Breaking News

Faollar: Kompaniyalar qishki olimpiada homiyligidan voz kechsin


Pekindagi qishki olimpiya o'yinlariga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, Lozanna, Shveysariya, 2021-yil, 23-iyun.
Pekindagi qishki olimpiya o'yinlariga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, Lozanna, Shveysariya, 2021-yil, 23-iyun.

Tokio olimpiadasi nihoyasiga yetishi ortidan huquq faollari 2022-yil Pekinda bo'ladigan Qishki olimpiya o’yinlariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortishga urinmoqda. Ularga ko’ra, inson huquqlari keskin poymol etiladigan mamlakatda bunday xalqaro musobaqaning o’tkazilishi insoniyat uchun uyat.

Faollar nufuzli korporatsiyalarni musobaqadagi homiylik shartnomalarini bekor qilishga chaqirmoqda.

Bir qancha davlatlar hukumatlari, jumladan, AQSh Xitoy hukumatining G'arbiy Shinjon mintaqasida uyg'urlarga nisbatan olib borayotgan tazyiq siyosatini genotsid deb atagan. Xitoy, shuningdek, Gonkongda demokratiya tarafdorlari namoyishlarini bostirgani hamda Tibet va Ichki Mongoliyada ozchilik elatlar erkinligini bo’g’ib kelayotgani keskin tanqid qilinadi.

Faollar bo'lajak o'yinlarni boshqa joyga ko'chirishga yoki hech bo'lmaganda yirik korporativ homiylar musobaqani qo'llab -quvvatlashdan voz kechishiga umid qilmoqda

Bu maqsadlarning amalga oshishi ehtimoli past

O'yinlarni boshqa joyga ko'chirish deyarli imkonsiz bo'lib tuyulsa -da, faollar fikricha, Xitoydagi inson huquqlari buzilishiga e'tibor qaratish homiylarga ta'sir o’tkazishi mumkin. Pekindagi qishki olimpiya o'yinlari 4 - 20-fevral kunlari bo'lib o'tadi.

"O'ylaymanki, albatta, imkoniyat bor. Shubhasiz, ularga bosim kuchaymoqda", - deydi Xalqaro Tibet tarmog'i ijrochi direktori Mendi Makkaun.

Ko'plab kompaniyalar Xalqaro olimpiya qo’mitasi bilan marketing bitimlarini imzolaydi. Homiy kompaniylar orasida “Coca-Cola”, “General Electric”, “Visa”, “Intel” va “Toyota” kabi taniqli brendlar bor.

Aksariyat yirik kompaniyalar inson huquqlari masalasiga befarq emasliklarini korporativ siyosat darajasigacha olib chiqqan. Bu esa ularning Pekin o'yinlaridagi ishtirokini savol ostiga qo’ymoqda.

Kompaniyalar sukutda

Noroziliklarga qaramay, Olimpiada o'yinlarida korporativ homiy sifatida qatnashayotgan ko’plab kompaniyalar e’tirozlarga sukut bilan javob bermoqda.

"Biz homiylardan hozirgacha hech qanday javob olmadik", - deydi Myunxendagi Jahon Uyg'urlari Kongressining Yevropa Ittifoqi bo’yicha koordinatori Koen Stup.

O’tgan oy oxirida AQSh Kongressi Ijro komissiyasi huzurida o’tgan Xitoyga oid tinglovda Olimpiadaga homiylik qilayotgan ba’zi kompaniya vakillari ham so’roqqa tutildi.

"Biz sportchilarga ergashamiz"

AQShning har ikki siyosiy partiyasiga mansub qonunchilar tinglovda “Coca-Cola”, “Intel”, “Procter & Gamble”, “Airbnb” va “Visa” kompaniyalarini biznes manfaatlarini yo’qotishdan cho’chib Xitoy hukumatiga qarshilik ko'rsatishdan qo'rqishda aybladi.

"Siz AQShdagi tanqidchilardan qo'rqmaydigan darajada ulardan qo'rqasiz. Menimcha, bu uyat", - dedi Nyu-Jersi shtatidan demokrat qonunchi Tom Malinovski.

Kompaniya yetakchilari tinglovda Xitoyni tanqid qiluvchi izohlarni bildirishdan o’zini tiydi. O'yinlarni boshqa joyga o'tkazish kerakmi, degan savolga ularning ko'plari “Coca-Cola” kompaniyasining inson huquqlari bo'yicha vitse-prezidenti Pol Lalliga o'xshash javob berdi.

“Biz mezbonlik qiladigan joylar to'g'risida qaror qabul qilmaymiz. Qayerda bellashmasin, biz sportchilarga ergashamiz", - dedi Lalli.

Xitoy Olimpiada homiylariga bosim o'tkazayotgan Kongress tingloviga, ayniqsa, ayrim qonunchilar takrorlagan genotsid aybloviga g'azab bilan javob berdi.

“Associated Press” axborot agentligiga bergan bayonotida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi genotsid haqidagi da'volarni "asr yolg'oni" deb atadi.

"Bu Olimpiya xartiyasi ruhining jiddiy buzilishidir hamda barcha mamlakatlar sportchilarining manfaatlariga va xalqaro olimpiada ishiga putur etkazadi. Xitoy buni qat'iyan rad etadi", deyiladi Pekin chiqargan bayonotda.

"Genotsid o'yinlari"

Kompaniya rahbarlarining Pekindagi musobaqa masalasida sportchilarga ergashishi haqidagi bayonoti huquq faollarini norozi qildi.

"Agar ular sportchilar haqida qayg'ursa va sportchilarni birinchi o'ringa qo'ysa, ular o'z ta'siridan foydalanib Xalqaro Olimpiya qo’mitasini bu to'g'ri emasligiga ishontirishlari kerak. Sportchilarning genotsid o'yinlari deb atalayotgan musobaqada medallarni qo'lga kiritishiga yo’l qo’ymasliklari lozim", - dedi Xalqaro Tibet tarmog'i rahbari Mendi Makkaun.

Murakkab qaror

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Pekin o'yinlari homiysi bo'lishni tanlagan kompaniyalar foyda va zarar miqdorini tahlil qilib, shunday qarorga kelgan.

Sirakyuz universitetida Sport menejmenti professori Rik Burtonning aytishicha, kompaniyalar “yetti o’lchab bir kesadi”.

"Ular nafaqat AQShda, balki butun dunyo bo'ylab homiylik qiymatini ko'rib chiqmoqda. Demak, “Coca-Cola” yoki “Visa” Qo'shma Shtatlarda qandaydir bosimga uchrashini biladi, lekin Xitoyda yoki Avstraliyada yoki Germaniyada bu masalalar Qo'shma Shtatlardagidek darajaga ko'tarilmasligini ham bilishadi”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, kompaniyalarning qanday qaror qabul qilishi, aksariyat hollarda, sarmoyadorlarning ulardan nima talab qilishiga va bu qarorlar aksiyalar narxiga qanday ta’sir qilishiga bog’liq.

Ko'p yillik majburiyatlar

Smit kollejining iqtisodiyot professori, sportning iqtisodiy jihatlarini o'rgangan Endryu Zimbalistning aytishicha, Olimpiya o’yinlari homiylarining qaror qabul qilish jarayonini sodda deb o’ylamaslik kerak.

"Menimcha, tahdidni yoki homiylikning salbiy oqibatlarini aniq raqamlarda ifodalab berish qiyin", - deydi u.

Kompaniyalar, odatda, uzoq yillik shartnomalar tuzadi. Bitimlar avvaldan bir necha yilga yoki bir necha olimpiada uchun tuzilgan bo’lishi ham mumkin. Bu esa shartnomalardan chiqishni yanada qiyinlashtiradi.

"Ba'zi kompaniyalar Pekindan keyingi davrni ham o’ylaydi, - deydi Zimbalist. - Eng yaxshi homiylik ba'zan uch yoki to'rtta olimpiadadan keyin bilinadi”.

Uning so'zlariga ko'ra, kompaniyalar, ehtimol, Pekindagi olimpiadadan iqtisodiy zarar ko’rar, ammo ular uzoq muddatni o’ylab reja tuzadi.

"Ular Pekinga qarab, bunisiga sabr qilishimiz kerak; oldinda yaxshi kunlar bor, deb o’ylashadi", - deydi Zimbalist.

Faollar umidini uzgani yo’q

Faollarning asosiy maqsadi homiylarni Pekin o'yinlaridan butunlay voz kechishga undash bo'lsa -da, ko'pchilik bunga erishib bo’lmasligini tushunadi va shu bois kichik bo’lsa-da, har qanday o’zgarishni qabul qilishga tayyor ekanini aytadi.

"Olimpiada paytida uyg'urlarning genotsidi yoki uyg'ur xalqi bilan nima bo'layotgani to'g'risida xabardorlikni oshiradigan har qanday narsa, hatto imo -ishoralar ham bu biz uchun ijobiy natija”, - deydi Stup.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG