Breaking News

Sarhisob: 2020-yilda O'zbekistondagi asosiy voqealarga nazar


Pandemiya bilan boshlangan 2020-yil O’zbekiston uchun ham og’ir keldi. O’tayotgan yil faqat pandemiya inqirozidan iborat bo’lmadi.  “Amerika ovozi” yakunlanayotgan yilda prezident Mirziyoyev hokimiyatini sinovdan o’tkazgan asosiy voqeliklarga to’xtab o’tadi.

2020-yil Mirziyoyev prezidentligining eng og’ir davri bo’ldi deyish mumkin, buning sababi faqat pandemiya inqirozida emas. Epidemiyadan tashqari ham jamiyatni larzaga solgan, hokimiyat mavqeiga jiddiy zarba bergan voqeliklar kuzatildi.

2020-yil: Mirziyoyev hokimiyatini sinovdan o’tkazgan asosiy voqealar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:48 0:00

Bulardan eng yirigi shubhasiz Sardoba toshqini bo’ldi. “Amerika ovozi” mutaxassislar bilan falokat sababini tahlil qilgan, asosy omil korrupsiya ekanligi, Mirziyoyev rahbarligida qurilgan to’g’onning qulashi uning mavqeiga putur yetkazgani haqida mulohazalar bildirilgan edi.

Ayni paytda Sardoba falokati sabablari davlat sirlari toifasiga kiritilgani bois aybdorlar ustidan yopiq sud mahkamasi o’tayotganligini ta’kidlash kerak.

Sardoba to'g'oni buzilgan qismining uzoqdan ko'rinishi
Sardoba to'g'oni buzilgan qismining uzoqdan ko'rinishi

O’zbekistonda iyul oyida pandemiya inqirozi cho’qqiga chiqdi, jamoatchilikda hukumat choralariga nisbatan ishonchsizlik kuchaydi, sog’liqni saqlash tizimi “qulashi” mumkinligi e’lon qilindi.

Inqiroz davridagi eng achinarli holat esa vatanga qaytish ilinjidagi minglab o’zbekistonliklarni xorijdagi vokzallar, aeroportlar va chegara hududlarida, ochiq dalalarda qolib ketishi bo’ldi. Ijtimoiy tarmoqlar prezidentdan yordam so’ralan yoki hukumatni ayovsiz tanqidga olgan murojaatlar bilan to’ldi.

O’zbekiston hukumati uchun jiddiy sinov bo’lgan faktorlardan biri bevosita korrupsiya bilan bog’liq. Xalqaro, mahalliy matbuotda korrupsiyaga doir ko’plab surishtiruvlar e’lon qilindi, ammo ular hukumat tomonidan ochiq o’rganilmadi.

Bosh prokuror Nig’matilla Yo’ldoshevning korrupsiyaga aloqadorligiga da’volar ham “faktlar mavjudligi” haqidagi iddaolarga qaramasdan inobatsiz qoldirilgan ko’rinadi.

O’zbekiston hukumati islohotlarini amalda, aholi hayotida aks etmayotgani, ayniqsa, energetik inqirozda ko’rinadi.

Gaz va chiroq yetishmovchiligi sababli aholi markaziy yo’llarni to’sib, avtomobil balonlarini yoqib, o’z noroziligini shu tarzda namoyish etmoqda.

Yil yakunlanar ekan “Ijtimoiy fikr” markazi aholi o’rtasida o’tkazgan so’rov natijalarini ochiqladi. Unga ko’ra, 60 foizdan oshiq ishtirokchilar hukumatning 2020 yildagi faoliyatini ijobiy baholagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG