Breaking News

Andijonda “islom davlati” orzusidagi bir guruh ayollar hibsga olingan


Andijon viloyat IIB taqdim etgan surat

“Islomiy davlat”, “Tahvid va jihod katibasi”, “Hizb ut-Tahrir”, “Jihodchilar” - O’zbekistonda so’nggi paytda hibsga olinayotgan dindorlarning aksariyati aynan shu oqimlar tarafdori.

Vahobiylar ishtirok etgani da’vo qilingan Qozog’istondagi noroziliklar ortidan O’zbekiston huquq-tartibot idoralari bir qator ekstremistlarni fosh etdi. Andijonda 12 nafar ayol “Hizb ut-Tahrir”ga aloqadorlikda ayblanib hibsga olindi.

Avvalroq Toshkent, Farg’ona, Samarqand va Jizzaxda ekstremistlar, noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda gumonlanganlar hibs qilingan edi.

Davlat xavfsizlik xizmati yaqinda 20 yildan oshiq qidiruvda bo’lgan, Toshkentda 1999-yildagi portlashlarda ishtirok etgan shaxsning O’zbekistonga qaytarilgani haqida axborot tarqatdi.

Ta’kidlanishicha, 1967-yilda tug’ilgan U. S. 1999-yilning 16-fevralida Toshkentda kuzatilgan qo’poruvchilik harakatlaridagi ishtiroki ortidan mamlakatdan chiqib ketgan, keyinchalik MDH davlatlaridan birining fuqaroligini olgan. U “Turkiston islom harakati”ning O’zbekistondagi a’zolarini jangarilar lagerlariga jalb qilish bilan shug’ullanib kelgan.

Chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda O’zbekistonga qaytarilgan U. S. ustidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bir muddat avval Davlat xavfsizlik xizmati 23 yil qidiruvda bo’lgan va 1999-yilgi portlashlarda ishtirok etgan yana bir fuqaro chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda O’zbekistonga olib kelinganini ma’lum qilgan edi.

Shu oy boshida AQShda ekstremizmda, terrorchi tashkilotlarga moddiy ko’mak ko’rsatishda aybdor topilib, 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan Jamshid Muxtorov ham O’zbekistonga qaytarildi. Iyul oyida qamoqdan ozodlikka chiqqan Muxtorov AQSh davlatiga tahdid soluvchi xorijlik fuqaro sifatida topilgan, 7-yanvar kuni O’zbekistonga topshirilgan.

O’zbekistonda noqonuniy diniy guruhlar va ekstremizmga qarshi kurash statistikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan diniy islohotlar, Karimov paytidagi keskin repressiyalar davrida ham deyarli o’zgarishsiz qolayotgani ko’rinadi.

Dindor faollar buning sababini din, ekstremizmga qarshi kurash siyosati jiddiy o’zgarishlarga yuz tutmaganida ko’rishadi. Hibsga olinayotgan dindorlarning aksariyatiga diniy ma’ruzalar eshitish, diniy adabiyotlar saqlash kabi ayblovlar asos qilib olinmoqda.

“Islomiy davlat”ga qo’shilish niyatida Turkiyadan Suriyaga o’tmoqchi bo’lgan 19 yoshli o’zbekistonlik yigit haqida huquq-tartibot idoralari tarqatgan xabarda ham asosiy ayblov sifatida gumondorning telefonidan aqidapastlikka doir diniy ma’ruzalar chiqqani ko’rsatiladi.

Kuni kecha Andijonda 12 nafar ayolning hibs qilinishi esa jamoatchilikda jiddiy munozara qo’zg’adi.

Bu munozaralardan O’zbekiston prezidentining din ishlari bo’yicha maslahatchisi Shoazim Minovarov ham chetda qolmagan. Prezident maslahatchisi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “shariat bilan boshqariladigan islom davlati” orzusida yurganlar mamlakatning eng katta boyligi, tinchlikka raxna solayotgani haqida yozadi.

“Bunday narsalarga aslo befarq bo’lish kerak emas. O’ranishda avvalo qalb o’ranadi, nafs o’ranadi, momolarimiz, onalarimiz o’ragandek ro’mol o’raladi, ham yarashadigan, ham avratni yopadigan milliy liboslarga o’raniladi. Dinimizga, milliy va diniy odatlarimizga riyoni, bid’atni aralashtirmaylik! Yurtimizdagi tinchlikni asraylik!”, deb yozadi Andijonda hibs qilingan ayollar haqidagi xabarni ilova qilgan Minovarov.

Bu borada Andijon Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tarqatilgan xabarda aytilishicha, mehmondorchilikka yig’ilishib “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti g’oyalaridan saboq olgan bu ayollar ayni paytda Turkiyada bo’lib turgan fuqaroning ko’rsatmalariga asosan ish yuritishgan.

“Hizb ut-Tahrir” Rossiyada, Markaziy Osiyo davlatlarida ekstremistik tashkilot sifatida e’lon qilingan, ammo aksariyat davlatlarda qonuniy diniy tashkilot hisoblanadi.

Bu tashkilotning Ukrainadagi faollaridan biri Mahmud Abdulmo’min “Amerika Ovozi” bilan suhbatda O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra biror tashkilotni ekstremist sifatida e’lon qilish uchun sud qarori lozimligi, “Hizb ut-Tahrir” misolida biror mahkama o’tmagani, tashkilotga qo’yilgan ekstremizm ayblovi siyosiy ekanligi haqida gapirgan edi.

O’zbekiston muqaddam e’tiqod erkinligi keskin cheklangan davlatlar qatorida bo’lib kelgan. Mirziyoyev boshqaruvga kelgandan keyin diniy vaziyatda bir qadar erkinliklar kuzatildi, yuzlab diniy mahbuslar ozodlikka chiqarildi, O’zbekiston din masalasida AQShning alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarildi.

Ammo AQSh hukumati nazarida O’zbekistondagi diniy e’tiqod erkinligiga doir vaziyat hamon xavotirlardan xoli emas, mamlakat diniy vaziyat xavotirli hisoblangan davlatlar ro’yxatida qoldirilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG