Breaking News

Bayden davrida AQSh havo hujumlari keskin kamaygan


Uzoqdan AQSh havo hujumlarini kuzatayotgan afg'onlar, Nangarhor viloyati, 7-iyul, 2018
Uzoqdan AQSh havo hujumlarini kuzatayotgan afg'onlar, Nangarhor viloyati, 7-iyul, 2018

AQSh qurolli kuchlari 2021-yilda 2020-yilga qaraganda ikki baravar kamroq havo hujumlarini amalga oshirgan. Afg'onistondagi harbiy missiyani yakunlab, u yerdan qo'shinlarni olib chiqish buning asosiy sababi, deydi mutaxassislar.

Amerika harbiylari o'tgan yili Afg'oniston, Iroq, Suriya va Somalida jami 510 havo amaliyoti o'tkazgan. 2020-yilda ular 987 ta mana shunday operatsiyani amalga oshirgan.

"Amerika Ovozi" aniqlashicha, bu ro'yxatga kirmay qolgan holatlar ham bo'lishi mumkin. Hali Markaziy qo'mondonlik amaliyotlari haqida ham ma'lumotlar to'liq emas.

Shahzoda Sulton havo bazasi, al-Xarj, Saudiya Arabistoni, 20-fevral, 2020
Shahzoda Sulton havo bazasi, al-Xarj, Saudiya Arabistoni, 20-fevral, 2020

Jo Bayden prezidentlikni boshgaganida tashqi siyosatni yangilashga, harbiy strategiyani qayta ko'rib chiqishga so'z bergan.

Mudofaa masalalari bo'yicha tahlilchi Maykl Ohanlon deydiki, AQSh havo hujumlarining kamayishiga Afg'onistondan chiqish bir sabab bo'lsa, Iroq va Suriyada vaziyat ancha barqarorlashgani boshqa bir omil. Bu mamlakatlarda "Islomiy davlat"ga qarshi choralar ish berayotgandek, deydi Ohanlon.

Amerika 2021-yilning 31-avgustida butkul ketganidan beri Afg'onistonda biror operatsiya olib bormagan.

Lekin Pentagon, zarur topilsa, Afg'onistonda terroristlarga qarshi chetdan turib ham zarba berishga tayyor ekani haqida ogohlantirib keladi. Oxirgi marta Afg'onistonda AQSh o'tgan yilning 27-avgustida havo hujumi qilgan. Bir kun oldin jangarilar xurujida 13 amerikalik harbiy va o'nlab afg'onlar o'lgan edi.

Iroq va Suriyada AQSh va uning ittifoqchilari 2021-yilning 9-dekabrida jangovar missiyani yakunlagan. "Islomiy davlat" tor-mor qilinganiga to'rt yil bo'ldi, deydi qo'mondonlar, ammo Eron homiyligidagi terror to'dalari vaqti-vaqti bilan nishonga olinadi.

Harbiy tahlilchi Bredli Bauman deydiki, Tehron bilan til topishishga urinayotgan Bayden ma'muriyati Eron boshqa tomondan terrorizmni quvvatlayotganini hisobga olmayapti. "Bu to'dalar hozir ancha kuchlangan, biroq Prezident Bayden diplomatiya va harbiy qudrat orasidagi aloqani tushunmaydi", - deydi Bauman.

Somalida al-Shabab terrorchilariga qarshi AQSh hujumidan keyingi manzara, 5-noyabr, 2016
Somalida al-Shabab terrorchilariga qarshi AQSh hujumidan keyingi manzara, 5-noyabr, 2016

Donald Tramp prezidentligi davrida Amerika al-Qoida bilan aloqador guruhlarni, Somali va Yamandagi terror tizimlarini tinimsiz nishonga olgan edi. 2020-2021 yillarda AQSh Yamanda bunday amaliyotlar qilmagan.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Pentagon qator hollarda hujumlar haqida to'g'ri ma'lumot bermagan, jumladan qancha odam o'lgani xususida.

Masalan Iroqning Mosul shahrida 30 dan ziyod inson halok bo'lgan voqeada AQSh harbiylari bu hududni aniqlay olmadik, deya qurbonlar sonini qayd etmagan.

Pentagon nuqsonlarni tuzatishni va'da qilgan. Xatolar tekshirilmoqda, deydi rasmiylar.

Vazirlik matbuot kotibi Jon Kirbi "Amerika Ovozi' ning bu boradagi savollariga javob berar ekan, "natijalar tabiiyki, oshkor qilinadi", deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG