Breaking News

Saylov oldidan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi yangi farmon va qarorlar


Chapdan Bosh vazir Abdulla Aripov, Prezident Admiistratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov va O'zbekiston iqtisodiyoti va moliya sektori uchun mas'ul vazirlar va maslahatchilar, Toshkent, 5-iyul

O’zbekiston korrupsiyada ayblanganlarning ochiq elektron ro’yxatini tuzmoqchi. Bu ro’yxatga faqat yangi korrupsion jinoyatlar kiritiladi.

Bu haqda 6- iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda gap boradi.

Korrupsionerlarning elektron reyestri yaratiladi. Bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

“Belgilansinki, Reyestrga mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan qonun kuchga kirganidan so’ng korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar kiritiladi”, - deyiladi farmonda.

Prezident Mirziyoyev, Toshkent, 5-iyul, 2021
Prezident Mirziyoyev, Toshkent, 5-iyul, 2021

Nazarda tutilayotgan korrupsiya jinoyatlarini sodir etgan shaxslar reyestrini tartibga soluvchi qonun loyihasini ishlab chiqish uchun tegishli idoralarga uch oy muhlat berilgan.

Shu muddatda qonun loyihasi prezident devoniga taqdim etilishi kerak. Loyiha Qonunchilik palatasi muhokamasiga qo’yilishi, Senat tasdig’idan o’tishi, prezident tomonidan imzolanishi nazarda tutilsa, ochiq elektron ro’yxat qachon e’lon qilinishini taxmin qilish qiyin.

Farmon bu ro’yxatga kiritilgan shaxslarni bir qator huquqlardan, jumladan siyosiy erkinliklardan ham mahrum etadi.

Ta’kidlanishicha, ro’yxatga kiritilganlarning nomzodini saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga surish taqiqlanadi. Bundan tashqari ular davlat xizmatlari rahbarlik lavozimlariga qabul qilinmaydi hamda tadbirkorlik va davlat xaridlari bilan bog’liq jarayonlarga qo’yilmaydi.

Reyestrni yuritish Korrupsiyga qarshi kurashish agentligiga yuklatilgan.

Farmonga muvofiq, 2022- yilning yanvaridan boshlab davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolari mol-mulki va daromadlarini majburiy deklaratsiya qilish tizimi ishga tushishi kerak.

Deklaratsiya taqdim etmaslik, noto’g’ri ma’lumotlar berish davlat xizmatidan chetlatilish, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar bilan jazolanadi.

Farmonda majburiy deklaratsiyaga doxil davlat xizmatchilari, ularning oila a’zolari toifasini aniqlashtirish maqsadida “Davlat xizmatchilarini mol mulkini deklaratsiya qilish tizimi to’g’risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, jamoatchilik muhokamasidan o’tkazishga topshiriq beriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurash yuzasidan ishlab chqilishi kutilayotgan yana bir qonun loyihasi “Manfaatlar to’qnashuvini tartibga solish to’g’risida”. Bu loyiha Adliya vazirligi, agentlik, Bosh prokuratura va Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi ishtirokida uch oy muddatda ishlab chiqilishi kerak.

6-iyul kuni O’zbekiston prezidenti “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etish chora tadbirlari to’g’risidagi” qarorini ham imzolagan. Mirziyoyev qator choralarni amalga oshirishni buyurgan.

Jumladan, 2021- yilning sentabridan davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida tashkil etish, 2021- yilning oktabr oyidan mahalliy hokimiyatlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini joriy etish, joriy yilning avgustidan boshlab esa davlat xaridlariga doir tender natijalarini ochiq e’lon qilish.

Hokimiyatdagi korrupsiya O’zbekistonning eng og’ir muammolaridan biri. Buni Prezident Mirziyoyevning o’zi ham bir necha bor e’tirof etib, una qarshi ayovsiz kurashishini aytgan. Ammo mamlakatda korrupsiya ko’lami kamaymadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashga doir yangi farmon va qarorlar esa Mirziyoyevning besh yillik prezidentlik muddati yakunlanayotgan davrda chiqmoqda.

Joriy yilning oktabrida O’zbekiston prezidentligi uchun navbatdagi saylovlar o’tishi kerak. Saylov kampaniyasi hali boshlanmadi. Mamlakatda korrupsiya hamon chuqur ildiz otgani esa jamoatchilikni qiynab kelayotgan asosiy muammo deya qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG