Breaking News

Tojikistonda bugun iqtisod va biznes muhit qanday?


Tojikiston iqtisodiyoti bugun qay ahvolda? Mamlakatda biznes muhit qanday va tadbirkorlar qanday muammolar bilan yuzlashadi? Vashingtondagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti manzara bilan yaqindan tanish mutaxassis va tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

Oxirgi 10 yildan buyon Tojikiston iqtisodiyoti 6-7 foizga o’sib kelmoqda. Hukumat so’nggi ikki yilda ijobiy savdo balansiga erishgan, ya’ni respublika ko’proq mahsulot eksport qilyapti.

“Bu import o’rnini bosish, iqtisodiyotni eksportga yo’naltirish bo’yicha siyosat samara berayotganini ko’rsatadi. O’sish asosan sement va oltin ishlab chiqarish hamda konchilik sanoati bilan bog’liq”, - deydi Farrux Sultonov, Xalqaro moliya korporatsiyasining Tojikistondagi vakili.

Ma’lumki, Tojikiston Qirg’iziston qatorida migrant ishchilar yuborayotgan mablag’ga tayanadi. Sultonovni qayd etishicha, so’nggi besh yilda pul o’tkazmalarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 45 foizdan 27-28 foizga kamaygani ijobiy o’zgarishdir.

Jahon bankining “Biznes yuritish 2020” hisobotida Tojikiston “yetakchi islohotchi” sifatida qayd etilganiga qaramasdan, mamlakatda sarmoya muhiti sezilarli ravishda yaxshilanmagan. AQSh Davlat departamenti va BMT ma’lumotlariga ko’ra, 2020-yilda to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar 53 foizga kamayib, atigi 162 million dollarni tashkil etgan.

“2022-yilning yanvaridan kuchga kirgan yangi soliq kodeksi vaziyatni ijobiy tomonga o’zgartiradi degan umid bor”, - deydi Sultonov.

Tojikistondagi xorijiy sarmoyalarning to’rtdan uch qismi Xitoy hissasiga to’g’ri keladi. Keyingi o’rinlarda - Rossiya, Turkiya va Qozog’iston.

Ozod Davlatshoyev Og’a Xon jamg’armasi yordami bilan 2016-yilda “Accelerator Prosperity” loyihasini ishga tushirgan. Maqsad - startaplar, kichik va oyoqqa turayotgan bizneslarga yo’l ko’rsatish, trening va texnik yordam berish, boshlang’ich kapital topishda ko’maklashish.

2022-yilning yanvaridan kuchga kirgan yangi soliq kodeksi vaziyatni ijobiy tomonga o’zgartiradi degan umid bor

Respublikada biznes muhitni yaxshilash yo’lida qator to’siqlar mavjud, deydi Davlatshoyev. Masalan, sovetcha mentalitet, eskicha uslubda ishlaydigan moliyaviy tizim, biznes yuritish qulayligi bobida global reyting pastligi, imtiyozlar kamligi, transport va logistika muammolari.

“Analitik tahlil, biznes prognozlar tayyorlash uchun ma’lumot yo’q yoki yetishmaydi. Statistika real hayotdagidan tubdan farq qiladi. Bunday sharoitda biznes modellashtirish haqida gapirmasa ham bo’ladi. Raqamlashtirish sohasida ishlar sust”, - deydi Davlatshoyev, biznes akselerator rahbari.

Ishbilarmon ta’biricha, qiyinchiliklarni imkoniyatga aylantirish, e’tiborni istiqbolli sektorlarga qaratish lozim. Xususan, informatsiya va kommunikatsiya texnologiyalari, moliyaviy xizmatlar, madaniy turizm, minerallar, regional savdo va transport, shuningdek, ham mintaqaviy, ham global miqyosda sarmoya fondlari bilan hamkorlik.

Oxirgi 20-25 yilda chet mamlakatlarda tahsil olgan yoshlar Tojikistonga qaytib, biznes boshlashga tayyor ekanini ko’ryapmiz, deydi Davlatshoyev. Lekin biznes muhit yaxshilanmasa malakali kadrlar imkoniyatni boshqa joyda izlaydi.

Inson kapitali - har qanday soha rivoji uchun muhim omil. O’qituvchilar oilasidan chiqqan, Shveysariya hamkorlik idorasining Tojikistondagi vakili Firuza Rahimovaning aytishicha, Tojikiston maktablarida 2,1 million bola tahsil olmoqda, o’qituvchilar soni esa uch mingga ham yetmaydi.

“Maktablar yetarli emas, o’qituvchilar va malakali kadrlar yetarli emas. Ta’lim tizimi sarmoyaga muhtoj”, - deydi Rahimova.

Tojikistondagi xususiy maktablar
Tojikistondagi xususiy maktablar

Tojikistondagi xususiy maktablar bozori kengayib bormoqda. Bunday maktablar ilk bor 25 yil oldin ochilgan. Ular zamonaviy tendensiyalarga, yangi o’quv metodlariga ochiq. Biroq ularni ochish va yuritish ham katta mablag’ talab qiladi.

Forumda qatnashgan “Alif” banki asoschilaridan biri Abdullo Qurbonov Tojikistonda bank sohasini idora etuvchi qonunlar va tashkilotlardan mamnun.

“Biroq moliya sohasiga taalluqli bo’lmagan boshqa qonunlar bir xil tatbiq etilmaydi. Ba’zi qonunlar eskirgan va ularni turlicha talqin qilish mumkin. Mana shu jihatlar ishimizni qiyinlashtiradi”, - deydi Qurbonov.

“Alif” banki O’zbekistonda ham faoliyatini yo’lga qo’ygan va Rossiyaga ham kirib bormoqda, 900 dan ziyod xodimi bor.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG