Breaking News

HRW: 2021-yil O’zbekistonda huquq, so’z erkinligi bobida chekinish davri bo’ldi


O’zbekiston prezidenti saylovi inson huquqlariga doir islohotlarni to’xtatgan, mamlakatda avtoritarizm mustahkamlanyapti. “Human Rights Watch” (HRW) dunyodagi inson huquqlariga oid vaziyat bo’yicha e’lon qilgan hisobotida O’zbekiston haqida shunday xulosalarni keltiradi.

Unda O’zbekistondagi 2021-yilda kuzatilgan vaziyat batafsil tahlil qilingan. Ta’kidlanishicha, oktabr oyidagi prezidentlik saylovlari arafasida boshlangan cheklovlar saylov o’tishi ortidan ham bekor qilinmagan, mamlakatda inson huquqlariga doir ahvol og’irlashgan, siyosiy tuzum avtoritarligicha qolyapti.

Prezident saylovi jarayoniga baho bergan tashkilot muxolifligini ochiq bildirgan ikki siyosatchi Xidirnazar Olloqulov va Jahongir Otajonovlar kuchli bosimlar ostida saylovdan chetlatilganiga, Otajanov siyosatdan mutlaqo ketishga majbur bo’lganiga diqqat qaratadi.

HRW O’zbekiston prezidentli saylovlari yuzasidan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) missiyasi ham “haqiqiy raqobat yo’qligi”ga doir xulosaga kelganini eslatib o’tadi.

Prezidentlik saylovlarida qatnashishga uringan har iki siyosatchi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlarda Toshkentda YXHT missiyasi bilan uchrashishgani, saylovlarning mutlaqo demokratik talablarga javob bermasligi yuzasidan muhokama borgani haqida gapirishgan edi.

HRW o’z hisobotida O’zbekistonda so’z erkinligiga doir vaziyatga ham batafsil to’xtaladi. Jurnalist, blogerlarni hibs qilish davom etgan, hukumat xorij jurnalistlariga bosimni kuchaytirgan, xususan, polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskayaning avvaliga akkreditatsiyasi bekor qilingan, keyinchalik O’zbekistonga kirishiga mutlaq taqiq qo’yilgan.

So’z erkinligiga doir qonunchilik ham keskinlashgan. Tuhmat va yolg’on axborot tarqatish jinoiy javobgarlikka tenglashtirilishi ortidan mamlakat prezidentini matbuot, ijtimoiy tarmoqlar vositasida haqorat qilganlik alohida jinoiy moddaga aylantirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlari bilan tanilgan bloger Valijon Kalonov, jinsiy ozchilik himoyachisi sifatida tanilgan bloger Miraziz Bozorovlar o’z chiqishlari uchun hibsga olingani eslatiladi.

HRWga ko’ra, qiynoqlar masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Qiynoqlar muntazam qo’llanib kelingan mamlakatdagi eng ashaddiy qamoqxonalardan biri “Jasliq” taqdiri ham mavhum. Hukumat bu qamoqxona yopilganini e’lon qilgan, ammo huquq himoyachilari “Jasliq”da hamon mahbuslar saqlanyapti degan gumonda.

Diniy erkinlik borasidagi vaziyat ham xavotirli baholanadi. Xususan, diniy uchrashuvlar o’tkazayotgan fuqarolarni hibsga olish tiklangani, bloger Fozilxo’ja Orifxo’jayev iyul oyidan buyon ekstremizmda ayblanib hibsda ushlab turilgani ta’kidlanadi.

2021-yilda O’zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sabablar bois favqulodda norozilik chiqishlari kuzatilganiga qaramasdan miting va namoyishlar o’tkazish qonunchilik doirasida deyarli taqiqlangan, namoyishlarda qatnashishga da’vat etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.

“Human Rights Watch” O’zbekistonda jinsiy ozchilikka nisbatan toqat yo’qligiga, bu qonunchilik doirasida ta’qib qilinishi, besoqolbozlik uchun 3 yilgacha qamoq jazosi mavjudligiga diqqat qaratadi.

Tashkilotga ko’ra, O’zbekistonda ayollar bilan bog’liq zo’ravonlik keng tarqalgan, ayniqsa oilaviy zo’ravonlik og’ir muammo, buning uchun javobgarlik belgilanmagan. Hukumat zo’ravonlikka uchragan ayollar uchun reabilitatsiya markazlarini ocha boshlagan, ammo aksariyat hollarda bunday markazlar samara bermayapti.

O’zbekiston hukumati majburiy mehnatni yo’qotish bo’yicha harakatlarini davom ettirmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti 2020-yilda muntazam majburiy mehnatga tortish holatlari uchramaganini qayd etgan, ammo mamlakatda mustaqil kasaba qo’mitalari ro’yxatga olinmayotgani bu boradagi yutuqlarni yo’qqa chiqarishi mumkin.

HRW 2021-yilda O’zbekiston hukumatining nafaqat mamlakatdagi, balki dunyodagi inson huquqlariga doir vaziyatga ham daxldorligi ortganini, O’zbekiston yanvar oyidan BMT Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida faoliyatga kirishgani, hukumat inson huquqlariga doir xalqaro me’yorlarga amal qilish majburiyatida ekanligini eslatadi.

Inson huquqlariga doir vaziyat xalqaro aloqalarda qanday aks etayotganiga to’xtalgan tashkilot bu borada O’zbekiston hukumati va AQSh o’rtasidagi muzokaralarga, xususan, AQSh O’zbekistondagi inson huquqlariga doir islohotlarni qo’llab quvvatlashga tayyorlik izhor etayotganini, Yevropa Ittifoqi bu boradagi muammolar yuzasidan o’z xavotirini bildirib kelayotganini ko’rsatib o’tadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG