Breaking News

Diniy erkinlik: Blinken O'zbekiston va Turkmanistonni maqtadi


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

Ramazon hayiti arafasida AQSh dunyo bo'ylab diniy erkinlik qay ahvolda ekani haqida yillik hisobotini chiqardi. 2020-yildagi vaziyat tahlilida 200 ga yaqin mamlakat elakdan o'tkaziladi.

"Diniy erkinlik - inson huquqidir. Inson kim ekanini anglatuvchi haq. Vijdonga quloq solib, erkin e'tiqod qilish va buni ochiq namoyon eta olish, uyda ham, ko'chada ham", - deydi Blinken.

AQSh uchun bu huquq bosh qomusdagi asosiy kafolatlardan biri. BMT Inson huquqlari deklaratsiyasi ham uni qayd etadi.

Tadqiqotlarga ko'ra, kamida 56 mamlakatda e'tiqod va diniy erkinliklar cheklangan.

AQSh hisobotida Eron, Myanma, Rossiya, Nigeriya, Saudiya Arabistoni, Xitoy singar jamiyatlarda bu uzviy huquq qanchalik cheklangani, ular eng repressiv tuzumlar hukmron ekani ta'kidlanadi.

Blinken deydiki, bu davlatlarning har biri erkinlikni qo'pol va muntazam ravishda poymol etib, o'z aholisini ezib kelmoqda. Bunday siyosat, uning so'zlariga va AQSh tahlilnomasiga ko'ra, xalqaro qonunlarga tamoman ziddir.

"Kengroq qarasak, jahon bo'ylab anti-semitizim ham avj olmoqda, xususan AQShda va Yevropa mamlakatlarida. Bu o'ta xavfli ideologiyadir va tarixdan bilamizki, zo'ravonlikka yetaklaydi. Bunga darhol barham berishimiz kerak", - deydi Blinken.

"Musulmonlarga qarshi nafrat ham kengaygan, ko'plab mamlakatlarda, jumladan AQShda va Yervopa bo'ylab. Barcha din vakillari teng hurmat qilnishini ta'minlash uchun harakat qilmog'imiz zarur".

23 yildan beri chiqadigan hisobotda ijobiy holatlar ham qayd etilgan. Sudanda ozchilikni tashkil etuvchi diniy guruhlar qonuniy himoya ostiga olingan.

"O'zbekistonda diniy sabablar bilan qamoqqa tashlanganlar yuzlab sonlarda ozod etildi", - deydi Davlat kotibi. "O'tgan shanba kuni esa Turkmanistonda armiyaga borishdan bosh tortgan 16 nafar Iyegova (Yahova) shohidlari qo'yib yuborilgan".

Yahova shohidlari nasroniy oqimlaridan biri bo'lib, O'zbekiston va qo'shni davlatlarda ham turli bosimlardan nolib keladi.

Blinkenga ko'ra, Turkmaistonda harbiy xizmatning muqobil yo'llari taklif qilinishi Vashingtonga ma'qul.

Amerika bosh diplomati deydiki, Bayden rahbariyati uchun e'tiqod bilan bog'liq huquqlarni targ'ib qilish va himoyalash o'ta muhim maqsaddir.

"Amerika bu borada azaliy lider bo'lib qoladi", - deydi Blinken.

Davlat kotibi AQSh hamkorlari va kabi fikrlaydigan hukumatlarga, BMT Inson huquqlari kengashi va boshqa tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdi.

Hisobotga ko'ra, O'zbekistonda 2020-yilda 236 mahkum, diniy motivlar bilan sudlanganlar, ozod etilganiga qaramay mamlakatda e'tiqod erkinligi bilan muammolar talay.

Respublika, Vashington nazarida, oldingidek "alohida e'tiborga molik" davlat emas. Biroq Amerika vaziyatni yaqindan kuzatib, Toshkentni islohotlarni davom ettirishga, oldingi rahbar davrida qabul qilingan "repressiv" qonun va qarorlarni o'zgartirishga undab keladi. Shuningdek, ozchilikdagi guruhlar, jumladan turli nasroniy oqimlarga tazyiq ko'rsatmaslikka ham chaqiradi.

Amerika tahlilicha, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonda ham vaziyat talabga javob bermaydi. Ayniqsa Tojikiston va Turkmaniston muayyan choralar ko'rishga molik, aloqalar va hamkorlik cheklanishi tavsiya qilingan mamlakatlar ro'yxatida. Har ikkisida namoz o'qish, ibodat qilish, diniy ta'lim sezilarli darajada cheklangan.

Markaziy Osiyodagi besh respublika o'zini dunyoviy davlat deb hisoblaydi, ya'ni din va davlat bir-biridan alohida. Ammo amalda hukumatlar e'tiqod bilan bog'liq barcha jabhalarda asosiy rolda va nazorat azaldan qattiq. Ekstremizm va terrorizmning oldini olish maqsadida ko'riladigan choralar qonunan asoslab qo'yilgan.

Ommaviy axborot vositalarida ham kichik diniy guruhlar va jamoalarga nisbatan salbiy munosabat kuzatiladi, deyiladi AQSh hisobotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG