Breaking News

Ekspertlar: Kreml Yevropa gazini Xitoyga yo'naltirish niyatida


Mongoliyadan o'tuvchi “Sibirning kuchi - 2” deb nomlanuvchi mega quvur liniyasi yiliga 50 milliard kub metr Rossiya gazini Xitoyga yetkazib berish quvvatiga ega.
Mongoliyadan o'tuvchi “Sibirning kuchi - 2” deb nomlanuvchi mega quvur liniyasi yiliga 50 milliard kub metr Rossiya gazini Xitoyga yetkazib berish quvvatiga ega.

Rossiyaning "Gazprom" yirik davlat energetika kompaniyasi 2022-yilda Sibirdan Xitoyga o'tadigan ikkinchi yirik tabiiy gaz quvuri bo'yicha kelishuvni yakunlashi kutilyapti. Bu, energetika tahlilchilari va G'arb diplomatlari fikricha, Moskvaning gaz eksportida asosiy e’tibor Yevropadan Osiyo sari o’zgarayotganini anglatadi.

Bu iqtisodiy emas, asosan, geosiyosiy loyiha bo’lib, Yevropa uchun muammo tug'dirishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Mongoliyadan o'tuvchi “Sibirning kuchi - 2” deb nomlanuvchi mega quvur liniyasi yiliga 50 milliard kub metr Rossiya gazini Xitoyga yetkazib berish quvvatiga ega. U Rossiyaning Chayandinskoye konidagi gazni shimoliy Xitoyga olib o‘tuvchi yana bir yirik quvur – “Sibir kuchi - 1” ga qo’shimcha bo’ladi.

“Sibir kuchi – 2” gazni Sibirning Yamal yarim orolidan yetkazib beradi. Yevropaga eksport qilinadigan gaz ham xuddi shu yerda olinadi. G'arb rasmiylari energiyaga chanqoq Yevropa davlatlari qayta tiklanadigan energiya manbalariga o’tguncha, ya’ni Rossiya gaziga qaramlik kamaymaguncha bu loyiha jiddiy geosiyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.

Bir necha oydan beri G‘arb yetakchilari va rasmiylari Rossiyani bu yil Yevropaga ta’sir qilgan va shimoliy yarimsharda qish faslida chuqurlashib borishi mumkin bo‘lgan energiya tanqisligini kuchaytirishga hissa qo’shayotganlikda ayblab keladi. “Gazprom” ko’proq tabiiy gaz jo’natish bo'yicha Yevropaning shoshilinch talablarini qondirmadi. So'nggi bir necha hafta ichida "Gazprom" hatto eksportni kamaytirdi, deydi sanoat kuzatuvchilari.

Rossiyaning energiya giganti shartnomalarda kelishilgan gaz hajmini to’liq bajarayotganini ta'kidlamoqda. Biroq Xalqaro energetika agentligi va Yevropa qonun chiqaruvchilari Rossiyani misli ko'rilmagan darajada narxlarni oshirishda va zarur paytda Yevropaga gaz yetkazib berishni ko'paytirish uchun yetarlicha harakat qilmayotganlikda aybladi.

18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada Putin Xitoy yetakchisi Si Zinpin bilan Xitoy-Rossiya yangi energetika loyihasini muhokama qilgan. So’nggi o’zgarishlar Moskvaga Yevropa bilan narx-navo muzokarasida yanada ko‘proq ustunlik beradi, deydi Yevropa kengashining tashqi aloqalar bo‘yicha tahlilchisi Filip Medunich.

“Rossiya Yevropaning asosiy gaz yetkazib beruvchisi sifatida qoladi, biroq yevropaliklar zudlik bilan energiya transporti infratuzilmasidagi oʻzgarishlarni tushunishlari kerak. Chunki bu oʻzgarishlar Yevropani Moskvaning rahm-shafqatiga koʻproq qaram qilib qo’yishi mumkin”, - dedi u shu yil boshida oʻtkazgan tadqiqotida.

Si Zinpin bilan muloqotdan so‘ng gapirgan Rossiya prezidenti jurnalistlarga quvur yo‘nalishi, uzunligi va boshqa parametrlari kelishilganini, kelgusi bir necha hafta ichida texnik-iqtisodiy asoslash yakunlanishini aytdi.

“Control Risks” global konsalting kompaniyasining energetika bo’yicha tahlilchisi Vita Spivakning so'zlariga ko'ra, Kreml Xitoyda o'zining energiya bozorini kengaytirishga intilmoqda; bu esa kelgusi yillarda ko'mirni bosqichma-bosqich qisqartirish va o’rnini gaz bilan qoplashga urinayotgan Xitoy uchun ham ayni muddao. Spivak shu oy boshida boʻlib oʻtgan munozaralar forumida Kreml rasmiylari “ikki poytaxt oʻrtasida yaxshi hamkorlik aloqalari mavjudligini hisobga olgan holda” imkoniyatdan foydalanishga intilayotganini aytdi.

Strategik menejment bo'yicha “McKinsey” konsalting kompaniyasi Xitoyning gazga bo'lgan talabi 2035-yilga borib ikki baravar oshishini taxmin qilmoqda. Ayni paytda Yevropa hukumatlari energiya bozorlarini qanday o'zgartirish - energiyani qanday ishlab chiqarish, import qilish va tarqatish, qayta tiklanadigan manbalarga va ba'zi hollarda atom energetikasiga o'tish bo'yicha rejalarni ishlab chiqmoqda. Yevropa asta-sekin “Gazprom” ta'minotidan voz kechayotgan bir paytda Rossiya o'zining ulkan tabiiy gaz resurslarini Osiyoga diversifikatsiya qilishga urinmoqda.

Ammo Yevropa yaqin kelajakda ham Rossiya gaziga qaramligicha qoladi va Moskva o‘zining quvurlar tarmog‘ini qayta tartiblash, ularni kengroq iqtisodiy va siyosiy maqsadlar yo’lida shakllantirish ishlari bilan band bo’ladi, deydi energetika va milliy xavfsizlik bo‘yicha tahlilchilar.

Hozirda Rossiya Yevropani bir nechta quvurlar orqali gaz bilan ta’minlab turibdi. Bular - "Shimoliy oqim - I", "TurkStream" va Yamaldan Belarus va Polsha orqali Germaniyaga boradigan yana bir quvur.

Amur gazni qayta ishlash zavodi, Amur, Rossiya, 2019-yil, 29-noyabr
Amur gazni qayta ishlash zavodi, Amur, Rossiya, 2019-yil, 29-noyabr

Rossiyani Boltiq dengizi orqali Germaniya bilan bog‘laydigan, Ukraina orqali o‘tadigan eski quruqlik yo‘llarini aylanib o‘tuvchi munozarali “Shimoliy oqim - 2” suv osti quvuri qurilishi ham yaqinda yakunlandi. Ammo u hali Germaniya hukumati tomonidan yakuniy tasdiqni olmagan.

Vashington uzoq vaqtdan beri “Shimoliy oqim - 2” loyihasi Yevropa Ittifoqini Rossiyaga yanada qaram qilib qo‘yishi va Kremlning iqtisodiy bosimlari oldida zaiflashtirishi haqida ogohlantirib keladi. Rejalashtirilgan “Sibir qudrati - 2” quvuri Xitoyga “Shimoliy oqim - 2” Yevropaga yetkazib berishi mumkin bo‘lgan miqdorni o‘z ichiga oladi. Bu esa Kremlga gazni kimga va qanday narxda sotish bo’yicha shartlarni imtiyozli qo’yish imkoniyatini beradi.

Yevropalik yuqori martabali diplomatning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, joriy energetika inqirozi davrida “Gazprom” gaz ta’minotini oshirishdan bosh tortgani “Rossiyaning energiya bozoridan sof siyosiy maqsadlarda foydalanishga qanchalik tayyor ekanligini koʻrsatmoqda”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, gaz “Xitoyga diversifikatsiya qilinar ekan, bu Kremlga Yevropaga yetkazib berishni xohlagan paytida o’chirish yoki yoqish imkoniyatini beradi va Rossiya uchun moliyaviy xavflarni sezilarli darajada kamaytiradi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG