Breaking News

Birinchi intifadaning 34 yilligi: Isroil-Falastin mojarosi hanuz tugagani yo'q


Birinchi intifada davrida falastinliklar namoyishi, G'azo, Falastin, 1987-yil, 15-dekabr
Birinchi intifada davrida falastinliklar namoyishi, G'azo, Falastin, 1987-yil, 15-dekabr

Shu hafta Falastinda Birinchi Intifada qarshilik harakati boshlanganiga 34 yil to’ladi. 1987-yil boshlangan va olti yil davom etgan ommaviy qo'zg'olonda falastinliklar ilk bor 1967-yilgi Olti kunlik urushda Isroil tomonidan bosib olingan yerlarni ozod qilish yo’lida birgalikda harakat qilgan edi. Bu harakat Isroil-Falastin mojarosida burilish nuqtasi bo'lgani aytiladi.

Oradan 34 yil o‘tib, Birinchi intifadani qo‘zg‘atgan voqea qanday yuz bergani hamon bahsli mavzu.

G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lagerida falastinlik ishchilarni olib ketayotgan mashinaga Isroil harbiy texnikasining kelib urilishi ommaviy qarshilik harakatining boshlanishiga turtki bo’lgani aytiladi. Bu baxtsiz hodisada to’rt falastinlik halok bo’lgan edi.

Falastinliklarga ko’ra, askarlar tinch fuqarolar ketayotgan avtomobilni ataylab nishonga olgan. Ertasi kuni, dafn marosimidan so'ng, Isroil askarlari va qurbonlarning oilalari o'rtasida to'qnashuvlar boshlangan, deya eslaydi falastinlik jurnalist Safvat al-Kahlout.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning oilalari politsiya bo‘limiga hujum qilgan va talabalar ham yig‘ilib, Isroil xavfsizlik kuchlariga tegishli yuk mashinasiga tosh otishni boshlagan. Askarlar yaqin atrofdagi uyga yashirinib, o’sha yerdan o‘t ochgan va natijada yana bir falastinlik halok bo‘lgan.

Falastinliklarning Isroil bosqiniga qarshi namoyishi, G'arbiy Sohil, Falastin, 2021-yil, 14-may
Falastinliklarning Isroil bosqiniga qarshi namoyishi, G'arbiy Sohil, Falastin, 2021-yil, 14-may

Shundan so’ng falastinliklar G'arbiy Sohil va G'azo sektorida Isroil ishg'oliga qarshi muvofiqlashtirilgan qarshilik ko'rsatishni boshlagan. Ular butun G'arbiy Sohil va G'azo sektorida ommaviy namoyishlar o’tkazib, Isroil bosqinini tugatishni talab qilib chiqadi.

Sobiq faol va mahbus Muayad Abdul Samaning aytishicha, falastinliklar ko'ngillilar va talabalar ishtirokida qo'mitalar tashkil etib, ishg'olni tinch yo'l bilan tugatish ahdiga kirishadi.

Jahon ommaviy axborot vositalari bu voqealarni keng yoritdi. Ammo Kosta-Rikada joylashgan Tinchlik universitetining mojarolarni hal qilish bo'yicha mutaxassisi Meri Kingning aytishicha, bu yerda ilgari hech qachon ko'rilmagan narsa sodir bo'lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Birinchi intifada zamonaviy Falastin jamiyati bir maqsad yo’lida birlasha olishini ilk bor ko’rsata oldi.

Namoyishlar tez-tez zo'ravon tus olgan. Falastinlik Isroil askarlariga tosh otsa, askarlar ko'zdan yosh oqizuvchi gaz, shovqinli granatalar va ba'zan hatto haqiqiy o’q bilan javob bergan.

1987-yildan boshlab olti yil davomida toʻqnashuvlarda 1000 dan ortiq falastinlik va 160 isroillik halok boʻldi.

Birinchi intifada Isroil va Falastin Osloda tinchlik kelishuviga erishish uchun yashirin muzokaralarni boshlaganidan keyin yakunlandi.

1993-yilda Isroil va Falastin rasmiylari Oslo tinchlik kelishuvini e'lon qildi. Bu yo'l xaritasiga ko’ra, besh yil ichida Falastin davlatini barpo qilish belgilangan edi.

Shundan so’ng Isroil va Falastin jamiyatida davomiy tinchlik o’rnatilishiga umidlar oshdi, ammo bu uzoqqa bormadi.

2000-yilda ikkinchi, ancha shiddatli intifada boshlandi. Bu ikki tomonning ko'pchiligi uchun Isroil va Falastin o’rtasida qachonlardir doimiy tinchlik o’rnatilishi mumkinligi haqidagi umidlarni deyarli chippakka chiqardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG