Breaking News

Ukraina urushi ortidan AQSh-Turkiya aloqalari yaxshilanishi mumkin


Turkiyaning Ukraina bosqini munosabati bilan Rossiyaga qarshi tutgan qat’iy pozitsiyasi NATOdagi ittifoqdoshi AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga turtki bo’lmoqda.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Ukraina urushini keskin qoraladi. Shu bilan birga, Anqara Moskva tanqidlariga qaramay, Rossiya kuchlariga halokatli zarba berayotgan “Bayraktar” dronlarini Ukrainaga sotishda davom etmoqda. Anqara aksariyat rus harbiy kemalari uchun Qora dengizga o’tish yo‘lini ham yopdi. Vashington bu harakatlarning barchasini olqishladi.

Yevropa Kengashining katta ilmiy xodimi Asli Aydintashbashning aytishicha, Turkiyaning pozitsiyasi AQSh-Turkiya munosabatlarini qayta tiklash uchun imkoniyat yaratadi.

“Bu, albatta, Ukraina urushidan oldin boʻlmagan barqarorlik va oʻzaro hamkorlik darajasini joriy qildi, - dedi Aydintashbash. - Bayden maʼmuriyati Turkiyadagi avtoritar boshqaruv tabiati tufayli Erdogʻandan uzoqlashish siysoatini olib borayotgan edi. Chunki ikki tomonlama munosabatlarda hal qilinmagan ko'plab muammolar bor edi".

Yaxshiroq aloqalar uchun asos

Yuqori martabali amerikalik diplomatlar Ukraina mojarosi boshlanganidan beri Turkiyaga bir necha bor tashrif buyurdi.

NATO ittifoqchilari o'rtasidagi munosabatlar, xususan, Erdo'g'anning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan yaqin munosabatlari tufayli ham taranglashgan edi.

Anqaraning Rossiyadan “S-400” mudofaa tizimini sotib olishi Amerika sanksiyalarini keltirib chiqardi va Turkiyaga harbiy samolyotlarni sotish taqiqlandi. Aydintashbashga ko’ra, Anqara Amerikaning “F-16” qiruvchi samolyotlarini sotib olish uchun sanksiyalarni yumshatishga intilmoqda.

“Men gaplashgan turk rasmiylariga ko’ra, Anqara ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish uchun nimadir berilishini so’ramoqda. Shunday qilib, “F-16”larning sotilishi bu maqsadga javob beradi. Turkiya harbiy-havo kuchlarida allaqachon “F-16”lar juda ko'p. Ammo so'nggi bir necha yil davomida mavjud sanksiyalar tufayli ular uchun ehtiyot qismlar topish va qo’shimcha xaridlar qilish imkoniyati bo’lmadi. Menimcha, “F-16” har ikki tomon uchun yaxshi formuladir.

Tahlilchilarga ko'ra, qo'shni va raqib Gretsiya mudofaa salohiyatini kuchaytirish bilan jiddiy shug'ullanayotgan bir paytda Anqara o'zining eskirgan reaktiv qiruvchi samolyotlaridan tobora ko'proq xavotirda.

Erdo‘g‘an AQSh prezidenti Jo Bayden bilan suhbatda qiruvchi samolyot sotib olish masalasini yana ko‘targan.

AQSh Kongressidagi to'siqlar

AQShdagi tashqi siyosat tadqiqot institutining tadqiqotlar bo’yicha direktori Aaron Steynga ko’ra, mudofaa savdosi jiddiy to'siqlarga duch kelishi mumkin.

“Kongressning Turkiyaga qurol savdosini qoʻllab-quvvatlash pozitsiyasi nuqtai nazaridan, haligacha pessimizm uchun sabab bor, - dedi u. - Senatning Tashqi aloqalar qoʻmitasi muhim aʼzolari [Robert] Menendez va [Jeyms] Rishning ikkalasi ham Turkiya “S-400”dan voz kechmasa, “F-16” savdosi imkonsizligicha qolishini aytgan”.

"Endi vaziyat o'zgarishi mumkin. Bayden ma'muriyati bu senatorlarga bosim o'tkazishga urinadi, buni ko'ramiz”, - deya qo’shimcha qildi Steyn.

Erdo‘g‘on Rossiyaning “S-400” mudofaa tizimi muloqot shartlaridan biri bo’lmasligini ta’kidladi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li kelasi oy Vashingtonga Davlat kotibi Antoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazadi. Uchrashuvlarda bu mavzu kun tartibidagi eng muhim masala bo‘lishi kutilmoqda.

Prezidentlar uchrashuvi oldidan AQSh-Turkiya aloqalariga nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG