Breaking News

Tojikiston-Qirg‘iziston: Chegara muammolari yechilmayotganidan aholi aziyat chekmoqda


Tojikiston va Qirg'iziston harbiylari o'rtasidagi to'qnashuvlar paytida yonib ketgan uylardan biri, 2021-yil
Tojikiston va Qirg'iziston harbiylari o'rtasidagi to'qnashuvlar paytida yonib ketgan uylardan biri, 2021-yil

Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida yuz bergan oxigi qurolli to‘qnashuv ortidan boshlangan muzokaralarning yakunida hech qanday kelishuv imzolanmadi. Ikki davlat qo‘shma komissiyasining chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish bo‘yicha ishlari oldinga siljish o’rniga ortga ketayotgani kuzatilmoqda.

Tomonlar o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, oldingi yillar imzolangan kelishuvlarni ham bekor qilishga urinmoqda.

29-yanvar kuni Qirg‘izistonning Botken shahrida davom etgan muzokaralar yakunida ikki davlat ishchi guruhlari yetakchilari, milliy xavfsizlik xizmatlari rahbarlari birgalikda brifing o‘tkazar ekan, tomonlar asosiy masala yuzasidan hech qanday hujjat imzolamagai ma’lum bo‘ldi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi general-leytenant Qamchibek Tashiyev qo‘shma komissiya ishlari davom etishini ta’kidladi.

“Ikki davlat orasidagi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma komissiya ishlari ikki oy oldin to‘xtab qolgan edi. Biz sakkiz kundan keyin komissiya ishini qayta boshlashi va muntazam davom ettirishiga kelishib oldik”, – dedi Tashiyev.

U Prezident Sadir Japarovning chegara muammosini muzokara yo’li bilan yechish lozim degan so’zlarini qayd etib, “kechagi voqealardan keyin komissiya ishlari qayta jonlanishi yaxshi bo‘ldi”, deya ta’kidladi.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi general-polkovnik Saymo‘min Yatimovga ko’ra, oldin erishilgan kelishuvlardan voz kechish tojik-qirg‘iz chegarasida yangi nizolarga olib keladi.

“Huquqiy hujjatlardan chetlashish, imzolangan protokollardan chetga chiqish nizolarga olib keladi. Ushbu protokollarga qat’iy rioya qilish kerak. Biz muzokaralar chog‘ida paritet komissiyalarimiz faoliyati natijasida imzolangan fundamental hujjatlarni yodda tutishimiz kerak, degan fikrga keldik. Protokollar talablari qat’iy bajarilishi kerak”, – deydi Yatimov.

Siyosiy sharhlovchi Ne’matullo Mirsaidovning fikricha, Yatimov “kelishuvlardan voz kechish” deganda Qirg‘iziston rahbariyati 275 metr uzunlikdagi 5 gektar yerni Qirg‘iziston tomoni 49 yilga ijaraga olganligi haqidagi 2009-yilda imzolangan kelishuvdan tonib, shartnomani bekor qilishga urinayotganiga ishora qilmoqda.

2021-yilning oktabrida Sadir Japarov matbuot anjumanida aynan shu mojaro qo‘zg‘algan To‘rt-ko‘cha mintaqasiga tegishli bo‘lgan protokolni bekor qilish haqida so‘zlagan edi.

“Madumarov protokolni imzolash huquqiga ega bo‘lmagan va unga hech kim vakolat bermagan. Chegara masalalarini hal etishda ikki davlatning hukumatlararo komissiyasi ish olib borishi, kelishuvni ishlab chiqib prezidentga olib kelishi kerak. Hujjatni o‘rganib chiqib, agar rozi bo‘lsam, ratifikatsiya uchun parlamentga yuborishim kerak. Yakunida yana prezident hujjatni imzolaydi. Mana shunday bahslashishda davom etamiz. Lekin biz bu 275 metrni bermaymiz, bunga haqqimiz yo‘q. Agar biz bu yerni bersak, 37 yildan keyin Laylak anklavga aylanadi. Bu protokol huquqiy kuchga ega emas va haqiqat biz tarafda”, – degan edi Qirg‘iziston prezidenti.

Yillar o‘tyapti, qurbonlar, talafotlar ortayapti, ammo muammoni ikki davlatning o‘zi hal qila olmayapti. Chunki mavjud hujjatlarni har qaysi tomon o‘ziga foydalisini e’tirof etyapti.

Japarov nazarda tutgan protokol 2009-yil ikki davlat mas’ullari tomonidan imzolangan. Qirg‘iziston tomonidan o‘sha paytdagi mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi Adaxan Madumarov imzo chekkan.

Prezidentning matbuot anjumanidagi so‘zlaridan so‘ng Madumarov bu protokolning imzolanishi to‘g‘ri qaror bo‘lganligini, kim uni shubha ostiga olsa televideniyeda ochiq debatga chaqirishini aytgan edi.

Bu ijara protokoli tomonlar 2005-yilning 18-maydagi “Tojikiston Respublikasi hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi hukumati o‘rtasida yer uchastkalarini o‘zaro sotib olish to‘g‘risidagi shartnoma”ning 5-bandi asosida imzolagan.

“Tomonlar ushbu shartnomaning 1-moddasida ko‘rsatilgan yer uchastkalarini bir-birlariga yiliga 1 AQSh dollari miqdorida ijara haqi bilan 49 yil muddatga ijaraga taqdim etadilar”, deyiladi shartnomaning ushbu bandida.

Qirg‘izistonlik jurnalist Aydanbek Akmatovning aytishicha, protokolni bekor qilish ayni paytda amaldagi hukumat uchun foydali bo‘lib qolgan.

“2009-yil bu protokol imzolanishidan oldin barcha rahbarlar qo‘lidan o‘tgan va hamma uning imzolanishiga rozi bo‘lgan. Xavfsizlik kengashi raisining bir o‘zi bu hujjatni imzolay olmas edi. Ostida Madumarov nomi turgan bu protokolning shubha ostiga olinishi bugungi kunda u kishi “Butun Qirg‘iziston” partiyasi yetakchisi sifatida amaldagi hukumatga muxolif sifatida chiqqani bilan bog‘liq. Bu ish siyosiylashtirilgan”, – deydi Akmatov.

Tahlilchi Sarvar Turdiboyev fikricha esa protokol mamlakat parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinmaganligi tufayli ham u qonuniy kuchga ega bo‘lmasligi mumkin.

“Xavfsizlik kengashi raisi Madumarov tomonidan imzolangan u hujjat, u protokol Yuqori Kengashga taqdim etilmagan ekan. Shuning uchun ham u qonuniy kuchga ega bo‘lmasligi mumkin”, – deydi Turdiboyev.

27-yanvar kungi otishma oqibatlari, "Ozodlik" Tojik xizmati lavhasi (tojik tilida):

Tojikistonlik siyosatshunos Sherali Rizoyonga ko‘ra, kelishuvlar muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga Qirg‘iziston media fazosida davlat chegarasini demarkatsiya va delimitatsiya qilish muammosi siyosiylashgan mavzuga aylangani va mamlakatning ichki siyosiy kurashida qo‘llanilayotgani sababdir.

“Birgina 2021-yilning o‘zidayoq O‘zbekiston va Tojikiston bilan erishilgan kelishuvlar go‘yo mahalliy aholining talablari tufayli bajarilmaganiga guvoh bo‘ldik. Qo‘shni davlat manfaatlarini hisobga olmagan holda kelishuvlarga bir tomonlama baho berish va og‘zaki denonsatsiya qilish, ya’ni davlat tomonidan tuzilgan xalqaro shartnomadan og‘zaki holatda voz kechish muzokaralarni boshi berk ko‘chaga olib boradi”, – deydi u.

Prezident Japarovning To‘rt-ko‘cha mintaqasi taqdirini belgilagan protokolni shubha ostiga olishidan uch oy o‘tib, aynan shu mintaqada ikki davlat harbiylari orasida qurolli to‘qnashuv yuz bergan. Tojikiston tomonidan ikki nafar halok bo‘lgan, 10 nafar tan jarohati olgan.

Qirg‘iziston tomonidan ham 11 nafar jarohat olgan. Har ikki tarafdan o‘nlab uylarga zarar yetkazilgan, qo‘shni qishloqlardan o‘n minglab odamlar evakuatsiya qilingan. Tahlilchilar bu to‘qnashuv tasodifiy emas, unga tomonlar, hech bo‘lmaganda ulardan biri avvaldan tayyorgarlik ko‘rganini va mojaro ataylab qo‘zg‘atilganini aytishmoqda.

Bu holat yuzasidan AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays ham xavotir bildirdi.

“AQSh qirg‘iz-tojik chegarasida yana zo‘ravonliklar sodir bo‘lganidan qattiq xavotirda. Biz qurbonlar, ularning oilalari va mojaro tufayli ko‘chirilganlar haqida qayg‘urmoqdamiz. Biz hal qilinmagan chegara muammolarini muzokara va tinch-totuv yashashga sodiqlik orqali hal qilishga chaqiramiz”, – deya yozdi Prays “Twitter” sahifasida.

Oxirgi qonli to‘qnashuvlar ortidan har ikki davlat a’zo bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), shuningdek, Yevrp[ada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) va Turkiy davlatlar tashkilotlari ham tomonlarni murosaga chaqirdi.

Ikki davlat chegara masalasida yaqin orada kelisha olishi noma’lumligicha qolmoqda.

“Agar ishlar shu sur’atda davom etsa, borgan sari holat yomonlashadiyu, yaxshilanmaydi. Muammoni hal etish uchun har ikki tarafdan mutaxassislar, vakolatli kishilar ishga jiddiy kirishishi va qattiq ishlashi kerak. Agar shunday kuchli iroda bilan ishga kirishilsa, albatta hal bo‘ladi”, – deydi tojikistonlik faol Muzaffar Olimov.

27-yanvar kungi otishma oqibatlari, "Ozodlik" Qirg'iz xizmati lavhasi (qirg'iz tilida):

Tojikiston va Qirg’iziston orasidagi umumiy chegara 984 kilometr bo‘lib, 400 kilometri delimitatsiya va demarkatsiya qilinmagan. Eng katta muammolardan biri 35 mingdan ortiq Tojikiston fuqarosi yashaydigan Vorux qishlog‘ining Qirg‘iziston ichida anklav holatida qolayotgani sababli qatnaydigan yo‘l masalasidir.

Ayni paytda Qirg‘izistonning ba’zi qishloqlariga qatnash uchun Tojikiston ichidan o‘tiladi. Tomonlar muammoni bartaraf etish uchun bir necha marta protokollar imzolagan, ammo ular o‘z vaqtida ijro etilmay qolib ketmoqda. Mojarolar qayta qo‘zg‘alib, harbiylar orasida qurolli to‘qnashuvlar yuz bermoqda, talafotlar ortib bormoqda.

Tahlilchi Ne’matullo Mirsaidov fikricha, qo‘shma komissiyaning ba’zi kelishuvlari ham kamchiliklardan xoli emas.

“Qirg‘iziston bilan Tojikiston birgalikda Voruxga boriladigan alohida yo‘l qurishiga kelishuv avvaldan noto‘g‘ri bo‘lgan. Voruxga boradigan yo‘l mustaqil bo‘lishi va Tojikiston hududidan o‘tishi yoki bu yo‘l o‘tadigan mintaqa Tojikiston yeri deb qabul qilinishi kerak. Ayni paytda Oq-soy – Ko‘ktosh – Tamdiq yo‘li ayrim uchastkalarda Tojikiston hududidan o‘tadi. Demak, qirg‘izlarga ruxsat berilsa va bu yo‘l to‘la Qirg‘iziston mulki bo‘lsa, Voruxga boradigan yo‘l ham mustaqil bo‘lib, Tojikiston mulki sifatida qabul qilinsa va tomonlar o‘z yo‘llarini o‘zlari mustaqil qursalar bo‘ladi. Shu yo‘l bilan bu yerdagi muammoni hal qilish mumkin”, – deydi Mirsaidov.

Huquqiy hujjatlardan chetlashish, imzolangan protokollardan chetga chiqish nizolarga olib keladi. Ushbu protokollarga qat’iy rioya qilish kerak.

Tahlilchi Sarvar Turdiboyev turli xalqaro tashkilotlarda, hatto KXShT harbiy blogida birga bo‘lgan ikki davlatning o‘zaro jang holatida ekanidan hayratini yashirmaydi.

Uning fikricha, chegara mojarosi cho‘zilishi ortidan chegara hududlarda yashaydigan mahalliy aholi vakillari aziyat chekmoqda.

“Umumiy harbiy blok tarkibida bo‘lgan ikki davlatning qurolli to‘qnashuvlari juda hayratlanarli va achinarli holat. Yillar o‘tyapti, qurbonlar, talafotlar ortayapti, ammo muammoni ikki davlatning o‘zi hal qila olmayapti. Chunki mavjud hujjatlarni har qaysi tomon o‘ziga foydalisini e’tirof etyapti, manfaat bermaydiganini inkor etyapti. Muzokaralar olib bora olishmayapti. Yetarli darajadagi kuchli kadrlar yo‘q. Ammo uchinchi tarafni ham aralashtirishni istashmaydi. Shuning uchun ikkala taraf ham shuni tan olib, hakamlarni oraga qo‘shib, shular orqali kelishuvga erishmog‘i lozim, deb o‘ylayman. Ammo hakamlar ikki tomon ham birday e’tirof etgan bo‘lishi kerak. Chegara muammosi hal etilmasligi ortidan mintaqada yashaydigan mahalliy aholi tinchi yo‘qolgan. Eng ko‘p talafotni shu odamlar ko‘rmoqda. Tinch fuqarolar aziyat chekmoqda”, – deydi Turdiboyev.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG