Breaking News

Afg'oniston-Tojikiston: Ko'plar Panjsherdagi qarshilik kuchlariga umid bog'lamoqda


Panjsherda Tolibonga qarshi kurashayotgan jangchilar

Tolibon harakati Afg‘onistonning o‘z boshqaruvidan tashqarida qolayotgan oxirgi viloyati Panjsherni ham qo‘lga kiritganini iddao qilmoqda. Ammo bu xabarlar tasdig‘ini topmadi. Tojikiston prezidenti davlat mustaqilligi tadbirida Afg‘oniston muammosi ortidan xalqaro hamjamiyatni tanqid qildi.

Ayni paytda millionlab tojikistonliklar Afg‘oniston qahramoni, marhum Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li yetakchiligidagi Panjsher vodiysidagi toliblarga qarshi kurashayotgan kuchlarga umid bog‘lamoqda.

8-sentabr kuni AQSh va Germaniya tashabbusi bilan Afg‘onistonning qo‘shnilari – Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Pokiston, Eron va Xitoy Tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi yig‘ilishda rasmiy Dushanbe o‘z pozitsiyasini yana bir bor ma’lum qildi.

Panjsherliklar uchun tahdid boshqalarga qaraganda ancha yuqori, chunki ular qadimdan toliblarga qarshi qarshilik ramzi va tayanchi bo‘lib kelgan.

“Tojikiston barcha etnik guruhlar, jumladan, Afg‘oniston tojiklari ham o‘zining munosib mavqeiga ega bo‘lgan hukumatni qo‘llaydi, – dedi Tojikiston Tashqi ishlari vaziri Sirojiddin Muxriddin. – Biz umumxalq so‘rovisiz hokimiyat tepasiga kelgan va barcha qavmlar ishtirokisiz tuzilgan hukumatni e’tirof etmaymiz”.

Jahon hamjamiyati hozircha toliblar hokimiyatini tan olgani yo‘q. Ammo qo‘shni davlatlardan O‘zbekiston Afg‘onistonda vaqtincha hokimiyat tuzilishini yoqlab, toliblarning yangi hukumati bilan muloqotga kirishga tayyorligini bildirgan.

Shu kuni Tojikiston davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda nutq so‘zlagan Prezident Emomali Rahmon xalqaro tashkilotlarni tanqid qildi.

“Bu mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat uchun mamlakat ahli aybdor emas. Barcha xalqaro tashkilotlar sukut saqlab, afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun hech qanday tashabbus ko‘rsatmayotganidan hayronman”, - dedi Rahmon.

U Afg‘onistondan chiqib ketgan va toliblarni qo‘llayotganligi taxmin qilinayotgan davlatlarni ham tanqid qildi.

“Yana bir muhim fikrni ta’kidlashni istardimki, dunyo hamjamiyati, shu jumladan, manfaatdor davlatlar yuzaga kelgan muammo bilan afg‘on xalqini yolg‘iz qoldirishga ma’naviy huquqi yo‘q edi”, - dedi Rahmon.

Tojikiston rahbari fikricha, kuzatuv va tahlillar oxirgi bir oy ichida Afg‘onistondagi vaziyat yanada murakkab va fojiali tus olganini ko’rsatib, mintaqa mamlakatlari va jahonga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

"Afg‘onistondagi vaziyat Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyatga bevosita ta’sir qiladi, chunki bizning mintaqadagi xavfsizlik, birinchi navbatda, qo‘shni davlatdagi vaziyatga bog‘liq. Xalqaro forumlarda jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal qilishga chaqirdim. Bir necha bor bu masalani harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini va uni faqat muzokaralar yo‘li bilan hal qilish kerakligini ta’kidlab o‘tdim. Ammo xalqaro hamjamiyat, shu jumladan manfaatdor tomonlar, bu masalaga biroz befarqlik ko‘rsatdi va natijada bugungi Afg‘onistondagi muammolar butun insoniyatga ta’sir qildi”, - dedi Emomali Rahmon.

"Men barcha xalqaro tashkilotlarni, mintaqa va jahon mamlakatlarini Afg‘onistonda yashovchi barcha xalqlar va ozchiliklarning manfaatlarini inobatga olgan holda, bu mamlakat muammolarini hal qilish va milliy yarashuv hukumatini tuzish uchun zudlik bilan jamoaviy choralar ko‘rishga chaqiraman".

8-sentabr kuni Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Ag‘bar jurnalistlar bilan suhbatda Panjsherda qarshilik kuchlari o‘z pozitsiyasida turganligini, ularning yetakchisi Ahmad Mas’ud vodiyni tark etgani haqidagi xabarlar asossiz ekanligini ta’kidladi.

“Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qarshilik kuchlari yetakchilari jamoatchilikka ochiq emas. Men Afg‘oniston islom respublikasi hokimiyatini boshqarish ishlari bilan shug‘ullanayotgan Amrulloh Soleh bilan doimiy aloqada bo‘lib turibman”, - dedi Ag‘bar.

Uning aytishicha, Pokiston Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmoqda va ISI (Pokiston razvedka xizmati) rahbarining Kobulga kelishi ham buning yaqqol isbotidir.

“Afg‘onistonning 33 viloyatidagi Tolibon jangchilari Panjsherga xorijiy davlatlar yordamida hujum qildi. Ular bu mintaqada qattiq qarshilikka uchradi. Shundan so‘ng qariyalar va bolalarni o‘z uylarian olib chiqib, o‘ldirishdi. Men umid qilamanki, bu faktga xalqaro hamjamiyat befarq bo‘lmaydi”, - dedi general Ag‘bar.

“Qarshilik kuchlari o‘z pozitsiyalarida mustahkam turibdi. Men ishonamanki, yaqinda Tolibon Panjsher nima ekanligini tushunadi. Yana ishonamanki, qarshilik faqat Panjsher bilan tugamaydi, yaqinda butun Afg‘oniston bo‘ylab tarqaladi”, - deya qo’shdi diplomat.

Unga ko’ra, qarshilik kuchlari safida faqat tojiklar emas, pushtun, o‘zbek va hazoralar ham kurashmoqda.

Muhammad Ag‘barning aytishicha, yaqinda Afg‘onistonning siyosiy yetakchilari, jumladan, marshal Abdul Rashid Do‘stum va boshqalar qarshilik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida katta kengash tuzadi.

“Vazirlar kengashi nomlari BMTning qora ro‘yxatida turgan, hatto Guantanamo qamoqxonasida bo‘lgan eng xavfli kishilardan tuzildi. Garchi toliblar oldinroq inklyuziv hukumat tuzishga va’da qilgan bo‘lsalar ham, ular e’lon qilgan hukumat hatto ikkita kitob o‘qimagan mullalardan tashkil topdi”, - deydi Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi.

Uning aytishicha, Toliblar Panjsherni qo‘lga kiritmagan, balki uning bir qismini bosib olgan. OldinroqTolibon harakatining matbuot kotibi Zabihulla Mujohid Panjsher qo‘lga olingani haqida xabar tarqatgan edi.

Panjsherdagi qarshi kuchlar yetakchisi Ahmad Mas’ud esa xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, toliblarning qilmishlariga ko‘z yummaslikka chaqirgan edi.

Tahlilchi Ilhom Yusupov fikricha, agar tashqaridan harbiy yordam berilmasa Panjsher viloyati butun boshli mamlakatni egallab olgan toliblarga dosh bera olmaydi va qisqa fursatda yengiladi.

“Ahmad Mas’ud toliblarga qarshi kurashib, muvaffaq bo‘la olmaydi. O‘z manfaatini o‘ylab, xalqni qurbon qilmaslik kerak. Taqdirga tan berish kerak”, - deydi u.

Ammo yana bir tahlilchi Parviz Mullojonov fikricha, Panjsherda yig‘ilgan kuchlar Tolibonning eng ashaddiy dushmanlari va ehtimol hech qachon taslim bo‘lmaydi.

“Tolibon hukmronligi butun Afg‘onistonni o‘zgartirib, umumiy pushtunlashtirish, mulkni qayta taqsimlash, barcha kuch va iqtisodiy resurslarni bir guruh qo‘liga jamlashga, ijtimoiy va etnik tengsizlikka, har xil muxoliflarga qarshi repressiyaga aylanadi. Panjsherliklar uchun tahdid boshqalarga qaraganda ancha yuqori, chunki ular qadimdan toliblarga qarshi qarshilik ramzi va tayanchi bo‘lib kelgan. Ularning ko‘pchiligi xavfsizlik tuzilmalarida, armiyada, mafkura sohasida va hokazolarda ishlagan. Shuning uchun Panjsher oqsoqollari Ahmad Shoh Masud o‘g‘liga ikki yil oldin toliblarga qarshilik ko‘rsatishga rahbarlik qilish taklifi bilan murojaat qilishgan. Ularga Shimoliy Ittifoqning boshqa rahbarlari singari korrupsiyaga botmagan, obro‘si baland bo‘lgan yangi qarshilik ramzi kerak edi. Shuning uchun kichik Mas’ud rozi bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar baribir qarshilik boshlangan bo‘lar edi. Panjsher baribir jang qilgan bo‘lardi”, - deydi Mullojonov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG