Breaking News

Rossiya va G'arb ziddiyati urushga boshlaydimi?


Ukraina harbiylari mashg'ulot o'tkazmoqda, Donetsk, Ukraina, 2021-yil, 23-dekabr.

AQSh Prezidenti Jo Bayden bugun Rossiya rahbari bilan telefon orqali gaplashishi kutilmoqda. Bu haqda xabar bergan Oq uy rasmiysiga ko’ra, Amerika yetakchisi muloqotda Rossiya va Ukraina chegarasidagi keskinlikni diplomatik yo'l bilan hal qilishga intiladi.

"Biz diplomatiyaga va oldinga siljish uchun tayyormiz, - dedi rasmiy chorshanba kuni jurnalistlarga. - Agar Rossiya Ukrainaga navbatdagi bosqinni boshlasa, biz ham javob berishga tayyormiz”.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan o’tkazish so’ralgan bu qoʻngʻiroq 10-yanvar kuni Jenevada boʻlib oʻtadigan yuqori darajadagi muzokaralar oldidan amalga oshiriladi. Jeneva muloqotida prezidentlarning ishtirok etishi kutilmayapti.

2018-yilda Vladimir Putin prezident etib qayta saylanganidan bir necha kun o‘tib, Kremlning sobiq yuqori lavozimli amaldori “Amerika Ovozi” bilan suhbatda G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar qanchalar ziddiyatli tus olganini aytib bergan edi. Unga ko’ra, Putin Rossiya va G‘arb davlatlari orasidagi ziddiyatni tuzatib bo‘lmas deb hisoblaydi.

Kreml sobiq rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Putinga so’nggi zarba Ukrainada 2013-14-yillarda yuz bergan mashhur Maydon qo‘zg‘olonida berildi. Bu voqea Putinning ittifoqchisi, o‘sha paytdagi Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichning hokimiyatdan chetlatilishi bilan tugadi.

Rossiyaning sobiq prezidenti Boris Yelsin hukumatida yuqori lavozimni egallagan va Putin jamoasining muhim aʼzosiga aylangan yana bir manbaga ko’ra, Kreml ishonchning yoʻqolishi va umumiy til yoʻqligida Gʻarbni ayblaydi.

"Balki qilinishi mumkin bo'lgan yagona narsa ishonchni qayta tiklash uchun birgalikda kichikroq ishlarni amalga oshirish, - deydi u. - Agar biz buni qila olmasak, ehtimol biz bir kun uyg'onganimizda kimdir yadroviy raketalarni uchirgan bo'ladi".

So'nggi kunlarda Kreml rasmiylari chegaraga taktik yadroviy qurollarni joylashtirish haqida ochiqdan-ochiq tahdid qilmoqda. Rossiya 2014-yilda shu yo’l bilan Ukrainaga qarashli Qrim yarim orolini va Rossiya bilan chegaradosh Donbas hududining katta qismini bosib olgan edi.

18-dekabr kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukraina chegaralari yaqinida Rossiya harbiy harakatlari bilan bog‘liq kuchayib borayotgan inqirozni bartaraf etish haqida ikki soatlik video muloqot o’tkazdi. Shundan so’ng ko’p o’tmay Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ikki o’rtada qarama-qarshilik bo’lishi haqida ogohlantirdi.

Ryabkov, shuningdek, 1987-yilda AQSh bilan imzolangan O‘rta va uzoq masofaga mo‘ljallangan yadro kuchlari (INF) shartnomasiga muvofiq taqiqlangan qurollar chegaraga joylashtirilishi haqida ogohlantirdi. Ushbu kelishuv muddati 2019-yilda tugagan edi.

O‘tgan hafta Rossiya OAVlari tomonidan efirga uzatilgan nutqida Putin “Agar G‘arblik hamkasblarimizning ochiq-oydin tajovuzkor chiqishlari davom etsa, biz adekvat javob qaytaruvchi harbiy-texnik choralarni ko‘ramiz va do‘stona bo‘lmagan qadamlarga qattiq munosabat bildiramiz”, dedi.

Gʻarb yetakchilari va rasmiylariga ko’ra, NATOning kengayishiga doir Kreml noroziliklari asossiz va ehtimol Putin Yevropa xavsizligi arxitekturasini qayta qurish uchun bahona izlamoqda.

Shuningdek, G'arb rasmiylarining aytishicha, Rossiyaning G'arbni tajovuzkor sifatida ko'rsatishi bema'nilikdir, chunki uzoq yillardan beri aynan Rossiyaning o’zi G’arbga qarshi gibrid urush va kiber xurujlarni amalga oshirmoqda.

G‘arb rasmiylari Amerika va Yevropadagi atom elektr stansiyalari va boshqa kommunal infratuzilmalarga qaratilgan kiber hujumlar, sobiq rus josusi Sergey Skripalning Britaniya hududida zaharli gaz bilan o‘ldirilgani, G‘arb saylovlari va siyosatiga aralashish maqsadida olib borilayotgan dezinformatsion kampaniyalar va o‘ta o‘ng qanot siyosiy guruhlarning moliyalashtirilishi kabi holatlarni ham Rossiyaning tajovuzkor siyosati sifatida tilga oladi.

"Faktlar shuni ko'rsatadiki, biz Rossiya va Ukraina chegarasida ko'rayotgan yagona tajovuz bu ruslar tomonidan harbiy kuchlarning to’planishi va Rossiya rahbarining jangovar ritorikasidir”, - dedi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.

Ammo Kreml rasmiylari aybni G'arb davlatlarida ko’radi. Ularga ko’ra, Sovuq urush tugagandan beri NATO Rossiya chegarasi sari faqat kengayishda davom etmoqda. 1999-yildan beri bir vaqtlar Sovet Ittifoqining Varshava shartnomasiga a'zo bo'lgan o'nlab markaziy Yevropa va Boltiqbo'yi davlatlari G’arb harbiy alyansiga qo’shilgan.

Rossiya Prezidenti Vlamidir Putin (chapda) Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov bilan, Moskva, Rossiya, 2021-yil, 21-dekabr
Rossiya Prezidenti Vlamidir Putin (chapda) Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov bilan, Moskva, Rossiya, 2021-yil, 21-dekabr

Kreml da’vosiga ko’ra, Ukraina Maydonidagi namoyishlar xalq qoʻzgʻoloni emas, balki Gʻarb tomonidan uyushtirilgan harakatdir. G'arbni Sovuq urushga o'xshash adovatni qayta qo’zg’ashda ayblash va Rossiya rasmiylarining Sharq va G'arb munosabatlariga nisbatan noumidlik tuyg'usi bilan yondashishi nizolarni bartaraf etish qanchalik qiyin bo'lishini ko'rsatadi, deydi ekspertlar.

Putinning noroziligi o'tgan hafta Moskvada o'tgan yil oxiridagi matbuot anjumanida ham ko’rindi. U NATOdan o'z kuchlarini Markaziy va Sharqiy Yevropadan olib chiqib ketishi haqidagi talabiga zudlik bilan javob berishni talab qildi. Rossiya yetakchisining aytishicha, uning sabri tugayapti.

“Siz kafolat berishingiz kerak. Siz buni hoziroq qilishingiz kerak va bir necha o'n yillar davom etadigan muzokaralarga yetaklaydigan quruq gaplar kerak emas", - dedi u.

Uning talablari nafaqat NATOga a'zo bo'lgan sobiq kommunistik davlatlardan qo'shinlarni olib chiqish, balki Ukraina bir kun kelib G'arb ittifoqiga a'zo bo'lib qolmasligi haqidagi va'dani ham o'z ichiga oladi. Aslida bu G‘arbni sobiq Sovet davlatlari va sobiq kommunistik mamlakatlarni Kreml ta’sir doirasining bir qismi sifatida tan olishga chaqirish hisoblanadi.

Kuzatuvchilar kelasi oy AQSh, NATO va Rossiya o'rtasida rejalashtirilgan muzokaralar istiqboliga umidsiz qaramoqda. Sobiq Sovet Ittifoqi rahbari Nikita Xrushchevning nevarasi, Nyu-Yorkdagi “New School” o’quv yurti professori Nina Xrushchevaning aytishicha, rossiyaliklarda “o’ziga xos davlat” degan tafakkur mavjud va Putin “SSSRni qayta tiklashni emas, balki o‘z davlatining maxsus maqomini saqlab qolish”ni istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG