuz mablag’ yig’ishning uddasidan chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG