Breaking News

Davlat tili haqidagi qonun loyihasining taqdiri mavhum


Oliy Majlis Senatining yangi binosi, Toshkent
Oliy Majlis Senatining yangi binosi, Toshkent

O’zbek tili, xususan davlat tilida ish yuritish tartibiga doir qonun taqdiri yana mavhumlashgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan avgust oyida imzolanishi kutilgan hujjat Oliy Majlisga qaytgan bo'lishi mumkin.

Shu yil iyun oyida Oliy Majlis Senati yalpi majlisida maqullangan O’zbekiston respublikasining davlat tili to’g’risidagi qonun, belgilangan tartibga ko’ra, 10 kun muddatda prezidentga taqdim qilinishi va 30 kun ichida davlat rahbari tomonidan imzolanib, e’lon qilinishi kerak edi.

Ammo Oliy Majlisda o’tgan matbuot anjumanida ma’lum bo’lishicha, senatorlar o’zlari maqullagan mazkur qonun taqdiri yuzasidan ma’lumotga ega emas.

“Kun.uz” jurnalisti va senator Narimon Umarov o’rtasida bu borada kechgan savol-javobda oydinlashicha, hujjat hali Senatda ko’rib chiqilmagan, hatto loyiha sifatida muhokama qilinmagan.

Senatda har kuni ishlashini iddao qilgan senator Umarovning javoblaridan gap qayta tahrir qilinishi kutilayotgan qonun loyihasi haqida borayotganini anglash mumkin.

Senat tomonidan shu yilning 26-iyunida maqullangan hujjatning prezident tomonidan imzolanish muddati allaqachon bitgan. Mavjud qonunchilikka ko’ra, prezident e’tiroz bildirsa, masala Oliy Majlisga qaytadi.

Qariyb besh oy oldin Senat “O’zbekiston Respublikasining davlat tili to’g’risidagi” qonun loyihasi qayta tahrirda ishlab chiqilgani va maqullanganini xabar qilgan edi.

Konstitutsiyada Senat maqullagan hujjat 10 kun ichida prezidentga imzo uchun jo’natilishi shart qilib ko’rsatilgani inobatga olinsa, u prezident ma’muriyatini qoniqtirmagan ko’rinadi.

Qonunchilikka ko’ra, prezident imzolashi bilan qonun kuchga kiradi. Matbuotda prezident mazkur qonunni imzolaganiga doir ma’lumot yo’q.

O’zbekiston qonunchilik bazasiga ixtisoslashgan Lex.uz saytiga ko'ra, Qonunchilik palatasi “O’zbekiston Respublikasining davlat tili to’g’risidagi” qonuni loyihasini aprel oyida ko’rib chiqqan.

Iyun oyiga borib Senatda maqullangan hujjatning nima sababdan imzolanmagani yuzasidan ma’muriyat, Senat va Qonunchilik palatasi biror izoh bermagan.

Konstitutsiyaning 84-moddasiga binoan prezident Senat tomonidan taqdim etilgan hujjatni o’z e’tirozi bilan Oliy Majlisga qaytarishga haqli.

Bunday vaziyatda hujjat Qonunchilik palatasi va Senat a’zolarining uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovoz bilan ma'qullangan taqdirda prezident qonunni 14 kun davomida imzolashi va e’lon qilishga majbur.

Tilshunoslar “O’zbekiston Respublikasining davlat tili to’g’risidagi” qonun ahamiyatini unda mamlakatda ish yuritish to’liq davlat tiliga o’tishi belgilangani, davlat xizmatchilaridan davlat tilini bilish talab qilinishi, qonun buzilishi yuzasidan ma’muriy choralar kuchaytirilgani bilan diqqatli ko’rishayotgan edi.

Prezident Mirziyoyev avvalroq o’zbek tilining nufuzini oshirishga doir farmon imzolagan. Vazirlar Mahkamasi lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o’tish chora tadbirlari haqida qaror qabul qilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG