Breaking News

Namoyishchilar: AQSh Isroilga yordamini to’xtatsin


AQSh poytaxti Vashington markazida, Linkoln yodgorligi ostonasida o’tgan namoyishda Falastinni qo’llab-quvvatlash hamda Isroilga AQSh yordamini to’xtatish chaqiriqlari yangradi.

Isroil va XAMAS guruhi o’rtasida 11 kun davom etgan shiddatli janglar 20-may kuni sulh bilan yakun topgan edi. Sulh davomiy bo’lishini ta’minlash uchun diplomatik sa’y-harakatlar avjida.

“AQSh hukumatiga Isroilni shartsiz qo’llab-quvvatlaydigan davrlar o’tganini aytmoqchimiz”, - deydi Falastin bayroqlarini ko’targanlar orasida turgan advokat Sharif Silmi.

“Isroilga qurol-aslaha berishni davom ettirayotgan siyosatchilarga qarshimiz. Ularga ovoz bermaymiz, raqiblarini moliyaviy quvvatlaymiz. Bunday siyosatchilar lavozimidan ketishiga erishamiz”, - deya qo’shadi Silmi.

Namoyishchilardan yana biri, asli falastinlik Lama Alahmadning aytishicha, Amerikada jamoatchilik fikri o’zgarmoqda.

“Falastin o’z suveren davlatiga ega bo’lishi borasida [jamoatchilik fikrida] ulkan o’zgarishlar ro’y beryapti. Bizni inson sifatida tan olishlarini istaymiz, terrorchi emasmiz”, - deydi Birlashgan Arab Amirliklaridan AQShga ko’chib o’tgan Alahmad.

Sharif Silmiga ko’ra, Isroilning falastinliklarga nisbatan muomalasini tanqid qilayotganlar AQShda ham ko’paygan.

“Odamlar uyg’onyapti, qarshilik ko’rsatyapti. Yangi avlodning, yosh yahudiylar, musulmonlar, qora tanlilar, oq tanlilarning munosabati o’zgargan. Turli etnik guruhlar o’zgarish va erkinlik uchun, Falastin xalqining ozod bo’lishi uchun kurashyapti”, - deydi u.

11 kunlik urush davomida XAMAS Quddus, Tel-Aviv va Isroil janubiga raketalar yog’dirdi, 12 kishi o’lgan. Isroil aviatsiyasi Ga'zo sektorini bombardimon qilishi natijasida esa 250 falastinlik halok bo’ldi. Isroil tinch aholi orasida talafotlarni maksimal darajada kamaytirishga harakat qilganini da’vo qiladi.

Urush AQSh va Yevropa bo’ylab namoyishlarga turtki berdi. Turli davlatlarda yahudiylarga qarshi hujumlar ko’paygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG