Breaking News

AQSh Shinjonda ishlab chiqarilgan tovarlar importini taqiqlamoqda


Asosan uyg'urlar yashovchi Shinjon viloyatidagi paxta zavodi, 2021-yil, 20-aprel
Asosan uyg'urlar yashovchi Shinjon viloyatidagi paxta zavodi, 2021-yil, 20-aprel

AQSh uyg'urlar majburiy mehnati yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlar importini taqiqlagan birinchi davlat bo'lishga bir qadam yaqinlashdi.

Bir yildan ortiq davom etgan muzokaralar ortidan AQSh Kongressi Vakillar palatasi Uyg'urlarning majburiy mehnatiga yo'l qo'ymaslik to'g'risidagi qonunni bir ovozdan qabul qildi. Tez orada Senatdan ham o’tib, imzo uchun Prezident Jo Baydenning stoliga borishi kutilyapti.

Qonun kuchga kirsa, Xitoyning Shinjon mintaqasidan Qo'shma Shtatlarga bo’ladigan barcha importlar taqiqlanadi. Kompaniyalar AQSh hukumatiga o'zlarining ta'minot zanjirlariga Xitoy lagerlarida quldek saqlangan etnik musulmonlar mehnati qo’shilmaganini "aniq va ishonchli dalillar" bilan isbotlamaguncha bu taqiq ko’tarilmaydi.

Pekin uyg’urlar saqlangan lagerlarni terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan “qayta tarbiyalash” manzillari sifatida ta’riflaydi.

Demokrat qonunchi Jim Makgovern va respublikachi senator Marko Rubio o'tgan yil davomida har biri o'z palatalarida qabul qilgan qonun loyihalari bo'yicha murosaga kelishgan. Oq uy seshanba kuni qonunni ijroga kiritish uchun Kongress bilan yaqindan hamkorlik qilishini aytdi.

“Biz Kongress bilan Xitoy Xalq Respublikasini genotsid va inson huquqlarini poymol qilganlik uchun javobgarlikka tortish hamda Shinjondagi majburiy mehnatga qarshi choralar koʻrish lozimligi bo’yicha hamfikrmiz”, - dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Vakillar palatasi qonunni qabul qilishi arafasida.

Huquqlarni buzganlik uchun Xitoyni javobgarlikka tortishga qaratilgan yangi tashabbus 2022-yil fevralida Pekinda boʻlib oʻtadigan Qishki olimpiada oʻyinlari arafasida qabul qilindi. AQSh joriy yil boshida Xitoyning uyg'urlarga nisbatan munosabatini genotsid e'lon qilgan edi. Shuningdek, o'tgan hafta qishki Olimpiya o'yinlariga diplomatik boykot e'lon qildi. Shu oy boshida mustaqil tribunal Xitoy yuqori rahbariyatini uyg'urlarga qarshi genotsid harakatlari uchun "asosiy javobgar" deb topdi.

Xitoy Vakillar palatasi qabul qilgan qonunni qoralab, AQShni o'z chegaralari ichidagi majburiy mehnat muammosiga e’tibor qaratmagani uchun ikkiyuzlamachi deb atadi.

“Xitoy AQSh Kongressining Shinjon bilan bogʻliq masalalar bahonasida Xitoyning ichki ishlariga aralashishiga qatʼiy qarshi. AQShning ba'zi siyosatchilari yolg'on to'qish va bu kabi masalalarda muammo yaratish orqali Xitoyni tiyib turishga va inson huquqlari nomidan siyosiy manipulyatsiya va iqtisodiy zo'ravonlik yo'li bilan Xitoyning rivojlanishini to’xtatishga urinmoqda", - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan matbuot anjumanida.

Inson huquqlari guruhlari ushbu qonunni olqishlab, u boshqa davlatlar uchun Xitoyning uyg'urlarga nisbatan munosabatini hal qilishda muhim boshlanish nuqtasi bo’lishini aytdi.

"Bu dunyoning qolgan qismiga AQSh haqiqatan ham bu borada chora ko'rmoqchi ekanligidan dalolat beradi", - dedi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Uyg'ur Inson huquqlari loyihasining faollar bilan ishlash va aloqalar bo'yicha xodimi Piter Irvin.

Uyg'urlar: AQSh Xitoyga bosimni oshirishi kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:25 0:00

“Shuningdek, boshqa hukumatlar buni majburiy mehnat toʻgʻrisidagi qonun loyihasi uchun namuna qilib olishlari mumkin. Misol uchun, agar AQSh majburiy mehnat tovarlariga ruxsat berishni to'xtatsa, [Xitoy] rahbarlari o'z eksportlarini Yevropaga yoki Kanadaga o'tkazadilar. Shunday qilib, boshqa hukumatlar bunday qonun loyihalarini qabul qilishlari uchun shablonga ega bo'lish AQShga diplomatik boykotga o'xshash yordam beradi. Boykotda AQSh birinchi bo'ldi; boshqa hukumatlar unga ergashdi", - deya qo’shimcha qiladi u.

Rubio va demokrat senator Jeff Merkli tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasining 2020-yilgi Senatdagi asl nusxasi uyg'urlar huquqlariga oid dunyoda tayyorlangan birinchi qonun edi.

AQShning “Nike” va “Coca-Cola” kompaniyalari qonunning oldingi versiyalariga qarshi faol lobbichilik qilishdi. Irvinning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, dunyodagi polisilikon ta'minotining 40% dan ortig'i Shinjondan keladi va bu yo'qotish quyosh batareyalari va panellarini ishlab chiqarishni qiyinlashtiradi.

Rubio seshanba kuni qilgan bayonotida murosa asosida qabul qilingan qonunni olqishlab, shunday dedi:

"Qo'shma Shtatlar Xitoyga shunchalik ishonadiki, biz kiyimlarimiz, quyosh panellarimiz va boshqa ko'p narsalarni yasaydigan qul mehnatiga ko'z yumdik. Bugun bu narsa o'zgaradi. Uyg'urlar majburiy mehnatining oldini olish to'g'risidagi qonunimiz Amerika Qo'shma Shtatlariga tovarlar import qiluvchi korxonalardan ularning ta'minot zanjirlari qul mehnati bilan ifloslanmaganligini isbotlashlarini talab qiladi. Xitoyga bo‘lgan iqtisodiy qaramligimizni tugatish vaqti keldi”.

Demokratlar hukmron Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi ham qonunni olqishlab, bu AQSh Kongressi uchun “Shinjonda va mintaqada Xitoy Kommunistik partiyasi tomonidan inson huquqlari buzilishini qoralash va unga qarshi turish hamda uni javobgarlikka tortish uchun imkoniyat ekanligini aytdi. Agar Amerika Xitoyda tijoriy manfaatlar tufayli inson huquqlarini himoya qilmasa, biz dunyoning istalgan nuqtasida inson huquqlarini himoya qilish uchun barcha ma’naviy vakolatlarimizni yo‘qotamiz”, dedi Pelosi ovoz berishdan oldin qilgan bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG