Breaking News

Xorijdagi uyg'urlar o'z qismatidan jiddiy xavotirda


Xitoy hukumatiga qarshi namoyishga chiqqqan etnik uyg'ur. Istanbul, 1-oktabr, 2021.
Xitoy hukumatiga qarshi namoyishga chiqqqan etnik uyg'ur. Istanbul, 1-oktabr, 2021.

52 yoshli Tohir Hamut Izgil uch farzandi va rafiqasi bilan Shinjondan qochib kelgan. 2017-yildan beri Virjiniya shtatida yashaydi.

AQShdan siyosiy boshpana so’rab hujjatlarini topshirganiga to’rt yil bo’ldi. Fuqarolik va Immigratsiya xizmati hanuz bir qarorga kelmagan. Dunyo bo'ylab minglab uyg'urlar o'zlarini unutilgan qatlam ekanini aytmoqda. Hukumatlar ularning taqdiriga beparvo ekanidan shikoyat qilmoqda.

"Partiyani sev, vatanni sev!". Shinjondagi masjid peshtoqiga osilgan shior. 20-mart, 2021.
"Partiyani sev, vatanni sev!". Shinjondagi masjid peshtoqiga osilgan shior. 20-mart, 2021.

“Ikki qizimga Xitoy tomonidan berilgan pasportlarining amal qilish muddati 2019-yilda yakunlangan. Ular AQShda ham rasmiy maqomga ega emas. Virjiniya Politexnika universitetida tahsil olayotgan qizim hech qanday maqomsiz na kredit, na grant olishga haqli”, - deydi Izgil “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Izgil va uning oilasi Xitoy uyg’urlar va boshqa musulmonlarni “ekstremizm va separatizmga qarshi kurash iddaosi bilan hibsga olib, pasportlarini musodara qila boshlagan yillarda” AQShga qochishga muvaffaq bo’lgan.

“AQShda boshpana olish uchun intervyusini ilhaq bo’lib kutayotgan yuzlab uyg’urlar istiqomat qiladi. Hatto hujjatini olti-yetti yil avval topshirganlari ham bor”, - deydi Izgil.

AQShda muvaffaqiyat qozongan uyg'ur muhojiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:13 0:00

AQSh Fuqarolik va Immigratsiya xizmati matbuot kotibasi Viktoriya Palmerning ta’kidlashicha, agentlik siyosiy boshpana uchun topshirilgan arizalarni birma-bir ko’rib chiqadi hamda ularning bunga haqli yoki haqli emasligini o’rganadi.

“Boshpana uchun murojaat qilgan uyg’urlar ishlari ko’rib chiqilayotgan muddatda AQSh hududida qolishga qonunan haqli. Bundan tashqari, AQSh Fuqarolik va Immigratsiya xizmatining Boshpana bo’limi shaxslarning tezkor intervyu uchun bergan arizasiga muvofiq ishni zudlik bilan ko’rib chiqishi ham mumkin”, - deydi Palmer “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Pekin uyg’urlar va boshqa musulmonlarning o’zligini yo’q qilish maqsadida 1 milliondan ziyod shinjonliklarni panjara ortiga tashlagan. AQSh bunday siyosatni qoralab, joriy yilda Pekinni insoniyatga qarshi jinoyatda aybladi.

Pekin G’arb mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar va huquqni himoya qiluvchi guruhlarning ayblovlarini inkor etib keladi. Xitoy qayta tarbiyalash lagerlari qamoqxona emas, balki uyg’urlarni yangi kasbga o’rgatuvchi maskan ekaniga dunyoni ishontirishga urinib keladi.

Uyg'ur faoli: Genotsidda ayblangan davlat olimpiada mezboni bo'lolmaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

“Dunyo bo’ylab minglab uyg’urlar Xitoyga deport qilinishi mumkin. Xitoyda ularning hayoti xavf ostida qolishi aniq. Masalan, Tailandda 50 nafardan ziyod uyg’ur qochqinlar besh yildan ziyod qamoqda saqlanmoqda”, - deydi Izgil.

Istanbulda ism-sharifini e’lon qilishdan qo’rqib, o’zini Ehson Kartal sifatida tanishtirayotgan uyg’ur yashaydi. 35 yoshli qochqin asli shinjonlik.

Turkiyada uning qismatiga sherik qariyb 50 ming uyg’ur bor.

Kartal avvaliga Dubayda yashagan. Politsiya Xitoyga deport qilish bilan tahdid qilgach, 2018-yilda oilasi bilan Turkiyaga kelgan. Birlashgan Arab Amirliklarida ba’zi do’stlarimni politsiya qo’lga olib, Xitoyga deport qilganiga guvoh bo’lganman, deydi u.

“CNN” xabarlariga ko’ra, so’nggi yillarda BAA, Misr va Saudiyada uyg’urlarni deport qilish operatsiyasi kuchaygan.

Kartalning aytishicha, uyg’ur qochqinlar Turkiyada ham deport bo’lishdan xavfsirab yashamoqda.

Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog’an 2017-yilda Xitoy bilan Ekstraditsiya bitimini imzolagan.

Kartalning Xitoy bergan pasporti 2019-yilda o’z kuchini yo’qotgan. Garchi Turkiya unga uzoq muddatli rezidentlik maqomini taqdim etgan bo’lsa-da, ro’zg’or tebratish jiddiy muammoga aylangan.

“Bu maqom menga na ishlash huquqi, na qonuniy biznes bilan shug’ullanish imkonini beradi. Muddati o’tgan pasport bilan bu yerdan chiqib ketolmayman. Fuqaroligi yo’q shaxsman. Boshqa biror mamlakatda qochqin maqomiga ham erisha olmayman”, - deydi Kartal “Amerika Ovozi” bilan telefon orqali qurilgan suhbatda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG