Breaking News

Tojik-qirgʻiz muzokaralari: Yopiq eshiklar ortidagi kelishuv yoki kelishmovchilik


Qirg'iziston Tojikiston bilan chegarada harbiy mashqlar o'tkazishga tayyorlanmoqda, 12-mart, 2021

16-17 mart kunlari Tojikiston va Qirgʻiziston davlat xavfsizlik qoʻmitalari boshchiligidagi delegatsiyalar uchrashib, o’rtadagi bahsli chegara hududlarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish hamda xavfsizlik masalalari boʻyicha muloqot qildi.

Ammo yopiq eshiklar ortida oʻtkazilgan muzokara natijalari haligacha jamoatchilikka maʼlum emas. Tomonlar matbuotga ham batafsil bayonot bermadi. Tahlilchilar vaziyat yaxshi tomonga oʻzgarmaganligini taxmin qilishmoqda.

Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi bahsli hududlarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha ikki davlat delegatsiyalariga ilk bor davlat xavfsizlik qoʻmitalari raislari, Tojikiston tomonidan general-polkovnik Saymoʻmin Yatimov va Qirgʻiziston tomonidan general-mayor Qamchibek Tashiyev boshchilik qildi.

Bungacha ikki davlat qoʻshma komissiyasiga bosh vazir oʻrinbosarlari rahbarlik qilar edi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida oʻtganligi uchun ham aynan nima masalalar muhokama qilinganligi va qanday natijalarga erishilganligi haqida toʻliq maʼlumot yoʻq.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 17-mart kuni kichik bir xabar eʼlon qilib, “muloqot paytida Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish boʻyicha fikr almashilganligi”ni va “muloqot doʻstona oʻtgan”ligini maʼlum qildi, xolos. Tojikiston tomonidan jamoatchilikka bundan ortiq maʼlumot ochiqlanmadi.​

Qirgʻiziston tomoni muzokaralar oldidan matbuotga va jamoatchilikka nisbatan batafsil maʼlumot bergan edi. Qirgʻiziston Xavfsizlik davlat qoʻmitasi matbuot xizmati Qamchibek Tashiyevning maxsus xizmat rahbari sifatida tojik hamkori bilan birinchi uchrashuvi boʻlganligi sababli ham chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasini muhokama qilishdan tashqari ikki tomonlama hamkorlik asosida boshqa muhim masalalar ham muhokama qilinishi rejalashtirilganligini maʼlum qilgan edi.

“Ikki davlatning xavfsizligiga xavf soluvchi holatlarga qarshi birgalikda kurashish masalasi” ham muhokama qilinishi haqida bayonot bergan matbuot xizmati aynan nima masala ekanligini ochiqlamagan.

Taxminlarga koʻra, muzokaralarda chegaradan qochoq mahsulotlar oʻtishi ham muhokama etilgan. General-mayor Qamchibek Tashiyevning oʻzi muzokaralarga kelish oldidan 15-mart kuni Botken oblastining Sugʻd viloyati bilan chegara mintaqasida joylashgan Samarqandak mintaqasida mahalliy aholi bilan uchrashib, tojik hamkasbi bilan uchrashuvdan maqsad chegaraning delimitatsiya va demarkatsiyasini hal qilishga kelishib olish ekanligini aytgan, shuningdek, chegaradan qochoq mahsulot oʻtkazilishi ham qatʼiy toʻxtatilishini taʼkidlagan edi.

“Sizlar biz bilan uchrashuvlarda qoʻshni davlatlarga mahsulotlar yashirincha oʻtishiga barham berish haqida talablar qoʻygan edingiz. Biz choralar koʻrdik. Bizdan Tojikistonga benzin, solyarka va boshqa yoqilgʻi mahsulotlari oʻtmaydi”, - degan edi Tashiyev mahalliy fuqarolarga.

“Tojikistondan bizga oʻtib, Rossiya va boshqa davlatlarga ketayotgan mahsulotlar ham oʻtmaydi. Istashsa, Oʻzbekiston va Qozogʻiston orqali olib ketaverishsin, marhamat. Biz Qirgʻiziston orqali oʻtkazmaymiz. Xitoydan bizni mamlakatga Tojikiston mahsulotlari kelyapti. Ular ham oʻtmaydi. Mamlakat chegara muammosini yechmaganicha bu mahsulotlar oʻtmaydi”, - deya keskin taʼkidlagan edi Qirgʻiziston davlat xavfsizlik qoʻmitasi raisi.

Ammo muzokaralardan soʻng uning natijalari haqida Qirgʻiziston tomoni ham matbuotga bayonot bermadi. Aniq maʼlumotlarning yetishmasligi jamoatchilikda turli taxminlar koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, muzokaralarda hech qanday ijobiy natijaga erishilmagan. Baʼzilar esa Tashiyevning 2020-yilning 15-martida qilgan iddaolarini esga olib, tomonlar kelishuv nuqtalariga umuman yaqinlasha olmagan boʻlishlari ham mumkinligini aytmoqda. Oʻshanda Tashiyev juda keskin va murosasiz bayonot bergan edi.

“Ochiq aytishimiz kerak, Tojikistonning hozirgi Laxsh (sobiq Jirg’atol rayoni), Murgʻob rayoni, bularning bari qirgʻizning yeri. Bu Tojikistonning toʻrtdan bir qismini tashkil etadi. Bu tarixda Qirgʻizistonning yeri ekanligini hammamiz bilamiz. Tojikistonni paydo boʻlishida Moskvadan berilgan topshiriqlar asosida bizning Jirgʻatol, Murgʻob rayonlarimiz Tojikistonga berilgan. Tojikiston Oʻzbekistonning tarkibidagi kichkina bir rayon boʻlgan. Oʻzbekistondan ajratib, Qirgʻizistondan yerlarni berib, Tojikiston mamlakatini qurganmiz. Shu qurgan davlatimiz hududimizning birligi, mamlakatimizning birligini buzgan boʻlsa, biz nima uchun qarab oʻtirishimiz kerak?”, - degan edi Qamchibek Tashiyev.

Tojikistonning Togʻli Badaxshon muxtor viloyatidagi Laxsh (sobiq Jirgʻatol) va Murgʻob rayonlarida etnik qirgʻizlar yashaydi. Ammo Tojikiston va Qirgʻiziston orasidagi bahsli hududlar Laxsh va Murgʻobdan farqli ravishda aholi zich yashaydigan va iqtisodiy jihatdan ham ancha taraqqiy qilgan Fargʻona vodiysida.

Bu yerda georgafik va maʼmuriy murakkab joylashuv hamda tabiiy resurslar tanqisligi sababli chegara chizigʻini aniqlash qiyin kechmoqda. 2002-yili ikki davlat orasida boshlangan demarkatsiya va delimitatsiya ishlari natijasida 976 kilometr uzunlikdagi umumiy chegaraning 60 foizi, yaʼni 504 kilometr boʻyicha kelishib olingan. Ammo nisbatan murakkab mintaqalar bahsli boʻlib qolayotganligi sababli chegara mojarolari choʻzilib kelmoqda.

Hatto koronavirus pandemiyasi xavf solib turgan davr – 2020-yilda ham tojik-qirgʻiz chegarasida 9 ta mojaro va toʻqnashuvlar roʻy berdi. Tojikistonda 9 qirgʻizistonlik, Qirgʻizistonda esa kamida 15 tojikistonlik chegarani noqonuniy kesib oʻtgani uchun hibsga olingan edi.

Muzokaralar oldidan, 14-mart kuni Tojikiston tomoni Qirgʻiziston fuqarolarini ozod qildi. Maʼlumotlarga koʻra, ular sud qilinib jarima solingan va sud zalining oʻzidan ozod etilgan. Ammo Qirgʻiziston tomoni 15 nafar tojikistonlikni haligacha ozod qilmagan. Baʼzilari bir necha oylardan beri Qirgʻizistonda ushlab turilgani aytilmoqda.

Tahlilchi Parviz Mullojonovning tojik-qirgʻiz chegara muammosi yaqin orada hal boʻlishiga koʻzi yetmaydi.

“Mening fikrimcha, ayni paytda pandemiya ortidan kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar davrida har ikki tomonga ham ortiqcha muammo, qoʻshimcha chiqimlar kerak emas. Yaʼni har ikki tomon ham chegara muammosidan foyda koʻrmaydi, aksincha, ortiqcha boshogʻriq. Ammo oʻylaymanki, chegara muammosi diplomatik yoʻl bilan ham yaqin orada hal boʻlmaydi”, - deydi u.

Maʼlumotlarga koʻra, Qirg'izistonda harbiy mashqlar 30-mart kunidan boshlab oʻtkaziladi va shu maqsadda 2000 nafar harbiy chegara mintaqasiga olib kelinadi
Maʼlumotlarga koʻra, Qirg'izistonda harbiy mashqlar 30-mart kunidan boshlab oʻtkaziladi va shu maqsadda 2000 nafar harbiy chegara mintaqasiga olib kelinadi

Maʼlumki, Qirgʻiziston tomoni mart oyi boshidan boshlab Tojikiston bilan qoʻshni boʻlgan Botken oblasti chegara hududlariga harbiy texnika va qoʻshimcha qurolli kuchlarini olib kelib joylamoqda. Bu amallar shu mintaqada harbiy mashqlar oʻtkazish uchun qilinayotganligi aytilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, mashqlar 30-mart kunidan boshlab oʻtkaziladi va shu maqsadda 2000 nafar harbiylar ham chegara mintaqasiga olib kelinadi.

Mullojonov fikricha, bu amal qoʻshni davlatga bosim oʻtkazish maqsadida qilinayotgan boʻlishi mumkin.

“Qirgʻiziston tomonidan harbiy kuchlarning chegaraga olib kelinishi Tojikistonda kuch bilan bosim oʻtkazish sifatida qabul qilinyapti. Ammo tojik-qirgʻiz chegara muammosini kuch bilan ham hal qilib boʻlmaydi. Yaqin orada muammoning yechimi maʼlum emas”, - deydi tahlilchi.

Tahlilchilar fikricha, oxirgi oylarda Qirgʻiziston siyosatida Tojikistonga nisbatan oʻzgarishlar sezilmoqda.

“Bu Sadir Japarov boshchiligidagi yangi hukumat chegara masalalarini oʻz foydasiga hal etish uchun richaglarni ishga solayotgan boʻlishi mumkin. Oldinroq Bishkekdagi “Dordoy” bozorida ham tojik tojirlariga bosim oʻtkazish holatlari kuzatilgan edi. Shuningdek, Kreml siyosatiga hamohang ravishda Tojikistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishga majbur qilish uchun qilinayotgan ishlar ham boʻlishi mumkin. Chunki rasmiy Bishkek mart oyi boshidan boshlab shu ittifoq aʼzosi boʻlmagan davlatlarga yoqilgʻi sotishni ham taqiqladi”, - deydi tahlilchi Joʻrabek Mahkamov.

Haqiqatan ham 2-mart kuni Qirgʻiziston Bosh vaziri Ulukbek Maripov neft va neft mahsulotlarini Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining bojxona hududidan olib chiqishni vaqtincha taqiqlaydigan qarorga imzo chekkan.

Bu qaror neft va neft mahsulotlari narxini ichki bozorda barqarorlashtirish maqsadida qabul qilingani aytilmoqda. Cheklov ichki bozor toʻldirilguncha yoki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining neft va neft mahsulotlarining umumiy bozorlari tuzilguncha kuchda boʻladi.

2021-yil boshidan Qozogʻistondan ham neft va neft mahsulotlarini eksport qilishga cheklovlar qoʻyilgan edi. Natijada Tojikistonda mart oyining boshidan boshlab benzin va solyarka narxi keskin koʻtarila boshladi. Kuzatuvlarga koʻra, oxirgi ikki haftada Tojikistonda benzin narxi 13 foizga qimmatlagan.

Mart oyining oʻrtasiga kelib, yoqilgʻi tanqisligi ham kuzatila boshlandi. Mamlakat ichidagi yoqilgʻi zaxiralari tugab, yangisi keltirilmayotganligi sababli yoqilgʻi quyish shoxobchalarining koʻpi faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlmoqda. Yoqilgʻi tanqisligi yoʻlkira va boshqa xizmat koʻrsatish hamda mahsulot narxlarining oshishiga sabab boʻlmoqda.

Tahlilchi Joʻrabek Mahmudov fikricha, Tojikiston iqtisodiy qamalga tushib qolmoqda.

“Pandemiya ortidan Oʻzbekiston bilan berkilgan chegaralar fuqarolar uchun qayta ochilgani yoʻq. Rossiya tojikistonlik mehnat muhojirlariga oʻz hududida kelib ishlashiga ruxsat bermayapti. Endi Qirgʻiziston bilan ham mahsulot olib oʻtish taqiqlandi. Bu juda tashvishlanarli holat. Bunday paytda Tojikiston kabi har qanday kichik davlatda oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar tanqisligi yoki taqchilligi kuzatiladi”, - deydi tahlilchi.

Uning fikricha, masʼullar tezroq muammolarni hal etishi lozim. Tojikistonda bunday muammolarning paydo boʻlishi, deydi Mahmudov, mamlakatning qoʻshni Qirgʻizistondan farqli ravishda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo emasligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Qirgʻiziston tomoni qoʻyayotgan talablar ham ushbu ittifoqning umumiy manfaatlari yoki ichki qoidalaridan kelib chiqqan boʻlishi ehtimoldan uzoq emas.

15-mart kuni Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov “Ozodlik” radiosining Qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti “Vladimir Vladimirovich bilan yaxshi munosabat oʻrnatgani, uchrashuvdan kutganidan ham yaxshiroq natija boʻlganligi va allaqachon hamkorliklar boshlanib ketganligi”ni taʼkidladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG