Breaking News

Kurdlar: "Islomiy davlat" jonlanish taraddudida


Suriya shimoli-sharqidagi Hasaka shahrida joylashgan qamoqxonada "Islomiy davlat" to'dasining minglab a'zolari saqlanadi
Suriya shimoli-sharqidagi Hasaka shahrida joylashgan qamoqxonada "Islomiy davlat" to'dasining minglab a'zolari saqlanadi

Suriya shimoli-sharqida AQSh quvvatlagan kurd jangchilarga ko'ra, "Islomiy davlat" qamoqdagi minglab a'zolarini qutqarish uchun harakat qilgani jiddiy signal. G'arb kontrterrorizm rasmiylari esa "Islomiy davlat" bunga erisha olishiga ishonmaydi, ammo kurdlar AQShni qo'shimcha chora ko'rishga undamoqda.

Suriya demokratik kuchlari deb ataluvchi harakat liderlarining hibsdagi "Islomiy davlat" a'zolaridan olgan ma'lumotlar va qo'lga tushgan hujjatlarga asoslanib xulosa qilishicha, guruh o'z strategiyasini yangilagan.

“Agar qamoqxonaga hujum ular istaganidek kechganida "Islomiy davlat" Hasaka shahar aholisini ham qirgan bo'lar edi. Al-Hol, al-Shadada va Deyir al-Zur singari hududlarni egallab olishni ko'zlagan", - deyiladi kurd jangchilar bayonotida.

Suriyaning Hasaka shahridagi al-Sina qamoqxonasiga hujum qilgan "Islomiy davlat" jangarilari, deya bayon qiladi AQShning kurd hamkorlari. Surat 2022-yilning 21-yanvar kuni olingan.
Suriyaning Hasaka shahridagi al-Sina qamoqxonasiga hujum qilgan "Islomiy davlat" jangarilari, deya bayon qiladi AQShning kurd hamkorlari. Surat 2022-yilning 21-yanvar kuni olingan.

“Islomiy davlat" dunyoning bu tomonida o'z qudratini qayta tiklamoqchi. Ketma-ket hujumlar qilib, hamon faol ekanini namoyon qilishga bel bog'lagan", - deydi Suriya demokratik kuchlari.

"Islomiy davlat" yangi qo'lga kiritgan yerlarini "Ikkinchi Islomiy davlat" deb nomlashni rejalagan.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan AQSh rasmiylari bu to'da xalifalik sifatida jonlanishiga ishonmaydi, lekin terror guruhi sifatida hamon xavf tug'dirishini tan oladi.

"Mahalliy sharoit ularning qaytishiga yo'l bermaydi", - deydi ism-sharifini bildirilmaslikni so'ragan rasmiy.

Lekin xavfsizlik va razvedka idoralari nazarida "Islomiy davlat" Suriya va Iroqda kuch yig'ishga harakat qilmoqda.

Hasakadagi hujumda ustun kelganida "Islomiy davlat" 4000 a'zosini qamoqdan chiqargan bo'lar edi, deydi mutasaddilar. Amaliyotda katta sonda jangarilar ishtirok etgani ham kurdlarni yanada sergak torttirgan.

Bu operatsiya bilan "Islomiy davlat" o'z tarafdorlariga nimaga qodir ekanini ko'rsatdi, deydi kontrterrorizm ekspertlari.

To'da qishloq aholisi ko'nglini ovlamoqda. Ishsizlik va qashshoqlikda qiynalayotgan odamlar ularga qo'shilishi mumkin. Kurdlar qo'lidagi mahbuslarning ko'pi qishloqlardan.

Suriyaning Hasaka shahridagi qamoqxona, 23-yanvar, 2022
Suriyaning Hasaka shahridagi qamoqxona, 23-yanvar, 2022

AQSh razvedkasining "Islomiy davlat" yaqin orada yana bunday katta amaliyot qilishiga ko'zi yetmaydi.

"Iroq va Suriyada bu terroristlar uzoq muddatli maqsadlarga ega. Ular tarafdorlarini ko'paytirishga bel bog'lagan", - deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan rasmiy.

26-yanvar kuni Hasakada qamoqxona yonida bir mashina portlatilgan. Qariyb 300 jangari keyin turmani qurshovga olgan. Kurdlarning aytishicha, 90 ga yaqin mahbus chiqib ketishiga sal qolgan.

Suriya demokratik kuchlariga ko'ra, to'qnashuv 374 kishining o'limi bilan barham topgan. Halok bo'lganlarning aksariyati "Islomiy davlat" jangarilari.

Hasaka, Suriya, 22-yanvar, 2022
Hasaka, Suriya, 22-yanvar, 2022

Qamoqxonaning 77 qo'riqchisi va bir ma'muri nobud bo'lgan. Kurd jangchilaridan esa 40 nafari hamda to'rt fuqaro o'lgan.

Boshida tasodifiy jarayon deb hisoblangan voqea aslida jiddiy bir reja asosida olib borilgani ayon bo'ldi, deydi kurdlar.

Qamoqdan mahbuslar ozod etilishi bilanoq ularni qurol va o'q-dori bilan ta'minlash uchun katta yuk mashinalari ham keltirilgan. Bu vositalar turma darvozalarigacha yetib kelgan.

Zona yaqinidagi xonadonlar ichidan yashirin yerosti yo'llar va tunnellar qazilgan. Bu amaliyot ustida uzoq payt mehnat qilingan, lekin Hasakadagi xavfsizlik kuchlari buni sezmagan, bunday harakatlardan ogoh bo'lmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG