Breaking News

AQShda oq va qora tanlilar orasidagi tafovut hamon katta


Yangi izlanishga ko’ra, bugungi Amerikada qora tanlilar qator muammolar bilan yuzlashmoqda, jumladan iqtisodiy boylik orttirishda to’siqlar, ovoz berish huquqlari toptalishi, irqiy tengsizlik va pandemiyaning aholining bu qatlamiga nomutanosib ta’siri.

Milliy shahar ligasi nomli tashkilotning “Qora Amerika ahvoli”ga bag’ishlangan yillik hisobotida yozilishicha, 2005-yildan buyon iqtisodda va hayot davomiyligi bo’yicha afro-amerikaliklar birmuncha yutuqlarga etishgan, ammo ta’lim, ijtimoiy adolat va fuqaroviy faollikda ular oq tanlilardan orqada.

“Qora Amerika ahvoli” – bu butun mamlakatdagi ahvolga sharh”, - deydi tashkilot prezidenti Mark Morial.

Hisobotga ko’ra, 2022-yilda qora tanlilarning oq amerikaliklarga nisbatan tenglik indeksi besh kategoriya bo’yicha 73,9 foizni tashkil qiladi: iqtisodiy status, sog’lik, ta’lim, ijtimoiy adolat va fuqaroviy faollik. Bu ko’rsatkich 2020-yil indeksi bilan qiyoslaganda 0,2 foizga yaxshiroq, ammo afro-amerikaliklar qator parametrlar bo’yicha oqlardan orqada.

“Boylik haqida gapirganda, 1960-yillardan buyon hech qanday o’zgarish bo’lgani yo’q. O’rtadagi tafovut kengayib bormoqda”, - deydi Morial.

Afro-amerikalik oilalarning o’rtacha daromadi 37 foizga pastroq, hayot davomiyligi esa qariyb 75 yil, ya’ni oq tanlilarga qaraganda to’rt yilga kamroq. Qora tanli ayollarning tug’ruq paytida o’lish ehtimoli 59 foiz yuqori, saratondan vafot etishi ehtimoli esa 31 foizga ko’proq.

2020-yildan buyon ba’zi o’zgaruvchan tendensiyalar ham kuzatilmoqda. Malasan, qora tanli talabalarning oq tanli tengdoshlariga qaraganda o’z joniga qasd qilish haqida o’ylash ehtimoli kamroq. Chaqaloqni emizish darajasidagi farqlar ham kamaygan.

Sog’liqni saqlash va salomatlik haqida gap ketganda, umuman olganda oq tanlilarga oid ko’rsatkichlar yaxshiroq. Qora tanli aholi pandemiyadan ko’proq ziyon ko’rgani aniqlangan.

Adliya va ovoz berish huquqi

Izlanishda AQSh adliya tizimidagi irqiy tengsizlikka alohida e’tibor qaratilgan. Politsiya to’xtatganida qora tanlilarga nisbatan kuch ishlatilishi ehtimoli oqlarga qaraganda ikki karra ko’proq.

Shuningdek, Adliya vazirligining statistik ma’lumotlariga qaraganda, afro-amerikaliklar hibsga olingan taqdirda, qamoqqa tushishi ehtimoli uch barobar yuqoriroq.

Hisobotda “Demokratiyani yo’q qilish fitnasi” sarlavhasi ostida AQShda ovoz berishni qiyinlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar tasvirlab berilgan. So’rovlarga ko'ra, aksar qora tanli amerikaliklar ijtimoiy va irqiy adolatga erishish masalalarida ovoz berish kuchiga ishonadi.

2021-yilda respublikachilar hukmron 19 shtat ovoz berish uchun yangi talablar qo’yuvchi, ovoz berish vaqtini cheklovchi qonunlar qabul qilgan.

Respublikachilar maqsad shunchaki firibgarlikning oldini olish va saylovlar ishonchli o’tishini ta’minlash ekanini ta’kidlaydi. Demokratlar va huquq tashkilotlari nazarida esa yangi qonunlar afro-amerikaliklar va boshqa ozchilik guruhlarning ovoz berish huquqiga salbiy ta’sir ko’rsatadi.

“Suratli guvohnoma, yakshanba ovoz berishni yo’q qilish yoki cheklash, pochta orqali yoki erta ovoz berishni bekor qilish, saylov uchastkalarini kamaytirishga qaratilgan qonunlar afro-amerikaliklar gardaniga og’ir yuk bo’lib tushadi”, - deydi Morial.

Faollar Adliya vazirligini butun mamlakat bo’ylab erkin va adolatli saylovlarni ta’minlashga chaqirmoqda. Ammo AQSh Oliy sudining 2013-yilgi qaroriga binoan saylovlarga oid diskriminatsion siyosati bilan tanilgan shtatlar o’z qonunlariga o’zgartirishlar kiritishi uchun Adliya vazirligidan ruxsat so’rashi shart emas. Shu bois vazirlik vakolatlari cheklangan.

Tarixan saylovlarni qanday o’tkazish shtatlarning o’ziga havola. Respublikachi qonunchilar ovoz berish qoidalarini federal miqyosda bir xil qilib belgilash to’g’risidagi har qanday taklifga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG