Breaking News

Ekspertlar: Mintaqaviy integratsiya O'zbekistondan real islohotlar talab qiladi


15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligiga undovchi anjumanga mezbonlik qilgan O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatda islohotlar jadal, orqaga qaytilmaydi, deya bong urdi

O'tgan hafta Toshkentda kechgan xalqaro anjuman ketidan Markaziy va Janubiy Osiyoni iqtisodiy jihatdan bog'lash va ikki mintaqani yaqinlashtirish uchun qanday jiddiy qadamlar tashlanadi? Yuqori diplomatik notalarda yakunlangan tadbir meva bermasa, ishonch va hurmat ham shunga yarasha bo'ladi, tarixga ham muhim voqea sifatida kirmaydi, deydi ekspertlar.

O'zbekiston hukumati mezbonlik qilgan yig'inda qariyb 50 davlat va 30 dan oshiq tashkilotning yuqori lavozimli vakillari qatnashdi, jumladan Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoq va AQShdan. Shu kungacha mintaqaviy integratsiya xususida bu qadar keng muhokama kechmagan, bunchalik katta davraga qurilmagan edi.

Biroq mutaxassislar dabdabali tadbirlar ulkan amaliy ishlarga yo'l ochmasa, safsataga to'la voqea sifatida qayd etiladi yoki umuman esdan chiqadi, deya ogohlantirmoqda. Ya'ni, O'zbekiston poytaxtida 15-16 iyul kunlari o'tgan uchrashuvlar, muloqot va almashinuvlar, oddiy qilib aytganda, investitsiya va pulga aylanishi kerak. Iqtisodiy foyda olib kelishi kerak.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev so'zlariga ko'ra, anjuman "yangi O‘zbekistonning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq muhim tarixiy davrda" o‘tdi.

"Biz jamiyatimizning barcha sohalarida tizimli va tub demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz. Bu o‘zgarishlar keng ko‘lamli va ortga qaytmaydigan muqarrar tus oldi. Bu – xalqimizning printsipial tanlovidir", - dedi prezident.

"Markaziy Osiyo mintaqasida – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yutug‘idir".

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi avgust oyida Turkmanistonda o‘tishi rejalangan.

"O‘zbekiston konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor bo‘lgan ishonchli va barqaror, qat’iy pozitsiyaga ega sherikdir", - dedi Mirziyoyev.

Markaziy Osiyo bo'yicha Oksus jamiyati, Vashingtonda asoslangan ilmiy markaz, rahbari hamda Texas A&M universiteti professori Edvard Lemon tahlilicha, O'zbekiston prezidentining faol tashqi siyosati chegaralarni ochdi, o'zaro muammolarga e'tibor qaratib, yechimlarga undamoqda.

Toshkent Afg'onistonga nisbatan diqqatni ham yuqori darajada ushlab turibdi, deydi Lemon. Bu esa, uning nazarida, Markaziy Osiyoning siyosiy ahamiyatini va mintaqaga global qiziqishni kuchaytirmoqda.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish so'zlamoqda, Toshkent, 16-iyul, 2021
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish so'zlamoqda, Toshkent, 16-iyul, 2021

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish anjuman qatnashchilariga video orqali murojaat qilar ekan, BMT barcha say-harakatlarni quvvatlaydi, dedi.

"Chunki integratsiya savdo, iqtisodiy o'sish va davomiy taraqqiyot uchun nihoyatda zarur", - deydi Guterrish. "Ammo bu faqat iqtisodiy harakat emas. U qo'shnilarni, xalqlarni yaqinlashtiradi. Do'stlikni mustahkamlaydi".

BMT Bosh kotibi fikricha, Afg'onistonda tinchlikka erishishda va farovon uchun zamin hozirlashda ham regional integratsiyaning roli katta.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani, mamlakatda vaziyat qaltis bo'lishiga qaramay, Toshkentga keldi. Anjumanda so'zlar ekan, Guterrish singari tinchlikni mintaqaviy ahillik va hamjihatlikka bog'ladi.

"Afg'onistonda suveren, birlashgan, demokratik, tinch va qo'shnilar bilan yaqin rishtalarga ega davlat bo'lishi - xalqaro va mintaqa hamjamiyati tomonidan quvvatlangan maqsad", - dedi G'ani.

Toshkent, 16-iyul, 2021
Toshkent, 16-iyul, 2021

Tolibon bilan ziddiyatni qurol bilan emas, muzokara orqali hal etish uning hukumati uchun birlamchi vazifa ekanini ham G'ani qayta-qayta ta'kidladi.

"Afg'onistonga Osiyoni bog'lovchi hudud sifatida qarang. Asrlar davomida bizning yurtimiz orqali madaniyatlar bir-biri bilan bog'langan, mahsulotlar sotilgan, g'oya ulashilgan, odamlar bir-birini tanigan", - deydi prezident.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon 15-iyul kuni Toshkentda O'zbekiston rahbari bilan 500 million dollarga yeng shartnomalar imzoladi - tijorat, tranzit, viza va xavfsizilik bobida, shuningdek, madaniy-ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun.

"Aholi soni va tabiiy boyliklarga tayansak, Markaziy va Janubiy Osiyo orasida mahsulotlar va xizmatlar bozorini yarata olamiz", - dedi Xon.

Professor Lemon deydiki, agar davlatlar sidqidildan ter to'ksa, haqiqatan ham 1,5 milliarddan ziyod aholiga ega ikki mintaqa orasida yangi transport koridorlari va ulkan bozor shakllanishi mumkin.

"Markaziy Osiyo Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqi bilan hozir qancha savdo qilishiga qarasak, Hindiston, Pokiston va Afg'oniston bilan tijorat juda-juda oz", - deydi tadqiqotchi.

O'zbekiston va Pokiston rahbarlari, 16-iyul, 2021
O'zbekiston va Pokiston rahbarlari, 16-iyul, 2021

Termizdan Mozori-Sharif va Kobul orqali Peshovargacha, undan keyin esa Arab dengizi bo'yidagi Karachi, Gvodar va Bin Qosim portlarigacha boradigan temir yo'li ishga tushsa, O'zbekiston Hind okeaniga chiqadi. Bu bilan esa uning uchun jahon bozorlarida yangi imkoniyatlar paydo bo'ladi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha bosh rasmiysi Josep Borrellga ko'ra, blok ikki mintaqa yaqinlashishi tarafdori va yordamga tayyor.

"Markaziy Osiyo - Yevropa va Janubiy Osiyo orasidagi strategik region", - deydi Borrell.

Integratsiya, barqarorik va xavfsizlik, deydi Yevropa rasmiysi, bir-biriga chambarchas bog'liq.

"Yevropa Ittifoqi mintaqadagi bu intilishni olqishlaydi va o'z siyosatida hisobga oladi", - deydi Borrell.

AQSh yetakchilidagigi C5+1 dialogi, ya'ni O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSh diplomatik davrasi ham 15-iyulda Toshkentda yi'gilib, savdo, transport va energetika tizimlarini ulash masalalarini muhokaa qildi. Lekin bu forumda asosiy diqqat baribir Afg'onistonda, chunki u yerda tinchlikka erishilmasa, hamkorlikni biror jabhada kuchaytirish amri mahol.

2001-2008 yillarda Davlat departamentida yuqori lavozimlarda ishlagan, xususan Markaziy Osiyo bilan aloqalarni ham tebratgan Evan Feygenbaum "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashar ekan, integratsiya yangi mavzu yoki maqsad emasligiga urg'u beradi.

30 yildan beri bu haqda bong urilaladi, ammo amaliy jihatdan uzoqqa borilmadi. Nega?

"Islom Karimov davrida O'zbekiston integratsiyaga qarshi edi. Markaziy Osiyoning yuragidagi davlatning ishtiyoqmas emasligi boshqalarga ham salbiy ta'sir qilar edi. Hozirda Toshkent nihoyatda ishtiyoqmand va bu tarixiy burilish", - deydi Feygabaum.

Yana bir sababi G'arbdan salmoqli sarmoya kelmasligi, ayniqsa o'tgan besh yillikda xususiy kapital oqimi, umuman olganda, pasaydi. "Markaziy Osiyoga kelmadi hisob", - deydi ekspert.

Feygenbaum hozirda Xalqaro tinchlik uchun Karnegi fondida, Vashingtondagi yetakchi aql markazida rahbar o'rinbosari. Xitoy bo'yicha yetakchi mutaxassis sifatida deydiki, Pekinga mintaqaninng asosan tabiiy boyliklari va xom ashyosi zarurligi uni Markaziy Osiyodagi asosiy biznes hamkor va sarmoyachiga aylantirgan.

Uning tahlilicha, Xitoyga integratsiya qiziqmas va muhimmas. Bu davlat nimaiki loyiha boshlagan bo'lsa, hatto regional proyektar ham asosan ikki tomonlama aloqalardan kelib chiqib, amalga oshiriladi.

Anjumanda Xitoydan ham delegatsiya bo'ldi. Sababi oddiy, deydi Feygenbaum, Pekin bu doirada o'tirishdan manfaatdor, ammo, integratsiyani real quvvatlaydi , deyish xato bo'ladi.

Toshkentga borgan amerikalik olim Frederik Starr ham o'xshash fikrlarni bildiradi. Bayden ma'muriyati Markaziy va Janubiy Osiyoni yaqinlashtirish uchun jiddiy hissa qo'shib, tashqi siyosatda ustuvor yo'nalish sifatida qarasin, deya undamoqda u.

Starr va uning AQShdagi va Markaziy Osiyodagi hamkasblari Markaziy Osiyo deganda Afg'onistonni ham qo'shishni, C5+1 formatini C6+1ga aylantirishni taklif qilmoqda. AQSh faolligi oshmasa, deydi Starr, bu davlatlar ham o'z tashqi siyosatini muvozanatlashga qiynaladi. Ularga siyosiy madad kuchayishi lozim, deydi u, shu kunlarda Amerika matbuotida hamfikr ekspertlar bilan yozgan sharhlarida.

Pitsburg universitetidan Jennifer Murtazashvili nazarida Toshkentdagi anjuman regional integratsiya reallashishi uchun tarixiy turki, chunki buning uchun har ikki mintaqa davlatlarida xohish-iroda mavjudligi sezilmoqda. Shu kungacha Markaziy va Janubiy Osiyo orasida kuchliroq hamkorlikni xorij, xususan G'arb ko'proq istagan, deydi u.

"Yangi savdo yo'llarini chetdan emas, ichkaridan yaratishadi axir", - deydi olima. "Ammo mablag' tashqaridan keladi, bu ham haqiqat".

"Investitsiya qanchalik kelishi esa ichki vaziyatga bog'liq", - deya tushuntadi Murtazashvili.

Markaziy Osiyoni yaxlit region sifatida hamda uni Janubiy Osiyo bilan yakdillik va iqtisodiy hamjihatlikka chaqirayotgan O'zbekistonda islohotlar samara berishi kerak, ular to'xtamasligi zarur.

"Toshkent xalqaro hamjamiyatga berayotgan so'zlarida turishi lozim", - deydi ekspert, sistematik islohotlarni chuqurlashirishga undab.

Edvard Lemon ham shu fikrda. Katta gaplar katta ishlarga aylanishi kerak. Mintaqa oldingidek emasligini, O'zbekiston singari yirik jamiyat erkinroq nafas olib, shaffofroq va adolatliroq tizimda yashayotganini dunyo ko'rishi, sezishi kerak.

Afg'onistonda tinchlikka erishilmasa, bu ham eng katta to'siqlardan biri bo'lib qolaveradi. U yer barqaror bo'lmasa, mintaqalar ulana olmaydi. Lekin ulangani sari Afg'onistonga ham buning foydasi tegib, tinchlik sari qadam tashlashi mumkin.

Xullas, deydi mutaxassislar, hozirgi vaziyat qanchalik murakkab bo'lmasin, harakatlarni to'xtatmaslik kerak. Davlatlar iroda naqadar kuchli ekanini amalda isbotlasin.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 900 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG