Breaking News

Afg’oniston shimoli va shimoli-sharqida og’ir to’qnashuvlar davom etmoqda


Ba’zi hududlarda harbiylar Tolibonga qarshi jiddiy jang qilayotgan bo’lsa, ayrim hududlar hech qanday qarshiliksiz boy berilmoqda.

“Amerika Ovozi” shiddatli to’qnashuvlarga guvoh bo’lgan, Shibirg’on-Sari Pul umumiy yo’lidagi hududlarni ko’zdan kechirdi. Shibirg’onning Seshanba, Zakka, Mangutay kabi qishloqlari so’nggi bir oyda qonli janglarga guvoh bo’lgan.

Hozirgi kunda urush to’xtagan. Toliblar va harbiylar go’yo otashkesin e’lon qilgandek. Odamlar vaziyat haqida xavotirda ekan, harbiylar Tolibonga yo’l bermasligini ta’kidlaydi.

“Seshanba qishlog’idagi harbiy bazada 70-80 nafar turamiz. Odamlar tashvish qilmasinlar. Bir qatra qonimiz boricha urushamiz. Tuproq bizniki, nomus bizkini. Bu yigitlar bor ekan, toliblar Shibirg’onni egallay olmaydi”, - deydi Abdul G’affor ismli harbiy qo’mondon.

Yetti yoki sakkizta harbiy bazada qariyb 1000 nafar harbiylar joylashgan. Ular o’z hududlarini himoya qilish uchun qurol ko’tarmoqda. Milliy Junbish partiyasi rahbari va sobiq Vitse-prezident, marshal Abdul Rashid Do’stum tarafdorlari ular.

“Toliblar hududlarimizni ishg’ol qilmoqchi. Begonalarga navkar bo’lmaganmiz, bundan keyin ham bo’lmaymiz. Agar marshal Do’stum buyursa men kabi minglab yigitlarning beli bog’langan. Pul-imtiyoz uchun emas, vatanimiz va millatimiz uchun jang qilamiz”, - deydi Abdul Bashir, harbiy.

Juzjon viloyati hokimi Muhammad Hoshim Rais tez-tez harbiylardan xabar olayotganini aytadi. Uning aytishicha, toliblar katta talafot ko’rib, ortga chekingan.

“Harbiylar ham talafot ko’rgan. Lekin uzoq-yaqindan kelgan toliblardan qariyb 200 nafari halok bo’lgan”, - deydi Muhammad Hoshim Rais.

Hokim aholining harbiylar bilan hamkorligidan rozi.

Afg’oniston xalqi sulh istaydi, ular tinchlikka tashna. Lekin afsuski toliblar jangga urg’u bermoqda. Davlat yo’l, maktab, klinika, ko’priklar qursa, toliblar bunday inshootlarni buzib tashlamoqda

“Afg’oniston xalqi sulh istaydi, ular tinchlikka tashna. Lekin afsuski toliblar jangga urg’u bermoqda. Davlat yo’l, maktab, klinika, ko’priklar qursa, toliblar bunday inshootlarni buzib tashlamoqda”, - deydi Juzjon hokimi.

Shibirg’on-Sari Pul cheragasidagi harbiylar va qurolli toliblar orasidagi masofa 2-3 kilometrni tashkil etadi. Tolibon hududiga borish mumkin emas. Qatnov yo’l hatto tinch aholi uchun ham yopiq.

Vaziyat, to’qnashuvlar va talafotlar haqida Tolibon guruhi so’zlovchisi Zabihulla Mujohid o’zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozib turadi.

Ahvol og’irlashishi, aholining davomiy tanqid-shikoyatlari natijasida mudofaa va ichki ishlar vazirlari ishdan olindi. Yangi rasmiylar tayinlandi.

Jang shiddatli ekaniga qaramay, muzokaralar ham bekor qilinmagan. Qatar poytaxti Doxada hukumat va Tolibon vakillari uchrashayotgani aytiladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG