Breaking News

AQSh Senati 3,5 trillion dollarlik infratuzilma rejasini qabul qildi


Senator Berni Sanders (chapda) Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumer bilan, Vashington, AQSh, 2021-yil, 9-avgust
Senator Berni Sanders (chapda) Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumer bilan, Vashington, AQSh, 2021-yil, 9-avgust

AQSh Senati "gumanitar infratuzilma" deb atalayotgan 3,5 trillion dollarlik qonun loyihasining umumiy rejasini qabul qildi. Unda uch va to'rt yoshli bolalar uchun bepul bog’cha, jamoat kollejlarida bepul o'qish, nafaqadagilar uchun beriladigan tibbiy sug'urta qamrovini kengaytirish hamda global iqlim isishiga qarshi kurash (masalan, 2030-yilgacha barcha energiyaning 80 foizini o'zini qayta tiklovchi manbalardan olish) kabi choralar qamrab olingan.

Qonun loyihasi faqat demokrat senatorlarning qo’llab-quvvatlovi asosida, ya'ni bir ovoz ustunlik farqi bilan (50-49) qabul qilingan.

Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumerning aytishicha, bu qonun “Amerikada ish o’rinlari yaratish, Amerika oilalari hamda iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga tarixiy sarmoya kiritish” imkoniyatini beradi.

Senatdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonel qonunni to’xtatish uchun respublikachilarda ovoz yetishmaganini tan olib, taklif qilinayotgan qonun loyihasini hayratlanarli darajada keng qamrovli deb atadi.

Pul ajratilayotgan sohalar

Qonun loyihasi o’z ichiga sog’liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni asrab-avaylash kabi ko’plab sohalarni qamrab oladi. Mablag’ ajratilishi kutilayotgan ba’zi yo’nalishlar quyidagilardan iborat:

- Sog'liqni saqlash, bepul bolalar bog'chasi, ishlayotgan oilalar uchun bola puli, ikki yillik bepul kollej ta'limi hamda oliy ta'lim uchun davlat grantlarini oshirish uchun 726 milliard dollar;

- Arzon uy-joylar va davlat tomonidan qashshoqlarga beriladigan uylar qurish uchun 332 milliard dollar;

- O'zini qayta tiklovchi energiya manbalarini yaratish uchun 198 milliard dollar;

- Qishloq xo'jaligi, qurg'oqchilikka qarshi kurash va ekologiya ishlari uchun 135 milliard dollar;

- Immigratsiya, noqonuniy muhojirlarga fuqarolik sari yo'l ochish masalalari uchun 107 milliard dollar.

Demokratlar bu xarajatlarni korporatsiyalar va boylar uchun soliqni oshirish orqali qoplamoqchi.

Qonun loyihasi Vakillar palatasida ikki haftadan so’ng, qonunchilar yozgi ta’tildan qaytishi bilan ovozga qo’yiladi.

3,5 trillion dollarlik loyiha doirasida batafsil sarf-xarajatlarni belgilab beruvchi qo’shimcha qonun kelasi oylarda qabul qilinishi ko’zda tutilgan.

AQSh Senati kecha bir trillion dollarlik infratuzilma qonunini ham qabul qildi. 69 senator uni yoqlagan, 30 tasi qarshi ovoz bergan. Qonunda mamlakatning yo'l, ko'prik, energiya ta'minoti, suv va boshqa ko'plab tuzilmalarini ta'mirlash hamda qayta qurish kabi loyihalar qamrab olingan.

Prezident Jo Bayden infratuzilmaga oid muhim qonunning qabul qilinganini olqishladi.

“Bugun biz demokratiya hanuz ishlashini isbotladik”, - dedi prezident bir trillion dollarlik loyiha qabul qilinishi ortidan.

Bayden qonun loyihasini qo’llab-quvvatlagani uchun Senatdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonelga tashakkur bildirdi. Makkoneldan tashqari, yana 18 respublikachi infratuzilma qonunini yoqlab ovoz berdi.

Bandenga ko’ra, bu qonun butun mamlakat bo’ylab yaxshi haq to’lanadigan millionlab yangi ish o’rinlarini yaratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG