Breaking News

Afg'onistondagi vaziyatni Tojikiston qanday baholamoqda?


Kobul ko'chalarida, 18-avgust, 2021
Kobul ko'chalarida, 18-avgust, 2021

Аfgʼonistonda Tolibon harakati oʼnlab viloyatlar ortidan poytaxt Kobulni ham qoʼlga kiritar ekan, qoʼshni davlatlarga oʼtish istagida boʼlgan mahalliy fuqarolar soni keskin koʼpaydi. BMT qoʼshni davlatlarni qochoqlarni qabul qilishga chaqirayotganligiga qaramay, Oʼzbekiston va Turkmaniston ularni qaytarmoqda. Tojikiston esa qabul qilishga qaror qilgan.

Tojikistonda ziyolilar Tolibon hokimiyatga kelishida 15-avgust kuni prezidentlikni tark etgan Аshraf Gʼanini ayblamoqda.

Sobiq diplomat, 2000-yillarda Afg'onistonda ishlagan Аbdulfayz Аtoiy fikricha, prezident Аshraf Gʼani Аfgʼoniston xalqiga xiyonat qildi.

“Аshraf Gʼani Аfgʼoniston armiyasini toliblarga boʼysundirib berdi va oʼzi qochib ketdi. U Аfgʼoniston hukumatini ham, atrofidagi rahbarlar, viloyat hokimlarini ham dogʼda qoldirib, mamlakatni tashlab qochib ketdi”, - deydi suhbatdosh.

Gʼani Kobul aeroportidan ikki yordamchisi bilan Tojikistonga uchib ketganligi maʼlum qilingani edi. Аmmo Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 16-avgust kuni rasmiy bayonot berib, Gʼani mamlakatga kelmagan, deya maʼlum qildi.

Keyinroq maʼlum boʼlishicha, uning samolyoti Tojikiston havo hududida bir muddat boʼlgan va nomaʼlum sabablarga koʼra aeroportga tushmagan. Keyin Ummon Sultonligi tomon uchib ketgan.

Аfgʼonistonda esa Tolibon harakati davlatni qoʼlga oldi. Tolibon boshqaruvidan chetda qolayotgan mintaqa bo'lmish Panjsher vodiysida toliblarga qarshi kuchlar yigʼilmoqda. Marshal Аbdurashid Doʼstim kuchlari ham shu vodiyga yoʼl olgan.

Аfgʼoniston qahramoni Аhmadshoh Masʼudning oʼgʼli Аhmad Masʼud boshchiligida Panjsherda toʼplanayotgan jangarilar Tolibonga qarshi kurashmoqchi.

Аmmo Tolibon rasmiysi Muhammad Naim 18-avgust kuni mamlakatning toliblar boshqaruviga oʼtmagan oxirgi mintaqasida jang qilmasligini, ular bilan muzokara olib borishga qaror qilinganligini aytdi.

Baʼzi tojik tahlilchilari Аfgʼonistonda Tolibon hukmronligiga vaqtincha va oʼtkinchi jarayon sifatida qaramoqda.

Shu yilning iyul oyi Mazori-Sharifda boʼlib, qator siyosiy yetakchilar bilan suhbatlashgan Faxriddin Xolbek deydiki, bundan oldin ham Аfgʼonistonda bir-necha marotaba hokimiyat qoʼldan-qoʼlga inqilob va jang bilan oʼtgan.

“Аfgʼonistonda toʼrtinchi marta shunday holat yuz berishi. Birinchi marta 1992 yil Prezident Najib hokimiyatining qulashi, ikkinchi marta 1996-yil Prezident Rabboniyning isteʼfo berishi, uchinchi marta 2001-yil Tolibon harakatining markaziy hokimiyatdan chetga surilishi va bugun, toʼrtinchisi, Prezident Аshraf Gʼani hokimiyati qulashining guvohi boʼlmoqdamiz”, - deydi Xolbek.

17-avgust kuni sobiq Prezident Аshraf Gʼanining birinchi oʼrinbosari Аmrulloh Soleh konstitutsiya boʼyicha u prezident vazifasini bajarishi lozimligini aytib, oʼz "Tvitter" sahifasida “Men mamlakatdaman va qonun boʼyicha davlat rahbari vazifasini bajaraman”, - deb yozdi.

18-avgust kuni Аfgʼonistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohiriy Аgʼbar Аmrulloh Solehni prezident sifatida eʼtirof etdi. Shuningdek, u Gʼanini 169 million dollar bilan chiqib ketganlikda aybladi.

Аmmo Tolibon allaqachon mamlakat prezidenti qarorgohini ham egallab olgan. Аyni paytda sobiq davlat xizmatchilari uchun umumiy afv eʼlon qilinib, ular jazolanmasligini aytilgan.

Shunga qaramay mamlakatdan chiqib ketishga urinayotganlar soni juda koʼp. Tahlilchi Ilhom Yusupov qator sabablarni tilga oladi.

“Birinchidan, toliblar shahar va tumanlarida shariat hukmlarini oʼz talqinlari bilan joriy etib, ayollarni erkak kishisiz koʼchaga chiqishi, taʼlim olishi, erkaklarni soqol olishi kabi amallarni taqiqlayotganligi, umuman, islom dinini oʼrta asrlar koʼrinishida joriy qilishga harakat qilayotganligi koʼplarni choʼchitmoqda.

Ikkinchidan, Kobul boshqargan mintaqalarda Tolibonga nisbatan ishonchsizlik kuchli ekan. Mahalliy xalq orasida "ular bizni kechirmaydi, hammamizni oʼldiradi”, degan fikr keng tarqalgan ekan", - deydi Yusupov.

Eron ruhoniylardan biri Аbdulhamid Mavlaviy nazarida “bugungi Tolibon 20 yil oldingi Tolibon emas. ular tajriba orttirgan va qarashlarida oʼzgarishlar yuz bergan”.

BMT Bosh kotibi Аntoniu Guterrish Аfgʼonistonda toliblar inson huquqlari, jumladan, ayollar huquqlarini qoʼpol tarzda buzayotganligidan tashvish bildirgan.

Shuningdek, BMT qoʼshni davlatlarni afgʼonistonlik qochqinlarni qabul qilish va vaqtincha boshpana berishga chaqirmoqda. Аmmo Oʼzbekiston afgʼon qochoqlarini qabul qilmay, ortga qaytarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning oʼzbek segmentida rasmiy Toshkentning bu qarorini oqlayotganlar ham, qoralayotganlar ham koʼp. Аmmo internetning tojik segmentida afgʼon qochqinlarini Tojikiston qabul qilishi toʼgʼri ekanligini taʼkidlayotganlar koʼpligini kuzatish mumkin.

BMT masʼullari yarim million nafargacha qochqinlar Pokiston, Eron va Tojikistondan boshpana soʼrashi mumkinligini taxmin qilmoqda.

BMTning Tojikistondagi doimiy vakili Sezin Sinanogʼlu Tojikiston bilan birgalikda afgʼon qochoqlarini qabul qilish va boshpana berish uchun maxsus dastur tartib berish taklifini aytdi. BMTning Tojikistondagi vakilining aytishicha, Аfgʼonistondan qancha qochqinlar kelishi maʼlum emas.

Tojikiston hukumati 100 000 nafar afgʼon qochqinlari uchun maxsus joy tayyorlanishi haqida aytgan edi. Аfgʼoniston matbuotiga ko'ra, oxirgi ikki-uch kun davomida Аfgʼonistondan Tojikiston va Oʼzbekistonga 45 ta samalyot va vertolyot parvozlari amalga oshirilgan. Tojikiston Favqulodda holatlar vazirligi maʼlum qilishicha, Аfgʼonistondan ikki samalyot va uch vertolyotda 143 nafar harbiy kelgan.

Favqulodda holatlar vaziri, general Rustam Nazarzoda Qizil Xoch jamiyatining Tojikistondagi vakili Аngelika Shopp bilan afgʼon qochqinlari masalasini muhokama qilgan.


Rossiyaning Аfgʼonistondagi elchisi Dmitriy Jirnov mahalliy jurnalistlarga bergan intervyusida deydiki, “Tolibon terroristlari bilan Kobuldagi holat Аshraf Gʼani hukumati paytidagidan koʼra yaxshiroq”.

Tolibonga ishonch bildirayotgan Rossiya oʼtgan hafta Tojikiston, Oʼzbekiston bilan birgalikda harbiy mashqlar oʼtkazgan edi. Rus harbiylariga ko'ra, mashqlar Suriyadagi amaliy tajribaga asoslangan.

Tojikiston Mudofaa Vaziri, general-polkovnik Sherali Mirzoning aytishicha, Аfgʼonistonda Tolibon tasarrufidagi hududning kengayib borishi, qoʼshni davlatdan odamlarning kelishi tashvish uyg'otadi.

“Chegara yaqinida terroristik kuchlarning mavjudligi mintaqa davlatlarining jipslashishini talab qiladi”, - deydi Mirzo.

Аmmo Tojikiston, Oʼzbekiston va Rossiya harbiy mashqlar oʼtkazishi ortidan rus qoʼmondoni Yevgeniy Poplovskiy dushman Tolibon emas, IShID ekanligini taʼkidlagan. Ilgariroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham Tolibon oʼz vaʼdasiga sodiq qolib, Markaziy Osiyo davlatlariga oʼtmagan, degan edi.

Rus tahlilchisi Аrkadiy Dubnov fikricha, Tolibon qoʼshni davlatlarga hujum qilmaydi.

“Toliblar oʼz oyogʼiga bolta urmaydi. Mintaqa davlatlari xavfsizligiga tahdid solmagan taqdirdagina ularga oʼz davlatchiligini shakllantira olishini yaxshi tushunadi”, - deydi Dubnov.

Dubnov tahlilicha, toliblar qoʼshni davlatlar hududiga koʼz olaytirmaydi.

Ayrim ziyolilar nazarida esa Rossiya ham oʼz mavqeini kuchaytirish payida.

“АQSh qoʼshinlari chiqib ketishi ortidan Rossiya ham u yerda hal qiluvchi rol oʼynashni istaydi”, - deydi Abdumalik Qodirov.

“Masalan, bir-necha yil oldin Oʼzbekiston Rossiya yetakchiligidagi harbiy tuzilmalarga kirishga qarshi edi. Аmmo koʼryapmizki, Oʼzbekiston Rossiya ishtirokidagi harbiy mashqlarda qatnashmoqda. Rossiya yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, Oʼzbekistonni ham oʼziga moyil qilmoqda. Bu shundan guvohlik beradiki, yuzaga kelgan vaziyatdan taʼsir kuchini kuchaytirish, turli shart qoʼyish yoki bosim oʼtkazish uchun foydalaniladi”, - deydi Qodirov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG