Breaking News

Tolibon qizlarning o'qishiga to'sqinlik qilmoqda


Hirot maktablaridan biri, 25-noyabr, 2021: Oltinchi sinfdan keyin qizlar bilim olish imkoniyatiga ega emas
Hirot maktablaridan biri, 25-noyabr, 2021: Oltinchi sinfdan keyin qizlar bilim olish imkoniyatiga ega emas

Tolibonga ko'ra, qizlarni o'qitmaslik diniy tamoyillarga asoslanadi. Ammo islom olimlari deydiki, musulmonlar ilm izlashi shart va dinda bunday jinsiy ajratishga yo'l qo'yilmaydi.

Hozirda Afg'onistonda qizlar oltinchi sinfgacha o'qiy oladi xolos, agar buning uchun sharoit yaratilgan bo'lsa. Aks holda ular bu huquqdan ham mahrum.

Tolbonning diniy rahnamosi Hibatulla Oxundzoda siyosatni tushuntirmaydi. Lekin Kobuldagi rahbarlarning aytishicha, Oxundzoda ruxsat bersagina qizlar yuqori sinflarda o'qiy boshlaydi.

Afg'onistonda ko'plab ulamolar va ziyolilar qizlarning maktabga qatnashi jamiyat kelajagi uchun suv va havodek zarur, deya undashiga qaramay, Tolibon qarorini o'zgartirmayapti.

"Islom xotin-qizlarning ziyo izlashi, ilm olib, hunar o'rganishini targ'ib qiladi", - deydi Kobulda bu huquqni talab qilayotgan faollar, hukumatga murojaatida.

Afg'oniston poytaxtida bunday talablar va namoyishlar tinmayapti.

Jahonning yetakchi dinshunoslari va taqvodorlari Tolbonni ayollarni ezib, qizlarni istiqboldan ayirayotganlikda ayblab, muvaqqat hukumatni zudlikda maktablarni to'liq ochishga undamoqda.

"Bilim olishda qizlarni ajratish, ularni kamsitish islomda yo'q", - deydi Shayx Faqirulla Faiq, taniqli afg'on dinshunosi.

Oxundzoda, uning tarafdorlariga ko'ra, islomni "zamonaviy olimlardan" boshqacha talqin qiladi va "uning yondashuvi Afg'oniston uchun eng ma'qul yo'ldir".

Qandahorda qizlar o'zlari uyda ilm olmoqda, 22-mart, 2022
Qandahorda qizlar o'zlari uyda ilm olmoqda, 22-mart, 2022

Islomiy hamkorlik tashkiloti Oxundzoda qarorlarini qoralagan. Ko'plab hukumatlar nazarida, qizlarning o'qishini taqiqlashni noinsoniy munosabatdir.

Mart oxirida maktablar qizlar uchun ochilishi kutilgan edi, ammo Tolibon yana bunga yo'l qo'ymadi. Yangi o'quv yilida ilm dargohlari faqat o'g'il bolalar uchungina ochiq. Bu maskanlar aslida Afg'onistonning qator hududlarida xarob ahvolda yo umuman yo'q.

"Qur'onda Tolibon keltiradigan talablar yo'q", - deydi Harun Imtiyoz, Shimoliy Amerika Islomiy jamiyati vakili. "Musulmonlar, erkak yo ayol, bilim olishi shart".

Asossiz va adolatsiz taqiqlar qo'yish aslida islomga ziddir, deydi olimlar va faollar.

Kobul maktablari o'tgan kuzda qizlar uchun ochiq edi, hozir esa yopilgan
Kobul maktablari o'tgan kuzda qizlar uchun ochiq edi, hozir esa yopilgan

Fuqaro huquqlari va islom bo'yicha mutaxassis Zaynab Chodriy deydiki, Tolibon harakatlari islomiy emas, qabilaviy udumlardir.

"Bunday no-islomiy yondashuv ildizi Afg'onistonda azaldan erkaklar boshqargan qabilaviy tizimlarga borib taqaladi".

Afg'onistonda xotin-qizlar salomatligi o'ta zaif, savodsizlik darajasi yuqori, ular muntazam ravishda ezilib, jamiyatdan uzoqlashtirilishi afg'onlarning diniy emas, qabilabiy mentaliteti mahsulidir, deya xulosa qiladi Chodriy kabi ziyolilar.

Harun Imtiyoz qayd etadiki, Muhammad payg'ambar musulmonlarni ayollarni e'zozlashga undagan. Xotin-qizlarga g'amxo'rlik qilib, ularga imkoniyat yaratish iymondandir, deya nasihat qilgan.

Tolibon rahbariyati o'z siyosati yuzasidan hech kimga javob bermaydi va qarorlarini biror tomondan tasdiqlatish majburiyatiga ega emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG