Breaking News

Xalilzod: Kobulning qulashiga prezident G'ani va xudbin elita aybdor


AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod (chapda) Tolibon bilan tinchlik sulhini imzolamoqda, Doxa, Qatar, 2020-yil, 29-fevral.

AQShning Tolibon bilan muzokara olib borgan yetakchi rasmiysi Zalmay Xalilzodning aytishicha, Kobulning qulashida, asosan, o’z so’zida oyoq tirab turib olgan prezident Ashraf G’ani, xudbin afg’on yetakchilari hamda Tolibonga qarshi kurashishni istamagan harbiylar aybdor.

“Prezident G’ani juda kam afg’on qatnashgan, firibgarliklar bilan o’tgan saylovda qayta saylanganiga qaramasdan muddatining oxirigacha hokimiyatda qolish ahdida oyoq tirab turib olgani hammamizni ajablantirdi”, - dedi Xalilzod Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi o’tkazgan onlayn muloqotda.

Uning aytishicha, AQSh Kobul hukumatini navbatdagi prezidentlik saylovini o’tkazmaslikka, aksincha, har ikki tomonga ma’qul o’tish hukumatini tuzib, Tolibon bilan siyosiy kelishuvga erishishga undagan.

G’anining ulkan xatosi shuki, u AQSh kuchlari Xitoy, Rossiya, Eron va Pokiston kabi davlatlar biqinida joylashgan muhim strategik mintaqadan butunlay chiqib ketishiga ishonmagan, deya qo’shimcha qildi rasmiy.

“Men unga Prezident Tramp bu masalada juda jiddiy ekanini aytdim. Lekin u razvedka va harbiylar menga boshqa narsani aytyapti, deb javob berdi”, - deya eslaydi Zalmay Xalilzod.

Harbiylar kayfiyati

G’ani o’z harbiylarining kurashishga bo’lgan ishtiyoqini ham noto’g’ri baholagan.

Uning Xalilzodga aytishicha, AQSh askarlari chiqib ketishi bilan G’ani afg’oncha usulda kurashib, olti oy ichida Tolibonni tor-mor qilishiga ishongan.

Fakt shuki, deydi Xalilzod, Afg’onistonning AQSh tomonidan yaxshi tayyorgarlikdan o’tgan va qurollangan 300 ming kishilik armiyasi 60 ming tolib oldida erib ketdi. Bunga askarlar orasida ko’tarinki ruhning yo’qligi, ularning yaxshi ta’minlanmagani va korrupsiya sabab, deya qo’shimcha qiladi u.

“Bu ko’proq Afg’onistondagi siyosat bilan bog’liq. Odamlar, askarlar unga ishonmaydi. Toliblar esa o’z maslaklariga ishonadi”, - deydi Xalilzod.

AQSh rasmiysi ko’plab afg’on siyosatchilarining xudbinligini ham qoraladi.

“Biz bilan ishlagan elita Amerika ishtirokida yaratilgan bu oltin imkoniyatdan foydalana olmaganidan taassufdaman”, - deydi u.

Afg’onistonda tug’ilib o’sgan Xalilzod 2018-yil afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida boshlangan muzokaralardagi roli yuzasidan turli tanqidlarga uchrab keladi.

Xalilzod hokimiyatni o’zaro bo’lishish bo’yicha tomonlarni murosaga keltira olmadi, ammo 2020-yil fevralda AQSh va Tolibon o’rtasida tinchlik sulhi tuzilishiga erishdi. Ayni shu kelishuv asosida Vashington o’z askarlarini 2021-yil may oxirigacha olib chiqishi belgilangan edi.

Jo Bayden Oq uyga kelishi bilan askarlarni olib chiqish sanasi maydan sentabrga ko’chirildi. Tolibon Kobul tevaragini egallab olishi ortidan esa Vashington kuchlarni mamlakatdan chiqarishni tezlashtirib, avgustning so’nggi kunlarida tartibsiz ravishda amerikaliklarni va AQSh bilan birga ishlagan minglab afg’on hamkorlarini evakuatsiya qildi.

Xalilzod Tolibon va Vashington o’rtasida tuzilgan bitimni himoya qildi. Uning aytishicha, Tolibonning mamlakatni egallab olishi bitimdagi xatolar tufayli emas, balki Tolibon bitim shartlarini buzishiga qaramay, Tramp va Bayden ma’muriyati askarlarni olib chiqish qarorini o’zgartirmagani natijasida yuz bergan.

Endi nima bo’ladi?

Xalilzod Tolibon bilan diplomatik aloqalar olib borish tarafdori. Unga ko’ra, bu aloqa ma’lum vaqt ichida yuz beradigan o’zgarishlarni, har ikki tomonning bir-biriga ishonishi yoki ishonmasligini o’z ichiga oluvchi xarita asosida bo’lishi kerak.

Rasmiyning qo’shimcha qilishicha, Vashingtonning Afg’oniston bo’yicha siyosati yetarli darajada ma’lumotlar bilan to’yintirilmagan bahs-munozaralar qurboni bo’lmoqda.

Amerikada ko’pchilik biz ularni yenga olmaganimiz uchun Tolibonning qiynalishini va hukumati qulashini istamoqda, deydi Xalilzod.

Ammo, deya ogohlantiradi u, hukumatning yana bir bor qulashi Afg’onistonda fuqarolar urushi boshlanishiga va gumanitar inqirozga sabab bo’lishi mumkin. Bu esa o’z navbatida mintaqada yana terror guruhlari avj olishiga zamin yaratadi.

Xalilzodning aytishicha, AQSh bilan tuzilgan bitim ortidan o’tgan 18 oy davomida Tolibon o’z so’zida turdi, ya’ni birorta ham amerikalikni o’ldirmadi. AQSh esa bu vaqt ichida afg’on kuchlarini himoya qilish maqsadida amalga oshirgan havo hujumlarida yuzlab, balki hatto minglab toliblarni o’ldirdi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG