Breaking News

G’ani Afg’onistondan qop-qop dollar bilan qochgani haqidagi da’volar tekshirilmoqda


Afg’oniston sobiq rasmiylaridan biri bu davlatning sobiq rahbari Ashraf G’ani o’tgan yili Kobulni tark etayotganda o’zi bilan 150 million dollar naqd pul olib ketgani haqidagi savollarga javob berdi. AQSh bu iddaolarni hanuz tekshirmoqda.

G’anining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi bo’lgan Hamdulla Mohib 2021-yilning dekabrida Virjiniya shtatida Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) Jon Sopko bilan ixtiyoriy ravishda uchrashganini, korrupsiya bilan bog’liq savollarga javob berganini aytmoqda.

“[SIGAR] agentligiga bank hisob raqamlarim, mol-mulkim haqidagi barcha ma’lumotni berdim”, - deydi Mohib.

U o’tgan yilning avgustida Tolibon Kobulga kirganida G’ani bilan bir samolyotda Afg’onistonni tark etgan, har ikkisi bir muddat Abu-Dabida yashagan. Mohib SIGAR tergovchilari bilan hamkorlikni davom ettirishini aytadi.

Hamdulla Mohib, Ashraf G’anining milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi
Hamdulla Mohib, Ashraf G’anining milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi

Afg’on hukumati qulagunga qadar AQSh uning eng yirik donori edi. Kongress talabiga binoan, SIGAR Ashraf G’ani Afg’onistondan qochayotganda o’zi bilan millionlab dollar mablag’ni olib ketgani haqidagi da’volarni tekshirmoqda.

“Tekshiruv o’tkazayotganimiz bu da’volar rost yoki yolg’on ekanini anglatmaydi”, - deydi Sopko.

Naqd pul G’anining samolyotiga ortilgani haqidagi ilk ma’lumotni Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi tarqatgan. Bundan tashqari AQSh tergovchilari boshqa savollarga ham javob izlamoqda: Afg’oniston hukumati nega tez quladi? Mamlakat qurolli kuchlari nima uchun tezda barbod bo’ldi? Qurollarga, oxirgi kunlargacha jo’natilgan pullar va yoqilg’iga nima bo’ldi?

SIGAR bu borada maxfiy hisobot tayyorlab, mart yoki aprel oylarida Kongressga uzatadi.

G’ani bilan suhbat qilinmagan

Fozil Fazliy ham Afg’oniston sobiq rahbarining eng yaqin yordamchilaridan biri edi. U ham Kobulni G’ani bilan bir samolyotda tark etgan, hozir Shvetsiyada yashaydi. Fazliy G’ani bilan aloqada. SIGAR hozircha sobiq prezident bilan ham, men bilan ham gaplashgani yo’q, deydi u.

Afg’onistonni tark etganidan uch kun o’tib e’lon video murojaatida Ashraf G’ani o’zi bilan naqd pul olib ketgani haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etgan, BMTni bu masalada mustaqil tergov boshlashga chaqirgan edi.

Fozil Fazliy korrupsiyaga aloqador emasligini isbotlash uchun SIGAR bilan hamkorlikka tayyor, ammo u ishlagan afg’on hukumati korrupsiyaga botganini tan oladi.

“Korrupsiya bo’lmagan deyish jinnilik bo’ladi. SIGAR olib borayotgan tekshiruv obyektiv, keng qamrovli bo’lishi kerak”, - deydi u.

Fozil Fazliy korrupsiyaga aloqador emasligini isbotlash uchun SIGAR bilan hamkorlikka tayyor
Fozil Fazliy korrupsiyaga aloqador emasligini isbotlash uchun SIGAR bilan hamkorlikka tayyor

Hamdulla Mohib va Fozil Fazliy fikricha, G’ani qop-qop dollar bilan qochgani haqidagi gaplar Ashraf G’anini badnom qilish uchun tarqatilgan.

“Moskvaning Prezident G’ani bilan munosabatlari o’ta salbiy edi. Hatto Markaziy Osiyoning ba’zi rahbarlari ham uni G’arb imperialisti deb atagan”, - deydi Fazliy.

Naqd pul

Bilishimizcha, deydi Mohib va Fazliy, afg’on prezidenti saroyida katta miqdorda pul saqlanmagan.

G’anidan oldingi prezident Hamid Karzay uning idorasiga AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi (MRB) va Eron hukumati qoplarda pul yetkazganini tan olgan edi. G’ani esa uning idorasi hech bir davlatning razvedkasidan pul olmaganini bir necha bor ta’kidlagan.

G’ani davlat mablag’larini nazorat qilish bo’yicha vakolatlarini hukumat qo’mitasiga topshirganini, AQSh va NATOning afg’on armiyasini moliyalashtirish bo’yicha shartnomalari ustidan hech qanday vakolatga ega bo’lmaganini da’vo qiladi.

Boshqalarning ta’kidlashicha, prezident moliyadan foydalanishi uchun uni shaxsan qabul qilgan bo’lishi shart emas.

AQSh taraqqiyot uchun ajratgan mablag’ning kamida 15,5 milliard dollari isrofgarchilik va firibgarlik natijasida yo’q qilingan.

“Afg’oniston bankida pul bor edi”, - deydi Said Ikrom Afzaliy, korrupsiya holatlarini kuzatuvchi “Integrity Watch Afghanistan” tashkiloti rahbari.

Afg’oniston markaziy banki qarorgohi Kobul markazida, prezident saroyiga tutash bo’lib, mablag’ va qimmatbaho buyumlar shu binoda saqlangan.

“Markaziy bankdan saroyga pul olib kelish qiyin ish emas, ayniqsa bank rahbari G’anining malayi bo’lsa”, - deydi Afzaliy.

AQSh fuqarosi Ajmal Ahmadiyning nomzodini parlament bir necha bor rad etgan bo’lsa-da, deydi Afzaliy, G’ani uni markaziy bank rahbari lavozimida saqlab turgan.

Ajmal Ahmadiy hozirda Garvard universitetining Kennedi maktabida katta ilmiy xodim. U elektron pochta orqali yo’llangan savollarga javob bermadi.

“Afg’onistonda korrupsiya bir kungina sodir bo’lgani yo’q. E’tibor faqatgina 15-avgustda bo’lmasligi kerak. Katta miqdordagi pullar Afg’onistondan yillar davomida olib chiqib ketilgan, yuqori lavozimdagilar respublikaning oxirgi kunigacha kutib o’tirmagan”, - deydi Afzaliy.

Javobgarlik

Braun universitetining “Urush xarajatlari” loyihasiga ko’ra, AQSh 2001-2021 yillar orasida Afg’onistondagi urush uchun 2 trillion dollardan ziyod mablag’ sarflagan, jumladan taraqqiyot loyihalari uchun 140 milliard dollar.

SIGAR tekshiruvlari shuni ko’rsatmoqdaki, AQSh taraqqiyot uchun ajratgan mablag’ning kamida 15,5 milliard dollari isrofgarchilik va firibgarlik natijasida yo’q qilingan.

Hamdulla Mohib deydiki, AQSh ta’minlagan moliya va kontraktrlar orqasidan boylik orttirgan shaxslar hozir dunyoning turli burchaklarida erkin yashamoqda.

Hukumat qulaganidan beri o’n minglab afg’onlar, jumladan sobiq amaldorlar, boshqa davlatlarda boshpana oldi.

“[Sobiq hukumat amaldorlari] javobgarlikka, sudga tortilishi kerak, – dedi Afg’onistonning BMTdagi hozirgi muvaqqat vakili Nosir Ahmad Fayiq Xavfsizlik Kengashi yig’inida. – Afg’onistonda 38 million odam ochlikda yashayotgan, onalar tirikchilik deb farzandini sotayotgan bir paytda, sobiq rasmiylar Yevropa va AQShda hashamatli uy-hovlilarda yashayotgani adolatdan emas”.

SIGAR tekshiruvlari ba’zi shaxslar va kompaniyalarning AQShda sudga tortilishiga, ularga ayblovlar qo’yilishiga olib kelgan. Ilgari AQShning hamkori sifatida e’tirof etilgan sobiq afg’on rasmiylar firibgarlik va korrupsiyada aybdor deb topilgan taqdirda, SIGAR jinoiy ish qo’zg’atadimi, yo’qmi, bunisi aniq emas.

“Mamlakatdan pul olib chiqish masalasida faqat Prezident G’anini emas, boshqalarni ham tekshiryapmiz”, - deydi Jon Sopko “Amerika Ovozi” savollariga javoban.

AQShda joylashayotgan afg’on qochqinlar dardi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:07 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG