Breaking News

O'zbekistonda prezident saylovi Karimov usulida o'tadimi?


Markaziy saylov komissiyasi rasmiy partiyalarning saylov sanog’ida ishtirok etuvchi vakolatli vakillarini ro’yxatga olgan. Prezidentlikka nomzod ko’rsatish vakolatiga ega beshta partiya vakillariga tegishli guvohnomalar topshirilgan.

Guvohnomalarni qabul qilib olgan rasmiy partiyalar esa hozircha prezidentlikka nomzod aniqlashga shoshilayotgani yo’q. Bu gal kimlar iqtidordagi nomzod uchun “muqobillik” rolini o’ynab berishi mumkinligi - natijasi avvaldan ma’lum prezident saylovidagi yagona mavhumlik bo’lib turgani ta’kidlanadi.

Komissiya e’loni ortidan saylovga hozirlikka kirishgan rasmiy partiyalar o’z ishtiroklarini logotiplarni yangilash bilan boshlashayotgani kuzatiladi.

29-iyul kuni Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashining kengaytirilgan majlisi o’tkazilgan. Majlisda partiyaning yangi logotipi, ramzi tasdiqlangani xabar qilinadi.

Avvalroq prezidentlikka nomzod ko’rsatish vakolatiga ega yana bir partiya, “Milliy tiklanish” ham prezidentlik saylovlari arafasida partiyaning yangi ramzini e’lon qilgan edi.

“Adolat” partiyasi ham saylovga tayyorgarlik masalasini muhokama qilgan, yaqin kunlarda partiya syezdi chaqirilishi bildirilgan.

O’zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovda qatnashishga doir guvohnoma qabul qilib olingani haqida xabar beradi. Partiyaning prezidentlik saylovidagi ishtirokiga doir tadbirlar hozircha ochiqlanmagan.

Iqtidordagi O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasida ham saylov tadbirlariga shoshilayotgani yo’q. Prezident Shavkat Mirziyoyev o’tgan saylovlarda liberal partiya tomonidan prezidentlikka surilgan edi.

2016-yildagi prezidentlik saylovlarida 90 foizdan oshiq ovoz bilan g’alaba qilgan Mirziyoyevga “Adolat” partiyasidan Narimon Umarov, “Milliy tiklanish”dan Sarvar Otamurodov, Xalq demokratik partiyasidan Hatamjon Ketmonovlar raqiblik qilishgan edi.

Bu saylovda mag’lubiyatga uchragan nomzodlarning aksariyati ayni paytda partiyalar liderligida emas. Shundan kelib chiqilsa, bu gal iqtidordagi partiya nomzodiga yana shu partiyalardan faqat yangi nomlar raqiblik qiladi.

Mavjud qonunchilikka ko’ra, prezidentlikka nomzodlar faqat Adliya vazirligi ro’yxatidan o’tgan rasmiy partiyalar tomonidan surilishi mumkin. Hukumatdan mustaqil bo’lgan siyosiy partiyani ro’yxatdan o’tkazish o’ta murakkab masala.

Mamlakatda so’nggi bor ro’yxatdan o’tkazilgan siyosiy tashkilot hukumat tomonidan tashkil etilgan O’zbekiston Ekologik partiyasi hisoblanadi. Muxolif partiyaning ro’yxatdan o’tish tarixi esa o’tgan asrning 90-yillarida kuzatilgan. O’sha paytda bunday imkoniyatga ega bo’lgan “Erk” partiyasining rasmiy maqomi ham ko’p o’tmasdan bekor qilingan edi.

Bu tarixdan salkam 30 yil o’tishiga qaramasdan O’zbekistonda hamon muxolif partiyalarga nisbatan taqiq kuchda. Xorijda quvg’inlikda bo’lgan muxolifat liderlarining O’zbekistonga qaytishiga izn berilmadi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishidan so’ng mamlakat ichkaridan chiqqan muxolifatga qarshi emasligi haqida bayonot berdi. Buning ortidan mahalliy faollar mustaqil siyosiy partiyalar tashkil etish, ro’yxatdan o’tkazish harakatini boshlashdi. Ammo muttasil bosim, tazyiq va tahdidlar ostida faoliyat yuritish mustaqil siyosiy partiyalarga ro’yxatdan o’tish imkoniyatini bermadi.

Demokratik, ochiq, adolatli va raqobatli saylovlar mustaqil O’zbekistonning asosiy muammosi sifatida qolmoqda.

Karimovning chorak asrlik diktaturasi davomida demoktratik saylovlar O’zbekiston uchun imkonsiz qoldi, ammo uning o’limi ortidan o’tayotgan ikkinchi prezidentlik saylovlari ham Karimovdan meros qolgan siyosiy nayrang asosida o’tkazilishi haqiqatga yaqin ko’rilmoqda.

O’zbekiston prezidenti uchun saylov 24-oktabrda o’tadi. Saylovga 80 kundan oshiq vaqt qolmoqda. Qonunchilikka ko’ra, saylovga 45 kun qolguncha prezidentlikka nomzodlar ko’rsatilishi, 35 kun qolguncha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatdan o’tkazilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG